O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
MAHALLIY SANOATNI BOShQARIShNI TAKOMILLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mahalliy sanoatni boshqarishni yanada takomillashtirish, xususiylashtirishni chuqurlashtirish va raqobatchilik muhitini vujudga keltirish, bozorning xalq iste’mol mollari bilan to‘ldirilishi uchun mahalliy hokimiyat organlarining mas’uliyatini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining, “Mahalliy sanoat” hududiy sanoat-savdo konsernlarining:
“Mahalliy sanoat” Davlat korporatsiyasini tugatish;
mavjud “Mahalliy sanoat” hududiy sanoat-savdo konsernlari negizida respublika (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), viloyatlar va Toshkent shahar “Mahalliy sanoat” ishlab chiqarish-savdo aksionerlik kompaniyalarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, “Mahalliy sanoat” hududiy ishlab chiqarish-savdo aksionerlik kompaniyalari:
“Mahalliy sanoat” hududiy sanoat-savdo konsernlarining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorislari hisoblanadi hamda ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlari shaklida ta’sis etiladi;
o‘z faoliyatida tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hisob beradilar;
o‘z faoliyatini qatnashchilarning umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlanadigan hududiy kompaniya Ustaviga muvofiq amalga oshiradilar.
3. “Mahalliy sanoat” hududiy ishlab chiqarish-savdo aksionerlik kompaniyalari zimmasiga quyidagi asosiy vazifalarni hal etish yuklansin:
kompaniya tarkibiga kirgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini muvofiqlashtirish va marketing faoliyati, moddiy-xomashyo resurslarini sotib olish, ishlab chiqariladigan mahsulotni eksport qilish, korxonalarni texnika bilan qayta jihozlash va rekonstruksiyalash, shu jumladan xorijiy sarmoyani jalb etish asosida qaytadan jihozlash hamda rekonstruksiyalash masalalarida ularga yordam ko‘rsatish;
xaridorgir mahsulot ishlab chiqarishda mahalliy xomashyo va ikkilamchi resurslardan juda to‘liq foydalanish uchun shart-sharoitlarni ta’minlash;
tegishli mintaqalar hududida, birinchi navbatda qishloq joylarda aholining ish bilan bandligini kengaytirish uchun kichik va o‘rta korxonalarni barpo qilish hamda rivojlantirish.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Mahalliy sanoat” hududiy kompaniyalari zimmasiga yuklangan vazifalarni hal qilishda ularga butun choralar bilan yordam bersinlar.
4. “Mahalliy sanoat” hududiy ishlab chiqarish-savdo aksionerlik kompaniyalariga mahalliy sanoat korxonalarini tiklash va rivojlantirish Fondlarini tashkil qilishga ruxsat berilsin va quyidagilar ularning faoliyatidagi asosiy vazifalar sifatida belgilab qo‘yilsin:
kompaniya korxonalarini texnika bilan qayta jihozlash va rekonstruksiyalashni moliyalash;
ish joylarini vujudga keltirish hamda mahalliy xomashyo resurslaridan va ishlab chiqarish chiqitlaridan to‘liqroq foydalanish maqsadida qishloq joylarda yangi korxonalar barpo etish va rivojlantirishni moliyalash;
mahalliy sanoat korxonalariga xizmat ko‘rsatuvchi infrastrukturani rivojlantirish.
Quyidagilar mahalliy sanoat korxonalarini tiklash va rivojlantirish Fondlarining mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
hududiy ishlab chiqarish-savdo aksionerlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi aksionerlik jamiyatlarining davlat aksiyalari paketlari bo‘yicha dividendlarning 50 foizi;
davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘larning hokimiyatlar tomonidan belgilangan tartibda yo‘naltiriladigan qismi;
mulkchilik shaklidan qat’i nazar, hududiy ishlab chiqarish — savdo aksionerlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning korxona balans foydasining ikki foiziga qadar miqdordagi erkin foydasi qoldiqlari hisobidan ajratmalari.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 3-sentabrdagi PF-469-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Farmonni amalga oshirish yuzasidan bir hafta muddatda qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 15-avgust,
PF-1828-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 8-son, 201-modda)