Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
9-may umumxalq bayrami — Xotira va qadrlash kuni oʻtkazilishi, shuningdek, 1941 — 1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 68 yilligi nishonlanishi munosabati bilan hamda urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 500 000 (besh yuz ming) soʻm miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilansin.
2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy banki bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofotining tantanali va bayramona vaziyatda topshirilishini taʼminlasin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Badiiy akademiya, Xotin-qizlar qoʻmitasi, Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi, “Nuroniy” va “Mahalla” jamgʻarmalari, boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Vatanimiz ozodligi va shaʼnu sharafi himoyachilariga bagʻishlangan maxsus uchrashuvlar va maʼrifiy-badiiy kechalar oʻtkazsin.
5. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 25-aprel,
PF–4536-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 17-son, 222-modda)