OʻZBEKISTON SOVET SOTSIALISTIK RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
Farmoni
JUMHURIYATDA NAVROʻZ UMUMXALQ BAYRAMIGA TAYYORGARLIK KOʻRISh VA OʻTKAZISh HAQIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Jumhuriyatimizda insoniy qadriyatlarni yanada kamol toptirish, oʻz-oʻziga ishonch ruhi va milliy gʻururni mustahkamlash, doʻstlik, birodarlik, hamjihatlik. mehr-shafqatni ulugʻlash, madaniy va tarixiy anʼanalarni davom ettirish hamda rivojlantirish, asrlar davomida shakllangan urf-odatlar va udumlarni eʼzozlash maqsadida Navroʻz bayramini keng nishonlash yuzasidan quyidagilar amalga oshirilsin:
1. Dam olish kuni sifatida belgilangan 21-martda oʻtkaziladigan Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilsin. Bu bayramni oʻtkazishda 1990-yilda toʻplangan ijobiy tajribalarni davom ettirgan holda toʻla foydalanilmagan imkoniyatlar ham ishga solinsin. Bayramga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish tadbirlarida jumhuriyatning har bir fuqarosi yakdillik va hamjihatlik bilan faoliyat koʻrsatsin.
2. Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish jumhuriyat tashkiliy qoʻmitasi tasdiqlansin.
3. Har bir tashkilot, vazirlikdan tortib, Sovetlaru — mahalla qoʻmitalarigacha hamma joyda bayramni oʻtkazish ishlariga javobgarlik aniq belgilab qoʻyilsin. Jumhuriyat hududidagi korxonalar, muassasalar, jamoa va davlat xoʻjaliklari, shirkatlar, jamoat tashkilotlari oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib, bayram tadbirlarini tegishli transport vositalari, oziq-ovqat mahsulotlari, sanoat mollari, toʻy-hasham ashyolari bilan taʼminlasinlar hamda sarf-xarajatlarni oʻz zimmalariga olsinlar. Umumxalq xayriya harakatlarida faol ishtirok etsinlar. Fuqarolarning, jamoalarning Navroʻz umumxalq bayramini oʻtkazishdagi tashabbuskorligini qoʻllab-quvvatlasinlar.
Bayram aholining barcha tabaqalari istak va xohishlariga, har bir joyning oʻz sharoitlariga qarab oʻtkazilsin.
4. Navroʻz umumxalq bayrami anʼanalariga binoan, har bir fuqaroga izzat-ikrom koʻrsatilsin. Qariyalar, bolalar, bemorlar, nogironlar holidan xabar olish, beva-bechora va boquvchisidan ajralganlarga mehr-shafqat koʻrsatishga alohida eʼtibor berilsin.
Oʻzbekiston SSR Televideniyesi va radioeshittirish davlat qoʻmitasi bilan jamoat tashkilotlari, badiiy jamoalar oʻtkazadigan xayriya uzluksiz koʻrsatuvi — telemarafon har tomonlama qoʻllab-quvvatlansin.
5. Navroʻz bayramini oʻtkazish borasida qoʻshni jumhuriyatlar bilan doʻstlik, hamkorlik va madaniy aloqalar yanada kuchaytirilsin. Oʻzaro vakillar yuborish, mehmon qabul qilish tadbirlari ishlab chiqilsin.
6. Ommaviy axborot vositalari bayram oʻtkazish jarayonlarini keng yoritsinlar. Bu ishda jurnalistlarning masʼuliyati oshirilsin.
Qaysi yoʻnalishdagi axborot vositasida boʻlishdan qatʼi nazar, Navroʻz umumxalq bayramini yoritish — yagona gʻoya — insonni ulugʻlash, milliy gʻururni koʻtarish, hamjihatlik, birodarlik, mehr-shafqat, tinch-totuvlik maqsadlari va gʻoyalari bilan yoʻgʻrilsin.
7. Bayramga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish jumhuriyat tashkiliy qoʻmitasiga bayram tadbirlarida tashabbuskor boʻlgan, faollik koʻrsatgan, fidokorona mehnat va ijod qilgan kishilarni aniqlash hamda ragʻbatlantirish va taqdirlashga tavsiya etish topshirilsin.
Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 12-fevral,
PF-143-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 5-son, 96-modda)