O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“DIYDOR” REJISSYORLIK VA AKTYORLIK MAHORATI TEATR-STUDIYASI” DAVLAT MUASSASASINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi 266-sonli ““Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasi” faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekistonda teatr san’atini yanada rivojlantirish, teatrlashtirilgan ommaviy tadbirlar o‘tkazishning g‘oyaviy-badiiy saviyasi, ta’sirchanligini kuchaytirish, ijodiy faoliyatda ishtiyoq va iste’dodga ega bo‘lgan yoshlarni ro‘yobga chiqarish, ularning ijodiy salohiyatini oshirish, yuqori iste’dodli teatr rejissorlari va aktyorlarini amaliy tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi tizimidagi “Diydor” teatr-studiyasi davlat korxonasi negizida “Diydor” rejissorlik va aktyorlik mahorati teatr-studiyasi” davlat muassasasini (keyingi o‘rinlarda “teatr-studiya” deb yuritiladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar teatr-studiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy, badiiy-estetik ruhiyatini yuksaltirish, tafakkurini boyitish, mustahkamlash, ularning san’atga bo‘lgan muhabbatini kuchaytirish, o‘zbek milliy teatr san’ati tarixiy asoslari va yutuqlarini yoshlar qalbiga chuqur singdirish, jahon andozalari asosida zamonaviy, malakali ta’lim-tarbiya berish, respublikamizda madaniy-ma’rifiy, ijodiy-badiiy sohalarda erishilayotgan yutuqlarni teatr san’ati orqali targ‘ib etish;
teatr, teatrlashtirilgan ommaviy tadbir rejissorlari va aktyorlarining yangi avlodini voyaga yetkazish, ularni kashf etish hamda ma’naviy qo‘llab-quvvatlash;
yoshlarning ijodiy faolligini rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, sohadagi ilg‘or uslublarni milliy ruh bilan uyg‘unlashtirilgan holda teatr san’atiga tatbiq etish;
turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, gastrollar, ko‘rik-tanlovlar, taniqli san’atkorlar bilan uchrashuv va anjumanlar, rejissor va aktyorlar uchun mahorat darslari va teatr san’atidan saboq beruvchi o‘quv mashg‘ulotlar o‘tkazish, jahon madaniyati va san’atining yorqin namunalari bilan tanishtirish orqali ularni barkamol insonlar bo‘lib kamol topishlariga ko‘maklashish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bir oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda teatr-studiyasining shtatlar jadvalini “Diydor” teatr-studiyasiga ajratilgan shtat birliklari va mablag‘lari doirasida qayta ishlab chiqishni va o‘rnatilgan tartibda tasdiqlashni;
teatr-studiyaning ustavini ishlab chiqishni hamda o‘rnatilgan tartibda tasdiqlashni;
teatr-studiyani davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni va malakali mutaxassislar bilan ta’minlanishini;
O‘zbekiston davlat san’at instituti, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi va A.Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat instituti talabalarining tajriba-amaliyot darslarini teatr-studiyada tashkil etishni;
teatr-studiyada tahsil olayotgan iqtidorli yosh rejissor va aktyorlarning Toshkent shahrida yashashlari uchun vazirlik tasarrufidagi tashkilotlar yotoqxonalarida zarur shart-sharoitlar yaratishni ta’minlasin.
4. Teatr-studiyasi “Diydor” teatr-studiyasi” davlat korxonasining huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi ekanligi belgilab qo‘yilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi teatr-studiyani O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetidan hamda xo‘jalik hisobidagi faoliyat tushumlaridan moliyalashtirishning amaldagi tartibi saqlab qolinishini nazarda tutsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 20-fevral,
43-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 8-9-son, 80-modda)