Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
AKSIYADORLIK TIJORAT BANKLARI FAOLIYATINI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyuldagi PF-6021-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan 2020-yil 1-avgustdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Tijorat banklari faoliyatini boshqarishda aksiyadorlarning rolini oshirish, bank xodimlarini ishga yollashning shartnoma tizimiga oʻtkazish, kreditlar berish hamda ularning qaytarilishini taʼminlash uchun bankning rahbar va ijroiya organlari javobgarligini oshirish, shuningdek xususiy banklar tashkil etish jarayonini ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Quyidagilar tasdiqlansin:
Aksiyadorlik tijorat banki toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga* muvofiq;
1-ilova rus tilidagi matnida beriladi.
Aksiyadorlik tijorat banki Kengashi toʻgʻrisidagi Namunaviy nizom 2-ilovaga* muvofiq.
* 2-ilova berilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki shu yilning oxiriga qadar tijorat banklari, Moliya vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan Namunaviy nizomga muvofiq aksiyadorlik tijorat banklarining Kengashlari tuzilishini taʼminlasin.
Bunda banklarning moliyaviy mustaqilligini kengaytirishga hamda aksiyadorlar sarmoyasini qoʻshimcha ravishda jalb etishga, banklarning faoliyatini boshqarishda aksiyadorlarning roli va masʼuliyatini oshirishga, banklarning xodimlarini ishga yollashning shartnoma tizimiga oʻtkazishga eʼtibor qaratilsin.
Yuqoridagilarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga maxsus komissiya tuzish tavsiya etilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, bankning ustav kapitalida davlatga tegishli aksiyalar paketi 25 foizdan oshgan hollarda bank Kengashi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidan ishonchli vakil kiritiladi, uning zimmasiga mazkur aksiyalar paketini boshqarish vazifasi yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Aksiyadorlik tijorat banki Kengashi:
bank filiallarining Boshqaruvi va rahbarlari bilan birgalikda bankni samarali boshqarishni tashkil etish, mazkur Namunaviy nizom hamda boshqa qonunchilik hujjatlarining talablariga muvofiq kreditlar berilishi va ularning oʻz vaqtida qaytarilishi uchun javobgar boʻlishi;
bank Boshqaruvi raisi va aʼzolarini tayinlashi;
bank Boshqaruvi raisi bilan mehnat shartnomasi tuzishi belgilab qoʻyilsin.
5. Aksiyadorlik tijorat banklariga quyidagilar tavsiya etilsin:
ikki oy muddatda qonunchilikda belgilangan tartibda oʻz nizomlari va ichki meʼyoriy hujjatlarini ushbu Farmon bilan tasdiqlangan meʼyoriy hujjatlarga muvofiq holga keltirish;
1998-yilning oxirigacha aksiyadorlarning umumiy yigʻilishlari oʻtkazilishini tashkil qilib, ularda banklar Kengashlarining tarkiblarini qayta koʻrib chiqish va tasdiqlash. Bank Boshqaruvi raisi va aʼzolarining belgilangan tartibda bank Kengashi tomonidan tayinlanishini taʼminlash;
Boshqaruv raisining va bank ichki audit xizmati rahbarining har chorakdagi maʼruzalarini Kengash huzurida muntazam tinglab borishni amaliyotga joriy qilish.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga quyidagilar tavsiya qilinsin:
tijorat banklarining faoliyati ustidan nazoratni oshirish, ular tomonidan operatorlik vazifalarini amalga oshirish boʻyicha talablarni kuchaytirish zarur hollarda banklar tomonidan aksiyadorlik tijorat banklari faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi va aksiyadorlarning huquqlari kamsitilganligi uchun ularga nisbatan qatʼiy choralar koʻrish, hatto bank litsenziyasini qaytarib olish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlarning hokimlari bilan birga bir oy muddatda xususiy sarmoya ishtirokidagi aksiyadorlik tijorat banklarini tashkil qilishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini, shu jumladan yangi tashkil etilayotgan hamda ishlab turgan tijorat banklarining ustav kapitaliga aholi hamda xususiy tadbirkorlarning boʻsh pul mablagʻlarini investitsiyalash jozibadorligini oshirish, moddiy-texnika bazasini shakllantirish, shuningdek xodimlar bilan taʼminlash, ularni oʻqitish va malakasini oshirish chogʻida shunday banklarga amaliy yordam koʻrsatish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va tasdiqlash.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Moliya vazirligi va Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda:
1999-yilning 1-iyuliga qadar davlat mablagʻlarini jalb etgan holda tashkil qilingan banklarning ustav kapitalidagi davlat ulushi koʻpi bilan ellik foizni tashkil etishi, qolgan qismi esa yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan banklarning mijozlari oʻrtasida joylashtirilishi lozimligini nazarda tutib, tijorat banklarining ustav kapitaliga nisbatan qoʻyiladigan talablarni qayta koʻrib chiqsin;
Keyingi tahrirga qarang.
ikki oy muddat ichida tijorat banklari oldidagi qarzdorlikni restrukturizatsiyalash dasturini ishlab chiqib, tasdiqlasin, bunda Hukumat qarorlariga binoan kechiktirilgan kreditlarni belgilangan muddatlarda toʻliq toʻlash mexanizmini koʻzda tutsin.
8. Oʻzbekiston banklari uyushmasiga quyidagilar tavsiya etilsin:
tijorat banklari va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda banklarning mijozlarini va ehtimol tutilgan sarmoyadorlarni oʻzlarining erkin pul mablagʻlarini banklar tomonidan chiqariladigan aksiyalarga maqbul tarzda joylashtirishlari uchun keng axborot bilan taʼminlash borasidagi kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqib, amalga oshirish;
1998-yilning 1-dekabriga qadar muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda banklarning moliyaviy holatini mustaqil reyting kompaniyalari baholarining natijalari bilan ommaviy axborot vositalarida muntazam suratda yoritib borish choralarini koʻrish;
1998-yilning oxirigacha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi huzuridagi sugʻurta nazorati boʻyicha Davlat inspeksiyasi bilan birgalikda bank omonatlarini notijorat tavakkalchiliklaridan sugʻurta qilish tizimini yanada rivojlantirish yuzasidan taʼsirchan choralar koʻrish.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Adliya vazirligi, boshqa tegishli vazirliklar va idoralar oʻzlarining meʼyoriy hujjatlarini ushbu Farmon qoidalariga muvofiq holga keltirsinlar.
10. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B. S. Hamidov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F. M. Mullajonov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 2-oktabr,
PF-2084-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 10-11-son, 201-modda; 1999-y.,3-son, 66-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 46-47-son,452-modda; 2008-y., 48-son, 470-modda)