Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SANOATDA VA KONChILIKDA IShLARNING BEXATAR OLIB BORILIShINI NAZORAT QILISh DAVLAT QOʻMITASINI SANOATDA VA KONChILIKDA IShLARNING BEXATAR OLIB BORILIShINI NAZORAT QILISh AGENTLIGIGA AYLANTIRISh TOʻGʻRISIDA
Ushbu Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 9-iyuldagi PF-3454-sonli “Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish Agentligini Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga aylantirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini boshqarishni yanada takomillashtirish va nazorat qilish samaradorligini taʼminlash maqsadida:
1. Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat qoʻmitasi Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligiga aylantirilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Agentlik qayta tashkil etilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat qoʻmitasining huquqiy vorisi hisoblanadi.
2. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sanoatda ishlarning bexatar olib borilishi boʻyicha qonunchilik hamda meʼyoriy-texnik hujjatlar talablariga, yer osti boyliklaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish, mineral xomashyoni qayta ishlash va metallurgiya jihatidan saralash, shuningdek, kon ishlarining geologiya-marksheyder taʼminoti talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini tashkil etish va amalga oshirish;
oʻta xavfli ishlab chiqarish bilan bogʻliq korxonalarning (mulkchiligining tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar) texnika xavfsizligi boʻyicha meʼyoriy hujjatlarini belgilangan tartibda ishlab chiqish va tasdiqlash;
Oʻzbekiston Respublikasining kon-qutqaruv xizmatlariga tezkor va uslubiy rahbarlik qilish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligi faoliyatini tashkil etish masalalari boʻyicha qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 7-fevral,
PF-2535-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 2-3-son, 79-modda)