Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan taqdim etilgan Budjetnomani hamda muhokama qilish davomida qonunchilik palatasi deputatlarining fikr-mulohazalari va takliflari hisobga olingan holda maromiga yetkazilgan Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti loyihasini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti hamda 2014-yilga moʻljallangan soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari Davlat budjeti taqchilligining eng yuqori darajasi yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,0 foiz miqdorida belgilangan holda qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati:
aholining daromadlarini va turmush darajasini oshirishga qaratilgan makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va iqtisodiyot oʻsishining barqaror yuqori surʼatlarini taʼminlashga doir zarur chora-tadbirlarni koʻrsin;
ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash koʻlamlarini jadallashtirish va kengaytirish, yoʻl-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini ildam rivojlantirish, shuningdek ijtimoiy sohaning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va mustahkamlash boʻyicha dasturlar amalga oshirilishini taʼminlasin;
qishloq joylarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasining jadal rivojlantirilishini, eng avvalo, qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash uchun tarmoqlar hamda inshootlar qurilishi va rekonstruksiya qilinishini taʼminlasin;
iqtisodiyotga tushadigan soliq yukini kamaytirish va xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan soliq maʼmuriyatchiligini soddalashtirish boʻyicha ishlarni davom ettirsin;
mintaqalarning daromad bazasini oshirish va ularning subvensiyalarga tobeligini kamaytirish maqsadida budjetlararo munosabatlarni maqbullashtirsin;
yangi obyektlarni ishga tushirish, sanoat, qurilish, xizmatlar koʻrsatish va servis sohasidagi amaldagi ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, qayta jihozlash hamda ulardan toʻlaroq foydalanish, infratuzilma, kommunikatsiya va uy-joy qurilishi koʻlamlarini kengaytirish, kichik biznes, xususan, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik imkoniyatlarini kengaytirish hisobiga 2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi soʻzsiz bajarilishi yuzasidan zarur chora-tadbirlarni koʻrsin;
ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya toʻlovlari va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam koʻrsatishning oʻz vaqtida moliyalashtirilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin;
budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi hamda ushbu mablagʻlarning asossiz sarflanishini bartaraf etish chora-tadbirlari koʻrilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
3. Mahalliy davlat hokimiyati organlari Davlat budjetining parametrlari soʻzsiz bajarilishini, mahalliy budjetlarning xarajatlari sifatli rejalashtirilishi va oʻz vaqtida moliyalashtirilishini, budjet tashkilotlari tomonidan budjet mablagʻlarining maqsadsiz va qonunga xilof ravishda sarflanishining oldi olinishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi qoʻmitalari xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining tegishli deputatlar guruhlari bilan birgalikda Davlat budjeti mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishiga alohida eʼtibor qaratsin, shuningdek oʻtkazilgan nazorat tadbirlarining yakunlari yuzasidan Davlat budjetining ijro etilishiga taʼsir koʻrsatadigan qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflar oʻz vaqtida kiritilishini taʼminlasin.
5. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
6. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2013-yil 14-noyabr,
770-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-y., 11-son, 303-modda)