Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
1994 YILNING 1 MARTIDAN MEHNAT HAQI, PENSIYALAR VA STIPENDIYALARNING MIQDORLARINI OShIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1. Oʻzbekiston Respublikasining hududida 1994-yilning 1-martidan boshlab:
ish haqi oʻrta hisobda 1,5 baravar oshirilsin va ish haqining eng oz miqdori oyiga 45.000 soʻm-kupon miqdorida;
fuqarolarning soliq olinmaydigan daromadlarining eng past darajasi oyiga 45.000 soʻm-kupon miqdorida;
hozir amalda boʻlgan barcha turdagi pensiyalarning miqdorlari 1,5 baravar oshirilib, mehnat pensiyasining eng oz miqdori oyiga 48. 675 soʻm-kupon qilib belgilansin.
2. Oliy oʻquv yurtlari talabalarining, texnikumlar va hunar-texnika bilim yurtlari oʻquvchilarining stipendiyalari oʻrta hisobda 2,3 baravar koʻpaytirilib, ayni vaqtda tushlik ovqatlarning har oylik pul kompensatsiyalari bekor qilinsin.
3. Vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, budjetdan pul bilan taʼminlanadigan tashkilotlar va muassasalar, Oʻzbekiston Respublikasining Ijtimoiy taʼminot vazirligi ushbu Farmonda belgilangan eng oz ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda mehnatga haq toʻlashning yagona tarif stavkasi razryadlariga muvofiq pensiyalar, stipendiyalarning va xodimlar mansab okladlarining miqdorlari oʻz vaqtida qaytadan hisoblab chiqilishini taʼminlasinlar.
4. Budjetdan pul bilan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlar xodimlarining ish haqini, pensiyalar va stipendiyalarni oshirish bilan bogʻliq xarajatlar respublika davlat budjeti va Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplansin.
5. Mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, xoʻjalik hisobidagi korxonalar va tashkilotlarga mazkur Farmonga muvofiq mehnat haqini daromad manbalari qidirib topilishiga qarab, daromad manbalari vaqtincha yetishmay qolgan taqdirda esa bank muassasalari aniq maqsad uchun beradigan kreditlar hisobidan oshirish tavsiya qilinsin.
6. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 26-fevral,
PF-771-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 3-son, 80-modda)