Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Soliqlar va yigʻimlarni toʻlashdan boʻyin tovlaganlik uchun javobgarlikka oid qonunchilikning sudlar tomonidan qoʻllanilishi toʻgʻrisida
(qarorning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Soliqqa oid qonunchilik takomillashtirilganligi, shuningdek, sud amaliyotida soliqlar va yigʻimlarni toʻlashdan boʻyin tovlaganlik uchun javobgarlikka doir qonunchilikni qoʻllashda masalalar kelib chiqqanligi munosabati bilan, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, qonunda belgilangan soliqlar va mahalliy yigʻimlarni toʻlash har bir fuqaroning konstitutsiyaviy burchi hisoblanadi (Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasi).
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunda belgilangan soliqlar va yigʻimlarni toʻlashdan boʻyin tovlashning ijtimoiy xavfliligi soliq toʻlovchilar tomonidan soliqlar va yigʻimlarni oʻz vaqtida va toʻliq hajmda toʻlashga oid majburiyatni qasddan bajarmaslikdan iborat boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga pul mablagʻlari tushmay qolishiga olib keladi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Sudlarga tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi (bundan buyon matnda — MJtK) 174-moddasining birinchi qismi, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi (bundan buyon matnda — JK) 184-moddasining birinchi qismi dispozitsiyasiga muvofiq soliqlar va yigʻimlarni toʻlashdan boʻyin tovlash deganda, foydani (daromadni) yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarni qasddan yashirish, kamaytirib koʻrsatish, shuningdek soliqlar va yigʻimlarni toʻlashdan boshqa tarzda qasddan boʻyin tovlash tushunilishi lozim.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Foydani (daromadni) yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarni qasddan yashirish — bu davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladigan tegishli soliq hisoboti hujjatlarida foyda (daromad) olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qasddan koʻrsatmaslik, shuningdek, ular mavjudligi toʻgʻrisidagi axborotni yashirish maqsadida foyda (daromad) kelib tushishini hisobga olish tartibini buzish.
Foydani (daromadni) yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarni kamaytirib koʻrsatish davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladigan soliq hisoboti hujjatlarida soliq solinadigan obyekt miqdoriga oid axborotni bila turib pasaytirish (kamaytirish) tomoniga oʻzgartirishda ifodalanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Soliqlar va yigʻimlarni toʻlashdan boshqa tarzda qasddan boʻyin tovlash soliq toʻlovchining davlat soliq xizmati organlariga soliq hisoboti hujjatlarini yoki soliq qonunchiligiga muvofiq taqdim etilishi shart boʻlgan boshqa hujjatlarni qasddan taqdim etmaslik yoki soliq hisoboti taqdim etilganidan soʻng sodir etilgan, soliqlar va yigʻimlarni toʻlashdan boʻyin tovlash maqsadida toʻlov qobiliyatsizligi holatini sunʼiy ravishda vujudga keltirishga qaratilgan qilmishlarda ifodalanadi.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
3. MJtK 174-moddasining birinchi qismi, JK 184-moddasining birinchi qismi dispozitsiyasi blanket (havolaki) boʻlib, shu sababli “daromadlar”, “foyda”, “soliq solinadigan obyektlar”, “soliqlar”, “yigʻimlar” kabi tushunchalar mazmunini aniqlash uchun qilmish sodir etilgan paytda amalda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (bundan buyon matnda SK deb yuritiladi) normalaridan kelib chiqish lozim.
SK 17-moddasining birinchi qismiga muvofiq, soliqlarga quyidagilar kiradi:
1) qoʻshilgan qiymat soligʻi;
2) aksiz soligʻi;
3) foyda soligʻi;
4) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
5) yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq;
51) foydali qazilmalarni qazib olganlik uchun maxsus renta soligʻi;
6) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
7) mol-mulk soligʻi;
8) yer soligʻi;
9) ijtimoiy soliq.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida yigʻimlar ham belgilanishi mumkin. Yigʻimlarni joriy etish, hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi SK hamda boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Chet davlatlar avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirganligi va uning hududi orqali tranziti uchun yigʻimni hamda alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqi uchun yigʻimlarni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi SK bilan tartibga solinadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Qonunda soliqlar va yigʻimlarni (bundan buyon matnda — soliqlar) toʻlashdan ancha miqdorni tashkil qilmagan (bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha boʻlgan) miqdorda qasddan boʻyin tovlash yoki birinchi marta ancha (bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha boʻlgan) miqdorda sodir etilganligi uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan MJtK 174-moddasining birinchi va ikkinchi qismlari.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Agar shaxs soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlaganlik uchun MJtK 174-moddasining ikkinchi qismi boʻyicha maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan soʻng bir yil davomida shunday qilmishni yana ancha miqdorda sodir etsa, JK 184-moddasining birinchi qismi boʻyicha jinoiy javobgarlik kelib chiqadi.
Shuni nazarda tutish lozimki, agar soliqlarni toʻlashdan qasddan boʻyin tovlaganlik natijasida koʻp yoki juda koʻp miqdorda zarar yetkazilgan boʻlsa, jinoiy javobgarlik maʼmuriy preyuditsiyaga rioya qilinmagan holda (yaʼni shaxsning muqaddam soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlaganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilishi talab etilmaydi), tegishlicha, Jinoyat kodeksi 184-moddasi ikkinchi qismining “b” bandi yoki uchinchi qismi boʻyicha kelib chiqadi.
5. Shaxsning harakatlarini toʻgʻri kvalifikatsiya qilish uchun surishtiruv, tergov organlari va sudlar, barcha hollarda, soliqlar toʻlanmaganligi oqibatida yetkazilgan moddiy zarar miqdorini sinchiklab aniqlashlari, bunda JK 184-moddasi mazmuniga koʻra, shaxs tomonidan yashirilgan yoki kamaytirib koʻrsatilgan soliq solinadigan obyekti kattaligi (qiymati) emas, balki faqat toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlar summasi (soliqqa oid huquqbuzarlik uchun qoʻllanilgan moliyaviy sanksiya (jarima va penya) summalarini qoʻshmagan holda) tushunilishi lozimligini nazarda tutishlari kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
6. MJtK 174-moddasi, JK 184-moddasi boʻyicha javobgarlik kelib chiqishining zarur sharti — soliq yoki boshqa toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlashga nisbatan qasdning mavjudligi boʻlib, u harakatda ham, harakatsizlikda ham namoyon boʻlishi mumkin.
Foydani (daromadni) yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarni (soliq bazasini) qasddan yashirish, kamaytirib koʻrsatish belgilari, jumladan, quyidagilar:
tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum summasini hisobga olish registrlarida aks ettirmaslik;
tovarlar (xizmatlar) realizatsiya qilinganligidan dalolat beruvchi hujjatlarni almashtirish, soxtalashtirish yoki yoʻq qilish yoxud ularni tekshirish uchun taqdim etishni rad etish;
qalbaki birlamchi buxgalteriya hujjatlaridan foydalanish;
hisobda realizatsiya qilinmagan deb koʻrsatilgan tovarlarning omborda yoki realizatsiya qilish joyida mavjud emasligi;
rasmiylashtirilmagan (kirim qilinmagan) tovarlarni saqlash, ulardan foydalanish va realizatsiya qilish;
nazorat-kassa texnikasining fiskal xotirasi xizmati dasturiga noqonuniy ravishda oʻzgartirish kiritish;
foydalanilmagan moddiy xarajatlarni foydalanilgan deb, ishlab chiqarish hisobotiga qoʻshish;
tovarlarni sotish (xizmat koʻrsatish)dan olingan tushumni hisobot davridan keyingi davrga oʻtkazish (sotish hajmini va daromad (foyda)ni qasddan kamaytirish);
moddiy, yoqilgʻi-energetika resurslari xarajatlarini va amortizatsiya (eskirish) normasini sunʼiy ravishda oshirish yoki normativ (limit)larni notoʻgʻri qoʻllash;
ish beruvchi bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan xodimlarning haqiqiy ish haqi summasi soliq hisobotida aks ettirilmaganligi;
mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlarning soliq hisobotida aks ettirilmaganligi;
Oldingi tahrirga qarang.
yuklarni tovar-kuzatuv hujjatlarini rasmiylashtirmasdan yoxud soxta hujjatlar boʻyicha tashish;
qazib olingan foydali qazilmalar hajmining soliq hisobotida toʻliq aks ettirilmaganligi;
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan oʻn toʻrtinchi va oʻn beshinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan)
realizatsiya qilingan tovarlar qiymatini hisob hujjatlarida haqiqatda realizatsiya qilingan qiymatidan pasaytirilgan narxlar boʻyicha aks ettirish va h.k.
Sudlarga tushuntirilsinki, SK 223-moddasining toʻrtinchi qismi talabiga muvofiq, mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlarning soliq hisobotida aks ettirilmaganligi yoki realizatsiya qilingan tovarlar qiymatini hisob hujjatlarida haqiqatda realizatsiya qilingan qiymatidan pasaytirilgan narxlar boʻyicha aks ettirish hollarida soliqqa oid huquqbuzarliklar boʻyicha yashirilgan soliq bazasi summasi oxirgi oʻn ikki oy uchun aniqlanadi.
MJtK 174-moddasi va JK 184-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarga doir ishlar boʻyicha yuqorida qayd etilgan yoxud boshqa biror-bir belgisi aniqlanishidan tashqari, shaxsning qilmishida soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlashga nisbatan toʻgʻri qasd (JK 21-moddasi) mavjudligi isbotlangan boʻlishi shart.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlaganlik bilan bogʻliq jinoyat ishlari boʻyicha shuni eʼtiborga olish kerakki, agar soliq toʻlovchi subyektlarning gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) JK 184-moddasi dispozitsiyasi bilan qamrab olinsa, nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilish jinoyati (JK 19211-moddasi) va boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar (JK 205 — 209, 227, 228-moddalari) uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi.
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Sudlarga tushuntirilsinki, tovarlarni bojxona chegarasidan oʻtkazish bilan bogʻliq ravishda davlat boji tariqasidagi soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlashda ifodalangan harakatlar JK 182-moddasi bilan qamrab olinadi va JK 184-moddasi bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilishni talab etmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Qonunga koʻra (SK 213-moddasi), shaxs quyidagi holatlardan loaqal bittasi mavjud boʻlgan taqdirda soliqqa oid huquqbuzarlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas:
soliqqa oid huquqbuzarlik holatining mavjud emasligi (masalan, agar bir turdagi soliqlar uchun toʻlangan pul summasi boshqa turdagi soliqlar uchun toʻlanmagan summalar oʻrnini toʻliq qoplasa (SK 103 — 105-moddalari);
soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etishda shaxsning aybi mavjud emasligi (masalan, qilmishning tabiiy ofat yoki boshqa favqulodda va bartaraf etib boʻlmaydigan holatlar oqibatida, shaxs tomonidan oʻz harakatlarini oʻzi idora etolmaydigan yoki boshqara olmaydigan kasallik holatida sodir etilgan boʻlsa va SK 215-moddasida nazarda tutilgan boshqa hollarda);
soliq organining yoki boshqa vakolatli organning (ushbu organ mansabdor shaxsining) soliqni (yigʻimni) hisoblab chiqarish, toʻlash tartibi toʻgʻrisida yoki soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik qoʻllanilishining boshqa masalalari boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida soliq toʻlovchiga (yigʻim toʻlovchiga, soliq agentiga) yoxud nomaʼlum doiradagi shaxslarga bergan yozma tushuntirishlari soliq toʻlovchi (yigʻim toʻlovchi, soliq agenti) tomonidan bajarilganligi;
Oldingi tahrirga qarang.
soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish muddatlari oʻtib ketganligi;
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
soliq monitoringini oʻtkazish davrida soliq organining soliq toʻlovchiga (yigʻim toʻlovchiga, soliq agentiga) yuborilgan asoslantirilgan fikri soliq toʻlovchi (yigʻim toʻlovchi, soliq agenti) tomonidan bajarilganligi (SK 215-moddasi).
(8-bandning birinchi — toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qaroriga asosan birinchi — beshinchi xatboshilar bilan almashtirilgan)
Qonunga koʻra (SK 103 — 105-moddalari), agar bir turdagi soliqlar uchun toʻlangan pul summasi boshqa turdagi toʻlovlar uchun qasddan toʻlanmagan summalar oʻrnini toʻliq qoplasa, shaxs javobgarlikka tortilmaydi. Agar bir turdagi soliqlar uchun ortiqcha toʻlangan summaning miqdori boshqa turdagi toʻlovlar uchun qasddan toʻlanmagan summaning miqdorini qisman qoplasa, shaxsning aybdorlik masalasi toʻlangan va toʻlanmagan summalar orasidagi farq miqdoridan kelib chiqqan xolda hal etiladi.
Oʻzi ilgari taqdim etgan soliq hisobotida hisoblab chiqarilgan soliq summasi kamayishiga (oʻzgarishiga) olib kelgan notoʻgʻri yoki toʻliq boʻlmagan maʼlumotlarni va (yoki) xatolarni aniqlagan soliq toʻlovchi ushbu soliq hisobotiga zarur tuzatishlarni kiritishi va soliq organiga aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etishi shart. Agar aniqlashtirilgan soliq hisoboti soliq organiga soliqni toʻlash muddati oʻtgandan keyin taqdim etilgan boʻlsa va bunda ushbu hisobot soliq toʻlovchi tomonidan soliq summasi kamayishiga (oʻzgarishiga) olib kelgan holatlar soliq organi tomonidan aniqlanganligini yoki soliq auditi tayinlanganligini bilgan paytga qadar taqdim etilgan boʻlsa va ushbu hisobot taqdim etilgunga qadar u yetishmayotgan soliq summasini va unga tegishli penyalarni toʻlagan boʻlsa, soliq toʻlovchi javobgarlikdan ozod qilinadi (SK 83-moddasi).
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash tariqasidagi jinoyat tegishli soliq davri uchun soliq qonunchiligida belgilangan muddatlarda soliq toʻlanmasligi holati kelib chiqqan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi (agar bunda soliqlarning ortiqcha toʻlangan summalarini hisobga olish imkoniyati (SK 103 — 105-moddalari) yoki soliqqa oid huquqbuzarlik uchun shaxsning javobgarligini istisno etuvchi holatlar (SK 213-moddasi) mavjud boʻlmasa.
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
SK 73-moddasiga koʻra soliq davri kalendar yiliga mos keladi.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
10. MJtK 174-moddasi va JK 184-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikning subyekti 16 yoshga toʻlgan, soliq solinadigan daromad (foyda)ga ega boʻlgan va qonunga muvofiq davlat soliq organlariga daromadlari haqida deklaratsiya taqdim etishga majbur boʻlgan jismoniy shaxs (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, chet el fuqarosi, fuqaroligi boʻlmagan shaxs) hisoblanadi.
MJtK 174-moddasi va JK 184-moddasida belgilangan javobgarlikka soliq toʻlovchi-yuridik shaxs rahbari va bosh (katta) buxgalteri yoki boshliq va bosh buxgalter vazifalarini amalda bajarayotgan xodimlari, shuningdek buxgalteriya, bank-moliya hujjatlarini tuzish, imzolash huquqiga ega boʻlgan va buxgalteriya hujjatlariga daromad yoki xarajatlar toʻgʻrisida soxta maʼlumotlar kiritgan yoxud soliq solinadigan boshqa obyektlarni yashirgan oʻzga xizmatchilari tortilishlari mumkin.
11. Soliqlarni toʻlashdan qasddan boʻyin tovlash bilan bogʻliq jinoyat ishlari yuzasidan surishtiruv, tergov yuritish hamda ularni sudda koʻrishda bunday jinoyatlarni yashirishga koʻmaklashgan barcha shaxslarni aniqlash choralari koʻrilishi shart.
JK 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatga rahbarlik qilgan yoki ushbu jinoyatni sodir etishga soliq toʻlovchi tashkilot boshligʻi, bosh (katta) buxgalteri, boshqa xizmatchilarini undagan yoxud oʻzining maslahatlari, koʻrsatmalari bilan jinoyatni sodir etishga koʻmaklashgan shaxslar tashkilotchi, dalolatchi yoki yordamchi sifatida JK 28-moddasi va 184-moddasining tegishli qismi boʻyicha javobgarlikka tortiladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Nazorat-kassa texnikasi fiskal xotirasi xizmati dasturiga noqonuniy oʻzgartirish kiritish yoʻli bilan daromad (foyda)ni yashirishda soliq toʻlovchiga koʻmaklashgan shaxslar ham soliqlarni toʻlashdan qasddan boʻyin tovlashda ishtirokchi sifatida javobgarlikka tortiladilar.
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, nodavlat tijorat yoki boshqa nodavlat tashkilotlari mansabdor shaxslarining soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlashda qasddan koʻmaklashishga qaratilgan harakatlari jinoyatda ishtirokchilik sifatida JK 28-moddasi hamda JK 184-moddasining tegishli qismi boʻyicha kvalifikatsiya qilinadi, agar ayni paytda ular gʻaraz yoki boshqa shaxsiy manfaatlarni koʻzlagan yoki shu maqsadlarda jinoyatlarni yashirishda koʻmaklashgan boʻlsalar, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari mansabdor shaxslarining harakatlari, shuningdek Jinoyat kodeksining boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddalari (JK 205, 209, 210-moddalari) bilan, nodavlat tijorat yoki boshqa nodavlat tashkilotlari mansabdor shaxslarining harakatlari esa, Jinoyat kodeksining tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish bilan bogʻliq jinoyatlar hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qilish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari (JK 1929, 19211, 228-moddalari) bilan ham kvalifikatsiya qilinishi lozim.
(11-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 18-sonli qarori tahririda)
12. JK 184-moddasida nazarda tutilgan qilmishni ikki va undan ortiq marotaba yagona qasd bilan qamrab olmagan holda sodir etgan shaxsning harakati soliq toʻlashdan takroran boʻyin tovlash sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunda shaxs jinoyatni bajaruvchi yoki uning ishtirokchisi ekanligining, muqaddam sodir etilgan qilmish tugallangan jinoyat yoki jinoyatga suiqasd boʻlganligining ahamiyati yoʻq.
Shaxsning harakatlarida soliqlarni toʻlashdan takroran boʻyin tovlash belgisi mavjudligi masalasini hal etishda Jinoyat kodeksining 32-moddasida koʻrsatilgan talablardan kelib chiqish lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Qilmishni soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash sifatida MJtK 174-moddasi va JK 184-moddasining tegishli qismi boʻyicha kvalifikatsiya qilish uchun asos boʻlgan soliq miqdorini pul summasida belgilashda, huquqbuzarlik tugallangan vaqtda amalda boʻlgan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqish lozim. Bunda SK 4-moddasi, MJtK 9-moddasi va JK 13-moddasi talablariga rioya etilishi shart.
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlaridagi barcha bartaraf etib boʻlmaydigan qarama-qarshiliklar va noaniqliklar soliq toʻlovchining foydasiga talqin etiladi (SK 13-moddasi).
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
131. Jinoyat kodeksi 184-moddasi beshinchi qismiga koʻra, birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha davlat soliq xizmati organining qarorini yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining sodir etilgan jinoyat haqidagi xabarini olgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida soliqlar va yigʻimlar, shu jumladan, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning oʻrnini toʻliq qoplasa, javobgarlikdan ozod qilinishi lozim.
(131-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Tushuntirilsinki, JK 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni birinchi marotaba sodir etgan, shu jumladan, mazkur modda boʻyicha sudlanganligi tugallangan yoki olib tashlangan shaxs ushbu asoslarga koʻra javobgarlikdan ozod etilishi lozim,
Oldingi tahrirga qarang.
Jinoyat kodeksi 184-moddasi beshinchi qismiga asosan jinoyat ishini tugatish masalasini muhokama qilishda, oʻttiz kunlik muddat ichida yetkazilgan zararni qoplash masalasiga (SK 86-moddasi), shuningdek uning toʻliq qoplanganligi faktini tasdiqlovchi dalillar (toʻlov topshiriqnomalar chiptalar va sh.oʻ.) mavjudligiga alohida eʼtibor qaratilishi lozim.
(131-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash shaxs tomonidan soliqqa oid qonunchilikning muayyan normasi talablarini bajarmaslik bilan bogʻliq. Shu tufayli, JK 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarga oid ishlar boʻyicha surishtiruv, tergov organlari va sudlarning eʼtibori shaxsni jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish toʻgʻrisidagi qarorda, ayblov dalolatnomasida, ayblov xulosasi va ayblov hukmida ayblanuvchi yoki sudlanuvchi tomonidan soliqqa oid qonunchilikning jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda boʻlgan aynan qaysi normasi talablari buzilganligi koʻrsatilishi shartligiga qaratilsin.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
15. Soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunlarni qoʻllash bilan bogʻliq ishlarni koʻrishda, sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, sudlanuvchining harakatlarida jinoyat tarkibi bor-yoʻqligi bilan bogʻliq holatlar boshqa dalillar bilan bir qatorda ekspert xulosasi, soliq tekshiruvi dalolatnomasi, taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnoma, davlat soliq xizmati organining soliq tekshiruvi materiallarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qarorlari asosida ham aniqlanishi mumkin. Sudlar, zarurat tugʻilganda, sud majlisiga soliq solish sohasi boʻyicha mutaxassislarni jalb qilishlari lozim.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, shaxsning aybdorligiga oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyati tugagan boʻlsa, soliq toʻlovchining foydasiga hal qilinadi (JPK 23-moddasi).
16. Sudlar soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlashga oid har bir jinoyat ishi boʻyicha surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan jinoyat-protsessual qonunining dalillar maqbulligini tartibga soluvchi normalariga rioya etilganligini sinchkovlik bilan aniqlashlari shart. Bunda shuni nazarda tutish lozimki, dalillarni toʻplash uchun belgilangan tartibni buzgan holda olingan hujjatlar yoki boshqa maʼlumotlar shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos boʻla olmaydi.
17. Sudlar mazkur toifadagi ishlar boʻyicha hukm chiqarishda fuqarolik daʼvosini hal etishlari zarur.
Sud fuqarolik daʼvosini qanoatlantirish toʻgʻrisida xulosaga kelganda, oʻz hukmida mahkumdan undirilishi lozim boʻlgan pul summasi miqdorini (penya va shtraf summasini qoʻshgan holda), toʻlanmagan soliqlar turiga qarab, tegishli davlat budjeti (respublika, mahalliy), budjetdan tashqari maqsadli jamgʻarma, shuningdek soliq toʻlovchi hisobga olingan joydagi davlat soliq xizmati organi nomini koʻrsatishi kerak.
18. Tushuntirilsinki, soliqlarni toʻlashdan qasddan boʻyin tovlash bilan bogʻliq jinoyat ishlari Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasiga, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish MJtK 271-moddasining 5 va 7-bandlariga muvofiq tugatilgan taqdirda, mazkur toʻlovlar toʻlanmaganligi oqibatida yetkazilgan zararni undirish masalasi fuqarolik sudlov ishlarini yuritish tartibida hal qilinadi.
19. Soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash bilan bogʻliq jinoyat ishlarini koʻrishda, sudlar soliqqa oid jinoyatlar sodir etilishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlashlari hamda ularni bartaraf etish yuzasidan xususiy ajrimlar chiqarishlari zarur.
Oldingi tahrirga qarang.
191. Tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunining (bundan buyon matnda — Qonun) 5-moddasi quyidagi:
Oldingi tahrirga qarang.
jinoyat ishlari surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudning ish yurituvida (birinchi, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalarida) boʻlgan;
(191-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
192. Qonun kuchga kirgunga qadar, JK 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan, ishlari surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudning ish yurituvida (birinchi, apellyatsiya instansiyalarida) boʻlgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari, JK 184-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlganda, JPK 84-moddasi birinchi qismi 8-bandi tartibida tugatilishi lozim.
Jinoyat kodeksi 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganligi uchun jazo oʻtayotgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari ham JK 184-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlganda, JPK 84-moddasi birinchi qismi 8-bandi tartibida tugatilishi lozim.
Qonun amalga kiritilgunga qadar hukm qilingan, biroq, jazoni oʻtab boʻlmagan shaxslarga nisbatan, shuningdek sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslarga nisbatan sud qarorlarini Qonunga muvofiqlashtirish masalasi Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda yuqori instansiya sudi tomonidan koʻrib chiqiladi.
193. Bir necha jinoyat yoki bir necha hukm boʻyicha sudlangan shaxslarga nisbatan sud qarorlarini Qonunga muvofiqlashtirishda sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, JK 184-moddasi bilan hukm qilingan shaxslar javobgarlikdan ozod qilingan hollarda, bir necha jinoyat yoki bir necha hukm boʻyicha tayinlangan uzil-kesil jazo turi va miqdorini qayta muhokama qilishlari kerak.
(191,192 va 193-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 18-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
20. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari va Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlashga oid qonunchilikni qoʻllash boʻyicha sud amaliyotini vaqti - vaqti bilan umumlashtirishlari va yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishlarini oʻz vaqtida bartaraf etishlari lozim.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
21. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 6-iyundagi “Soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlaganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisida”gi 6-sonli qarori bekor qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B. MUSTAFAYEV
Plenum kotibi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi A. USMANOV
Toshkent sh.,
2013-yil 31-may,
08-son