Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan 2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hududlar va bandlik yoʻnalishlari (tarmoqlari) boʻyicha 2014-yilda 983,6 mingta yangi ish oʻrinlari tashkil etish borasida zarur chora-tadbirlar koʻrsin;
2011 — 2015-yillarda sanoatni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi dasturni, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturlarini, Investitsiya dasturini, Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini hamda industrial rivojlanish hududiy dasturlarini amalga oshirishni davom ettirish hisobiga demografik rivojlanishning oʻziga xos xususiyatlarini, mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan yoshlarni ishga joylashtirish, mehnat bozorining joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini, sanoat, qurilish, qishloq xoʻjaligi hamda iqtisodiyotning boshqa sohalari, xizmatlar koʻrsatish va servis sohasi, kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik korxonalarining rivojlanishi munosabati bilan ishchi kuchiga boʻlgan talabni inobatga olgan holda 2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining amalga oshirilishini taʼminlasin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
tegishli hududda 2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining asosiy yoʻnalishlari va parametrlari bajarilishini taʼminlasin;
tarmoqlarni va respublika hududlarini rivojlantirish, oilaviy va xususiy tadbirkorlikni tashkil etish boʻyicha qabul qilingan barcha qonun hujjatlari ijrosini taʼminlagan holda, mehnat bozorida faol chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan ishsizlarni, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini, muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslarni, iqtisodiyotda yuz bergan tuzilmaviy oʻzgarishlar oqibatida ishidan mahrum boʻlgan fuqarolarni, nogironlarni, koʻp bolali va yolgʻiz shaxslarni, odam savdosidan jabrlanganlarni kasbga qayta tayyorlash hamda ishga joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish orqali ishsizlikning oldini olishga alohida eʼtibor qaratsin;
mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari hamda mustaqil ravishda ishga joylashish uchun ish joyini tanlash boʻyicha bepul maslahatlar berilishini taʼminlasin;
barcha viloyat markazlarida, yirik shaharlar va tumanlarda potensial ish beruvchilar ishtirokida ixtisoslashtirilgan ish oʻrinlari yarmarkalarini tashkil etsin hamda oʻtkazsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi:
mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish hududiy organlari faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, ish qidirishning modifikatsiyalangan dasturlaridan, vazirlik hamda uning hududiy organlari rasmiy veb-saytlaridan foydalanish orqali faol ish izlayotgan fuqarolarni ishga joylashtirishda koʻmaklashsin;
mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga muvofiq oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalarini bitirgan yoshlarni, davlat grantlari boʻyicha taʼlim olgan oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilarini, shuningdek odam savdosidan jabrlanganlarni ishga joylashtirish boʻyicha qoʻshimcha kafolatlarni taʼminlasin;
Dastur respublika tumanlari va shaharlari, tarmoqlar va aniq korxonalar kesimida amalga oshirilishini haqiqiy vaqt rejimida vazirlikning elektron axborot tizimidan foydalangan holda tizimli va muntazam monitoring qilinishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonunchilik palatasiga har chorakda 2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi umumlashtirilgan axborot hamda zarur materiallarni taqdim etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonunchilik palatasi qoʻmitalari nazorat-tahlil tadbirlarini oʻtkazish chogʻida 2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining asosiy yoʻnalishlari va parametrlarini bajarish masalalariga alohida eʼtibor qaratsin, ularning yakunlari boʻyicha Dasturning samarali amalga oshirilishini taʼminlashga doir takliflar ishlab chiqsin va tavsiya etsin.
6. Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi mazkur qarorning ijrosi nazorat qilinishini taʼminlasin.
7. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
8. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2013-yil 20-noyabr,
774-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-y., 11-son, 305-modda)