Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi boshligʻining
buyrugʻi
YUK KOʻTARGICH (MINORA)LARNI OʻRNATISH VA ULARDAN FOYDALANISHDA XAVFSIZLIK QOIDALARINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 12-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2313]
Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda), “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 386-modda) qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda), 2011-yil 11-maydagi 131-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tuzilmasini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-yil, 19-son, 191-modda) buyuraman:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Yuk koʻtargich (minora)larni oʻrnatish va ulardan foydalanishda xavfsizlik qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Boshliq B. GʻULOMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 30-noyabr,
268-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2011-yil 30-noyabrdagi 268-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Yuk koʻtargich (minora)larni oʻrnatish va ulardan foydalanishda xavfsizlik
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda), “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 386-modda) qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda), 2011-yil 11-maydagi 131-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tuzilmasini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlariga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-yil, 19-son, 191-modda) muvofiq yuk koʻtargich (minora)larni oʻrnatish va ulardan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar yuk koʻtargich (minora)larni oʻrnatuvchi va ulardan foydalanuvchi tashkilotlarga (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar ishlab chiqarish binolarini va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
II bob. Xavfsizlik boʻyicha umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari boʻyicha boʻlimlarini oʻz ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish oʻrinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish oʻrinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish, yoʻl-yoʻriq berish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha maʼmuriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlar bilan yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish va yongʻin-texnikaviy minimum mashgʻulotlarini oʻtkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari boʻyicha mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomalari.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) 14-moddasiga muvofiq xodimlar soni 50 nafar va undan oshadigan tashkilotlarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasidan mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi), 50 va undan ortiq transport vositalariga ega boʻlgan tashkilotlarda esa bundan tashqari yoʻl harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbariga boʻysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yoʻriqnomasiga binoan ularning majburiyatlariga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
10. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 1997-y., 6-son, 21-modda) bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xodimlarni oʻqitish, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish va ularga yoʻl-yoʻriq berishni tashkil etish
11. Tashkilot xodimlari oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazilishi va ularga yoʻl-yoʻriq berilishi kerak.
12. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari Mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 1-son) muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
14. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 boʻyicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga taʼsir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari toʻgʻrisida toʻliq va xolisona maʼlumotga ega boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti hamda mehnat jarayonining xavfli va zararli omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim oʻlchovi natijalari, shuningdek mehnatning ogʻir sharoitlari attestatsiya qilish orqali belgilanishi lozim.
16. Yangi zararli moddalar paydo boʻlishiga yoki xavfli va zararli omillar yoʻqolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar oʻzgarishlarida yoki yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda xavfli va zararli omillar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. Oʻta xavfli kasblar va ishlar roʻyxati
17. Tashkilot oʻta xavfli sharoitda bajariladigan ishlar roʻyxatiga ega boʻlishi lozim. Roʻyxatga xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlar, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar, bugʻ va suv isitish qozonlari, yuk koʻtarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sigʻimlar, elektr asbob-uskunalarga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq ishlar va amaldagi tarmoq roʻyxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
18. Barcha xodimlar oʻta xavfli ishlarni bajarish topshirigʻini olishdan oldin, mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻl-yoʻriq olishi va ishlarni bajarish usullarini oʻzlashtirib olishi shart.
19. Oʻta xavfli ishlarni bajarish, faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan naryad-ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
20. Tashkilot rahbariyati oʻta xavfli ishlarni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va xavfsiz bajarishda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishiga toʻla javobgardir.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
21. Xodimlarni xavfli va zararli ishlab chiqarish muhiti omillaridan himoya qilish jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanish orqali taʼminlanishi lozim.
22. Jamoaviy himoya qilish vositalariga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini meʼyorlashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorugʻligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda asbob-uskunalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
23. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari boʻlgan xonadagi barcha xodimlarga taʼsir qilganda qoʻllanishi shart va tashkilotni qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
24. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda yakka tartibdagi himoya vositalari qoʻllanilishi lozim. Bunday hollarda yakka tartibdagi himoya vositalarisiz xodimlarning ishga jalb qilinishi taqiqlanadi.
25. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qoʻllashi, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati toʻgʻrisida maʼlumotlarga ega boʻlishi lozim.
26. Tashkilotda quyidagilar taʼminlanishi shart:
yakka tartibdagi himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
himoya vositalarini qoʻllash va toʻgʻri foydalanish ustidan doimiy nazorat amalga oshirilishi;
himoya vositalarining samaradorligi va sozligi tekshirilishi;
yakka tartibdagi himoya vositalaridan xavfli va zaharli moddalar muhitida foydalanilganda ularning degazatsiya va dezinfeksiya qilinishi (bir marta qoʻllaniladigan himoya vositalari bundan mustasno).
27. Turli agressiv moddalar bilan ishlayotganda teri kasalliklarining oldini olish uchun profilaktik pasta va mazlardan foydalanish lozim.
6-§. Kasbiy tanlov
28. Tashkilotlarda tanlov oʻtkazilishi lozim boʻlgan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati boʻlishi lozim.
29. Xodimlar, ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli maʼlumotga va ish tajribasiga ega boʻlishi kerak.
30. Oʻn sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qoʻllanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari roʻyxatiga (roʻyxat raqami 1990, 2009-yil 29-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 30-31-son, 355-modda) muvofiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Ayollar mehnatidan foydalanish toʻliq yoki qisman taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay boʻlgan ishlar roʻyxatiga (roʻyxat raqami 865, 2000-yil 5-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi 2000-y., 1-son) muvofiq ayollar zararli va noqulay mehnat sharoitiga ega boʻlgan ishlarga qabul qilinmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
7-§. Xodimlarning sogʻligʻini nazorat qilish
32. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyruq (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 12-son) asosida amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
33. Tashkilot rahbariyati kasaba uyushmasi qoʻmitasi va sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy koʻrikdan oʻtishini taʼminlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
34. Tibbiy koʻriklar tashkilotning tibbiy muassasalarida, ular mavjud boʻlmagan hollarda davolash-profilaktika muassasalarida oʻtkazilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
35. Xodim tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlagan yoki tibbiy koʻrik natijalariga koʻra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda ushbu xodim ishga qoʻyilishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
36. Davriy tibbiy koʻriklar oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazilishi va tavsiyalarning bajarilishi uchun javobgarlik tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Xodimlarni sogʻligʻi tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
8-§. Sanitariya va gigiyenaga qoʻyiladigan talablar
38. Tashkilot xonalari ish hududidagi harorat, nisbiy namlik, havoning harakatlanish tezligi va boshqalar GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq boʻlishi kerak.
39. Noqulay omillar taʼsiriga qarshi himoya tadbirlarini tuzishda samarali havo almashinuvi tizimini QMQ 2.04.05-97 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” talabiga muvofiq tashkil qilish lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
40. Ishlab chiqarish binolarida mikroiqlim SanQvaM 0203-06 “Ishlab chiqarish binolari mikroiqlimi sanitariya meʼyorlari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
9-§. Tashkilot maydonlariga boʻlgan xavfsizlik talablari
41. Tashkilot maydonlari va binolarining joylashuvi QMQ II-89-80 “Sanoat tashkilotlarining bosh plani” talabiga mos boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
42. Tashkilotda transport vositalarining va piyodalarning tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan boʻlishi kerak.
43. Transport vositalari va tashkilot hududida piyodalarning harakati chizmasi tashkilotga kirish va chiqish hamda ish uchastkalari va sexlarning koʻrinarli joylariga osib qoʻyilishi kerak.
44. Tashkilot maydonlari koʻkalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
45. Tashkilot maydonidagi oʻtish joylari mustahkam yopqichlar, suvlar oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
46. Yilning yoz vaqtida yoʻlkalar va oʻtish joylariga suv sepilgan, qishda qordan tozalanib, qum sepilgan boʻlishi lozim.
10-§. Bino va inshootlarga boʻlgan xavfsizlik talablari
47. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari QMQ 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
48. Yordamchi binolar va xonalar QMQ 2.09.04-98 “Tashkilotlarning maʼmuriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
49. Nam xonalarda hamda issiq oʻtkazuvchi pollarda (betonli, gʻishtli, plitali va boshqalar) muntazam ishlashga moʻljallangan ish joylarida yogʻoch toʻshamalar va panjaralar yotqizilgan boʻlishi kerak.
50. Pol toʻshamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalanadigan boʻlishi kerak.
51. Binoga transport vositalarining kirish joylari darvozalar va signal asbob-uskunalari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
52. Darvoza tavaqalari yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar mustahkam oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
53. Transport vositalari binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan transport vositalari eni miqdoridan oshiq boʻlishi kerak.
54. Darvozalarning balandligi transport vositasining balandligidan kamida 0,2 m dan oshiq boʻlishi kerak.
55. Tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan boʻlishi kerak.
56. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda ikki martadan (bahor va kuzda) kam boʻlmagan holda tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan komissiya tomonidan texnik koʻrikdan oʻtkazilishi lozim. Texnik koʻrik xulosalari, ularda topilgan nuqsonlarni bartaraf etish boʻyicha tadbirlar va muddati koʻrsatilgan dalolatnomalar orqali rasmiylashtirilishi kerak.
57. Xodimlar uchun xavf tugʻdiruvchi halokat turidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Xavfli hududlarda ishlab chiqarish jarayonlari halokat bartaraf etilgunga qadar toʻxtatib turilishi lozim, shuningdek xizmat koʻrsatuvchi xodimlar xavfsiz joyga koʻchirilishi kerak.
11-§. Shovqin va tebranishga qoʻyiladigan talablar
58. Ish joylarida, xonalarda va tashkilot hududida shovqin va tebranishning darajasi SanQvaM 0120-01 “Ish joylarida shovqinning yoʻl qoʻyilgan darajasining sanitariya meʼyorlari”, SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va lokal tebranishning sanitariya meʼyorlari”, GOST 12.1.003-89 “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari” va GOST 12.1.012-90 “Tebranma. Umumiy xavfsizlik talablari” talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
59. Ish joylarida shovqin va tebranish darajasini muntazam nazorat qilib turish kerak. Agarda u belgilangan meʼyorlardan yuqori boʻlgan hollarda uni pasaytirish uchun quyidagi tadbirlar qoʻllanishi lozim:
detallarning zarbali harakatlarini zarbasiz harakatlarga, ilgarilama-qaytma harakatlarni aylanma harakatlarga oʻzgartirish;
shovqin chiqaruvchi agregat yoki uning ayrim qismlariga shovqinni toʻsuvchi qobiqlar oʻrnatish;
agregatdan chiqayotgan aerodinamik shovqinlarga qarshi samarali tovush soʻndirgichlar qoʻllash;
shovqinli uskunalarni (parraklar, kompressor) toʻsilgan xonalarda yoki sexdan tashqarida joylashtirish;
tebranishni kamaytirish uchun, uning manbalarini (elektr dvigatellar, parraklar va shu kabilar) mustaqil poldan va binoning boshqa konstruksiyalaridan izolyatsiyalangan poydevorlarda yoki maxsus hisoblab chiqilgan amortizatorlarga oʻrnatilishi kerak.
60. Ishlab chiqarish xonalarida shovqinni texnik vositalar bilan bartaraf etishning iloji boʻlmasa, shaxsiy eshitish aʼzolarini himoya qilish vositalari va shovqinga qarshi kaskalardan foydalanish kerak.
12-§. Shamollatish va isitish tizimiga qoʻyiladigan talablar
61. Shamollatish va isitish QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
62. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi kerak.
63. Oʻtish joylarida joylashgan isitish jihozlari ruxsat etilgan oʻtish yoʻlaklarining enini kamaytirmasligi kerak.
64. Ish joylarida havo harorati yengil jismoniy ishda 21°S, oʻrtacha ogʻir ishda 17°S va ogʻir ishda 16°S dan past boʻlmasligi lozim.
65. Xodimlarning isinishi uchun xonalarda havo harorati 22°S dan kam boʻlmasligi kerak.
66. Isinish xonalarigacha boʻlgan masofa binolarda joylashgan ish joylaridan 75 m dan, bino tashqarisidagi ish joylaridan esa 150 m dan koʻp boʻlmasligi lozim.
13-§. Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimiga qoʻyiladigan talablar
67. Suv bilan taʼminlash va kanalizatsiya tizimi QMQ 2.04.01-98 “Binolarni ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” talabiga mos kelishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
68. Ishlab chiqarish oqova suvlari, tashqi kanalizatsiyaga yetib kelguncha zararli moddalardan tozalanishi lozim.
69. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar boʻlishi kerak. Suv quvurlari yoʻq boʻlganda baklarda qaynatilgan suv boʻlishi lozim.
70. Ichimlik suvining harorati 8°S dan 20°S gacha boʻlishi kerak.
71. Ish joyidan suv ichish qurilmasigacha boʻlgan masofa 75 m dan oshmasligi kerak.
72. Tashkilotda kanalizatsiya tizimi yoʻq boʻlganda davlat sanitariya nazorati organlari bilan kelishilgan holda tashkilotda yer qatlamini ifloslantirmagan holda dushxonalardan va yuz-qoʻl yuvgichlardan suv oqmaydigan qurilmali axlat oʻralarining mavjud boʻlishiga ruxsat etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14-§. Yoritishga qoʻyiladigan talablar
73. Ishlab chiqarish xonalarini tabiiy va sunʼiy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talablariga mos boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
74. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya isteʼmolchilarining ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritishlarining sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi lozim.
75. Yoritish vositalari toza va soz holatda boʻlishi kerak. Yorugʻ tushuvchi oynalarni yilda kamida ikki marotaba tozalash lozim.
76. Yorugʻlik tushadigan deraza va eshiklarni turli predmetlar (uskuna, tayyor mahsulot va boshqalar) toʻsib qoʻyishiga ruxsat etilmaydi.
77. Sunʼiy yoritish umumiy va birlashgan tizimda ishlatiladi (umumiy mahalliy bilan birgalikda). Birgina mahalliy yoritishni qoʻllash taqiqlanadi.
78. Uchastka va xonalarda portlash boʻyicha xavfli gaz va changlar konsentratsiyasi yigʻilib qolish ehtimoli boʻlsa, elektr yoritish tizimi portlashdan alohida bajarilishi kerak.
79. Xavflilik darajasi yuqori boʻlgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori boʻlmagan koʻchma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. Uskunalar va inshootlar (bunkerlar, silososlar, quduqlar, bugʻlantirish kameralari, tunnellar va boshqalar)ning ichki sirtini yoritish uchun koʻchma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
15-§. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga boʻlgan talablar
80. Tashkilotlarda atrof muhitning (havo, tuproq, suv havzalari) ifloslanishi xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining tegishli normalardan ortiq darajada tarqalishiga olib kelmasligi lozim.
81. Tashkilotlarda ishlab chiqarish jarayonlarini amalga oshirishda atrof muhitning chiqindilar (oqova suvlar, shamollatish tizimi chiqindilari va boshqalar) bilan ifloslanishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar taʼminlanishi lozim.
82. Tashkilotlarda chiqindilarni yigʻish uchun atrofi oʻralgan maxsus joy ajratilishi va konteynerlar bilan taʼminlanishi, konteynerlar chiqindilardan boʻshatilganidan soʻng xlorli ohak eritmasi bilan dezinfeksiya qilinishi va yuvilishi kerak.
16-§. Mehnat va dam olishga qoʻyiladigan talablar
83. Xodimlarning ish vaqti, shu jumladan qisqartirilgan ish vaqti, dam olish va tanaffuslar vaqti tashkilotlar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
III bob. Yuk koʻtargich (minora)lar tuzilishiga va materiallarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Kajavaga (maydonchalarga) qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
84. Yerdan yoki chiqish maydonchasidan kajavaga va yuk koʻtargich (minora)ning aylanma platformasigacha boʻlgan masofa 40 sm dan ortiq boʻlmasligi hamda kajavaning poli va zinalari sirpanchiq boʻlmasligi lozim.
Yuk koʻtargich (minora)larning kajavalari (maydonchalari) balandligi kamida 1 m boʻlgan panjara bilan oʻralgan boʻlishi lozim.
85. Yuk koʻtargich (minora)larning kajavasi kajava xodimlari xavfsizlik kamarining va asboblarni mahkamlash uchun qoziqlar bilan jihozlangan boʻlishi lozim. Kajava panjarasi qismlari va kamar mahkamlanuvchi qoziqlar kamida 1300 nyuton boʻlgan turli tomonga yoʻnalgan ogʻirlikni koʻtarishi lozim.
2-§. Troslarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
86. Yuk koʻtargich (minora)larda qoʻllaniladigan troslar GOST 3062-80 talablariga mos boʻlishi lozim.
87. Yuk koʻtargich (minora)larga troslarning mahkamlanishi va joylashuvi uning blok va boshqa mexanizmlardan tushib ketishini, shuningdek bir-biri bilan ishqalanishi yuzaga kelishining oldini olishi lozim. Trosning blokdan tushib ketishining oldini oluvchi moslama bilan tros oraligʻi uning diametrining 20 foizidan oshmasligi lozim.
88. Trosning uchi GOST 2224-93 ga muvofiq, koushga trosning uchini kiritib oʻrab qoʻyish, qisqich oʻrnatish yoki boshqa usulda bajarilishi kerak. Qisqichlar soni kamida uchta boʻlishi lozim.
Yuk koʻtargich (minora)lardagi trosning uchi poʻlat, bolgʻalab ishlangan, tamgʻalangan yoki quyilgan vtulkaga pona bilan mahkamlanishi mumkin. Payvandlangan vtulkani ishlatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Vtulkaning qobigʻi va ponaning oʻtkir cheti boʻlmasligi lozim.
3-§. Zanjirlarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
89. Yuk koʻtargich (minora)larda qoʻllaniladigan plastinkali, gʻildirakli zanjirlar GOST 21834-87 va GOST 23540-79 talablariga mos kelishi lozim.
90. Tizzani koʻtarish mexanizmlarida, teleskopik boʻlinmalarda va kajavaning yoʻnalishini kuzatish tizimida qoʻllanadigan poʻlat arqonlar va zanjirlarni loyihalash jarayonidagi hisob-kitoblar OʼzDSt 8.012 da belgilangan oʻlchov birliklari bilan tekshirilishi lozim.
4-§. Tormozlarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
91. Yuk koʻtargich (minora)larning koʻtarish mexanizmlari normal yopiq tusdagi, yoqilganda avtomat ravishda ochiladigan tormozli yoki kajavaning oʻz-oʻzidan tushib ketishini (harakatlanishini) oldini oladigan boshqa moslama bilan jihozlanishi lozim.
Tasmali tormozlarni faqatgina platformali burilish mexanizmlarida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan. Tormozlar yogʻ va suv tushishidan himoyalangan boʻlishi lozim.
Yuk koʻtargich (minora)larning tayanch-burilish moslamasining uzatgichi oʻz-oʻzidan tormozlanadigan yoki tormoz bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
Trosli yuk koʻtargich (minora)ning koʻtarish mexanizmida kajavaning oʻz-oʻzidan tushib ketishini oldini oluvchi moslama boʻlishi lozim.
92. Tirkamali, harakatlanuvchi yuk koʻtargich (minora)lar va maxsus shassili yuk koʻtargich (minora)larda toʻxtash tormozli boʻlishi lozim.
5-§. Xavfsizlik asbob-uskunalari va moslamalariga boʻlgan talablar
93. Yuk koʻtargich (minora)lar xavfsiz ish olib borishi uchun quyidagi moslamalar bilan jihozlanishi lozim:
a) ogʻirlik meʼyorini belgilovchi asbob-uskuna;
b) anemometrlar bilan (22 m dan baland boʻlgan yuk koʻtargich (minora)lar uchun);
v) xizmat koʻrsatish maydonida kajava polining gorizontal holatini saqlash moslamasi, bunda kajava polining ogʻish burchagi 5 gradusdan oshmasligi lozim;
g) xizmat koʻrsatish maydonini cheklash moslamasi;
d) qoʻlda oʻrnatiladigan vintli tayanchlardan tashqari, yuk koʻtargich (minora) tayanchga qoʻyilmagan hollarda tizzalarini koʻtarilishi va burilishini bloklovchi hamda yuk koʻtargich (minora) oʻqining ish holatida tayanch koʻtargich (minora)ni bloklash moslamasi;
e) gidrotizim, elektr uzatgich yoki gidrosoʻrgʻich ishlamay qolganda yukni avariyasiz tushirish moslamasi;
yo) yuk koʻtargich (minora)lar harakatlanayotgan vaqtda chiqarish tayanchlarining yoʻnalishni oʻzgartirib ketishining oldini oluvchi moslama;
j) yuk koʻtargich (minora)lar ogʻish burchagini koʻrsatuvchi moslama;
94. Yuklar yuk koʻtargich (minora)larning yuk koʻtarish darajasidan 10 foiz ortiq boʻlganida yuk koʻtarish darajasini belgilash moslamasi ovozli signal berishi va koʻtarish mexanizmlarini oʻchirishi lozim.
Yuk koʻtarish darajasini belgilovchi moslama harakatga kelgan zahoti yuk koʻtargich (minora)ning barcha harakati toʻxtatilishi va kajavadan ortiqcha yuk tushirib olinishi lozim.
Yuk koʻtarish darajasini belgilovchi moslamaning himoya taxtasi yoki releli (elektron) bloki tamgʻalangan boʻlishi lozim.
6-§. Boshqarish tizimiga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
95. Yuk koʻtargich (minora)lar ikkita boshqarish pultiga ega boʻlishi, ulardan biri kajavada ikkinchisi esa pastda, qulay holda masofadan boshqariladigan boʻlishi lozim.
96. Ikkita boshqaruv tizimli yuk koʻtargich (minora)larda ularni bir vaqtda ikki tomonlama boshqarishni toʻxtatib qoluvchi blokirovkasi boʻlishi lozim.
97. Yuk koʻtargich (minora)larni boshqarish pulti dvigatelni avariya vaqtida oʻchirishi va ovozli signal berish qurilmasi bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
98. 1000 V gacha kuchlanishli elektr tarmoqlariga xizmat koʻrsatuvchi yuk koʻtargich (minora)dagi boshqarish pulti tuzilishi va oʻrnatilishi, shuningdek kabellar yuk koʻtargich (minora) metall tuzilmalari va pult orasida kamida 0,5 m galvanik yechimni taʼminlovchi izolyatsiya boʻlishi lozim.
7-§. Himoyalash sirtlariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
99. Yuk koʻtargich (minora)larni, yigʻma birliklarini va qismlarini kimyoviy yemirilishidan saqlash uchun ularning yuzasi boʻyoq yoki metall va nometall (noorganik) qoplamalar bilan qoplanadi.
100. Boʻyoq qoplamalar GOST 9.401-91 talablariga mos boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
101. Yuk koʻtargich (minora)larning barcha ishlov berilgan, boʻyalishi shart boʻlmagan yuzasi moy bilan yoki himoya vositasi bilan qoplangan boʻlishi lozim.
102. Mashinalar, mexanizmlar, yigʻma birikmalar va qismlarning ichki va tashqi yuzasini qoplash ishlari qoplash chizmasiga asosan bajarilishi va qoplama qalinligi 4—8 mm boʻlishi lozim.
103. Moylash nuqtasi, quyish va oqizish qopqoqlari boshqa detallar rangidan farqli yorqin ranglarda boʻlishi lozim.
8-§. Gidrotizim va gidravlik jihozlarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
104. Gidrotizim va uning gidravlik jihozlarini tashkil etuvchi qismlari (gidro boʻluvchilari, gidroklapanlari, gidroakkumulyatorlari, gidrotsilindrlari, gidrodvigatellari va nasoslari), shuningdek ish suyuqligi, quvurlar va tarmoqlari sifat darajasini tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlishi lozim.
105. Gidravlik tizimining tuzilishi, uning gidravlik jihozlarining zararlanishini hamda quvur oʻtkazgichlar, tarmoqlar va uning birikmalari metall qurilma bilan tutashishi natijasida zararlanishining oldini olishi lozim.
106. Quvur oʻtkazgichlar, shuningdek tarmoqlarning birikish joyi, mexanizm va asbob-uskunalarning tutashish joylari zichlangan boʻlishi lozim.
107. Gidrotizim taʼmirlanganda va ifloslanganda ishchi suyuqligidan batamom tozalangan boʻlishi lozim.
108. Har bir nasosning bosim yoʻlini saqlash klapani oʻrnatilgan boʻlishi va undagi suyuqlik gidrobakka oqizilishi lozim.
109. Gidrotizimni ish suyuqligi bilan xavfsiz yerga toʻkmasdan toʻldirish, oqizish va gidrotizimdan havoni chiqarib yuborishga moʻljallangan boʻlishi lozim.
110. Ish suyuqligi himoya klapani ishlab ketish jarayonidan tashqari hollarda toʻxtovsiz harakatlanib turishi lozim.
Ish suyuqligining harakatlanish darajasi gidrojihozni texnik hujjatlarida belgilangan talablar bilan aniqlanadi.
111. Har bir gidravlik tasvirni oʻz vaqtida ish bosimi oshib ketishidan saqlash uchun kerakli bosim ostidagi himoya klapani bilan himoyalash zarur. Sozlangan himoya klapanlari yuk koʻtargich (minora)dan xavfsiz foydalanishga javobgar xodim tomonidan tamgʻalanishi lozim.
112. Gidrojihoz gidrokoʻtargichning asos qismiga ogʻirlik tushib ketishining oldini olishi lozim.
113. Gidrotizimda biriktirish qismlari mavjud boʻlib, ularning bosimini nazorat qilish uchun maxsus moslamalar boʻlishi lozim.
114. Gidroidishda ish suyuqligining sathini koʻrsatkichi va xavfsiz nazorat qilish imkoni boʻlishi lozim. Ish suyuqligi sathini moy oʻlchagich oynasi yordamida nazorat qilish lozim.
115. Gidrokoʻtargichda bir necha xil suyuqlik idishlari ishlatilsa ular turli xil belgili boʻlishi lozim.
116. Gidrokoʻtargich mashinistining ish joyi yaqinidagi qayishqoq tarmoqlari himoyalovchi sirt yoki ekran bilan himoyalangan boʻlishi lozim.
117. Gidrotizimning quvur oʻtkazgichlari xavfli tebranishlarning oldini olishi, shuningdek birikish qismlari zichligi buzilib ketmasligi uchun yaxshilab mahkamlanishi lozim.
118. Bosim ostidagi quvur oʻtkazgichlarni payvandlab uzaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
119. Gidrouzatma ishlamay qolgan hollarda kajavaning avtomatik blakirovka qilish moslamasining ishlashi taʼminlanishi (bunda tushirish tezligi 0,2 m/s dan oshmasligi lozim), shuningdek oʻq tirsagini boshqarish oxirgi sharoitgacha amalga oshirilishi va yuk koʻtargich (minora)ning xavfsiz holatda boʻlishini taʼminlashi lozim.
120. Yuk koʻtargich (minora)larning kuchlanishi doimiy 220 V tok bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
121. Yuk koʻtargich (minora)larda egiluvchan va mis simli elektr oʻtkazgichlar qoʻllanilishi lozim.
122. Elektr oʻtkazgich simlari va zanjirining kesimi yuzasi 1,5 m2 dan kam boʻlmasligi lozim.
100 V kuchlanishli zanjirlar uchun simlar qalaylab ulangan va mexanik ogʻirlikni koʻtarmaydigan boʻlsa, kesim yuzasi 0,5 mm2 dan kam boʻlmagan koʻp tarmoqli mis sim va kabel ishlatilishi lozim.
Mazkur talablar xavfsizlik asbob-uskunalarining sim va kabellariga nisbatan joriy etilmaydi.
123. Moy taʼsiri ostida boʻladigan joylardagi simlar va kabellarning zirhi va qobiqlari moy taʼsiriga chidamli boʻlishi lozim.
Moy taʼsiriga chidamli boʻlmagan sim va kabellarning ishlatilishiga quvurchalar orqali jihozlarga zich oʻrnatilgandagina yoʻl qoʻyiladi.
124. Elektr oʻtkazgichlar mexanik zararlanish ehtimoli boʻlgan joylarda ularni himoyalash koʻzda tutilishi lozim.
125. Yuk koʻtargich (minora)larning boshqarish tizimi kuchlanishi 42 V dan oshmasligi lozim.
126. Transport vositasi negizidagi yuk koʻtargich (minora)larning ish va taʼmirlash jarayonlaridagi elektr energiya kuchlanishi 24 V dan oshmasligi lozim.
127. Boshqa yuk koʻtargich (minora)larning taʼmirlash jarayonidagi elektr energiya kuchlanishi 42 V dan oshmasligi lozim.
128. Tashqi boshqaruv pultining qutisi (yuk koʻtargich (minora)ni yerdan boshqarganda) zirhli materialdan ishlangan yoki kamida ikkita sim orqali yerga ulangan boʻlishi lozim.
129. Elektr qabul qilgichlar yuk koʻtargich (minora)ning metall tuzilmasi bilan yaxshilab ulangan boʻlishi lozim.
IV bob. Yuk koʻtargich (minora)larni texnik tekshiruvdan oʻtkazish va ulardan foydalanishda xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy talablar.
130. Yuk koʻtargich (minora)lar belgilangan tartibda “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasida roʻyxatga olinishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Roʻyxatga olish yuk koʻtargich (minora)larning texnik pasporti asosida amalga oshirilishi lozim.
2-§. Yuk koʻtargich (minora)larni texnik tekshiruvdan oʻtkazishga qoʻyiladigan talablar
131. Yuk koʻtargich (minora)larni texnik tekshiruvdan oʻtkazish ularni mazkur Qoida talablariga va texnik hujjatlarga mosligini, xavfsiz ishlashining taʼminlanganligini, xavfsizlik asbob-uskunalari va qurilmalarining sozligini aniqlash maqsadida amalga oshiriladi.
132. Yuk koʻtargich (minora)lar texnik tekshiruvdan oʻtkazilganda uning barcha mexanizmlari, gidrojihozlari, xavfsizlik asbob-uskunalari va qurilmalari, tormozi, boshqarish apparatlari, yoritqichlari, signalizatsiyasi tekshirilishi va koʻrikdan oʻtkazilishi kerak.
133. Yuk koʻtargich (minora)lar quyidagi muddatlarda texnik tekshiruvdan oʻtkazilishi lozim:
a) qisman — 12 oyda bir marta;
b) toʻliq — 3 yilda bir marta.
134. Yuk koʻtargich (minora)larni statik sinovdan oʻtkazishda uning foydalanish qoʻllanmasida bayon etilgan uslubda koʻtarish quvvatidan 50 foiz ortiq yuk bilan yuk koʻtargich (minora) hamda uning alohida qismlari mustahkamligi va chidamliligi tekshirilishi lozim.
135. Yuk koʻtargich (minora)ni dinamik sinovdan oʻtkazish ishlari kajavaga nominal yuk koʻtarish darajasidan 10 foiz ortiq yuk ortilib uning mexanizmlari harakatini va tormozini sinash uchun olib borilishi lozim.
Dinamik sinov vaqtida kajavaning barcha harakatlari kamida uch bosqichda amalga oshirilishi lozim.
Bunda bir tomondagi tayanchning yerdan uzilishi chidamlilik darajasi yoʻqolishi hisoblanmasligi lozim.
136. Yuk koʻtargich (minora)larni yuk darajasini cheklovchi moslamani sinash 6 oyda kamida bir marta olib borilishi lozim. Sinov ishlarini yuk koʻtargich (minora)larni soz holda tutishga javobgar shaxs ishtirokida olib borish lozim.
Yuk darajasini cheklovchi moslamaning ishlab ketish holatini nominal yukdan 10 foizdan ortiq yuk bilan tekshirish va sinov natijalari mashinistning navbatchilik jurnaliga xamda yuk koʻtargichning texnik pasportiga yozib qoʻyilishi lozim.
3-§. Yuk koʻtargich (minora)lardan xavfsiz foydalanishga qoʻyiladigan talablar
137. Yuk koʻtargich (minora)lar koʻtarayotgan yukning ogʻirligi va uning koʻtarish quvvatidan ortiq boʻlmasa hamda uning tayanchlari (agar ular qoʻllanilsa) oʻrnatilgan boʻlsagina ishga tushirilishi mumkin.
138. Foydalanilayotgan yuk koʻtargich (minora)lar, ularning qayd etilish raqami, koʻtarish quvvati, qisman va toʻliq texnik tekshiruvdan oʻtish sanasi koʻrsatilgan taxtacha bilan taʼminlanishi lozim.
139. Yuk koʻtargich (minora)lardan foydalanganda ularni shamol taʼsirida yoki yerning ogʻish joylarida agʻanashi va oʻz-oʻzidan surilishining oldini olish choralari qoʻllanilishi lozim.
140. Yuk koʻtargich (minora)lardan foydalanishda quyidagilar taʼminlanishi lozim:
yuk koʻtargich (minora)lardan foydalanish loyihalarining texnologik chizmalarni ishlab chiqarish jarayoni olib boriladigan joylariga yuborilishi;
yuk koʻtargich (minora)larda xavfsiz ish olib borishga javobgar xodimlar, mashinistlar, kajava xodimlari zarur hollarda arqonchilarni ish olib borish loyihasi bilan tanishtirilishi;
zarur hollarda arqonchilarning koʻchirilayotgan yuk tavsifiga va ogʻirligiga mos tamgʻali yukni ushlash moslamalari hamda idishlar bilan taʼminlanishi;
yuk koʻtargich (minora)lardan foydalanish qoʻllanmasi yoki asbob-uskunaning pasportida koʻrsatib oʻtilgan muddatlarda nazorat yuki bilan ortiqcha yukni cheklagichni sinovdan oʻtkazishi;
yuk koʻtargich (minora)larni belgilangan shakldagi talabnomalarga koʻra obyektlarga boʻlish va joʻnatish tartibi aniqlanishi va unga rioya qilinishi taʼminlanishi lozim.
141. Kuchlanishi 42 V dan yuqori boʻlgan elektr uzatish tarmoqlari yoki elektr tarmogʻining havodagi belgilangan chetidan kamida 30 m oraliqda yuk koʻtargich (minora)ni oʻrnatish va xavfsiz ish olib borish sharoitini yaratilganligi taʼminlangan ishga kirishish ruxsatnomasi boʻlishi lozim.
142. Yuk koʻtargich (minora)larda xavfsiz ish bajarilishi uchun quyidagi talablar bajarilishi lozim:
yuk koʻtargich (minora) bilan ish olib borilayotgan joyda begona shaxslar boʻlmasligi;
mexanizmlarni, elektr jihozlarni, yuk koʻtargich (minora) metall tuzilmalarni koʻrikdan oʻtkazish, taʼmirlash va sozlashda harakatlantirgich yoki ishga tushirish qurilmasi (bor boʻlsa) oʻchirilishi;
qurilish-montaj ishlari yuk koʻtargich (minora)larda ish bajarish loyihalariga asosan yuk koʻtarish sharoitiga, koʻtarish balandligiga koʻra oʻrnatilganligi va yuk koʻtargich (minora)larning mosligi;
tarmoq va havo elektr uzatish chiziqlari, shahar transport vositalari va piyodalarning harakatlanish joyi, shuningdek qurilish materiallari va qismlari joylashtirilgan joylarga yuk koʻtargich (minora)larning yaqinlashish orasida xavfsiz masofaning taʼminlanishi;
yuk koʻtargich (minora)larni kotlavan yoki chuqurliklar yonbagʻrida xavfsiz oʻrnatish va ishlatish sharoiti yaratilishi;
bir nechta yuk koʻtargich (minora)larning xavfsiz ishlash sharoiti yaratilishi;
ilgak bilan jihozlangan yuk koʻtargich (minora)larda arqonlashni grafik chizmasi va ishlatiladigan yukni ushlash moslamalari roʻyxati tuzilishi;
yuk koʻtargich (minora)lar oʻrnatilgan joyning aniq sharoitlarini hisobga olgan holda xavfsiz ish olib borish chora-tadbirlari (qurilish maydoni, montaj joyi yoki ish joyining oʻralishi, kunning qorongʻi vaqtida yoritish darajasi 20 V dan kam boʻlmasligi va boshqalar).
143. Yuk koʻtargich (minora)lar kajavalari harakatlanganda quyidagi tartib saqlanishi lozim:
a) kajavaga kirish va undan chiqish oʻtkazish maydonchasi orqali amalga oshirilishi, kajava koʻtarilganda yoki tushirilganda kirish yoʻli yopqich bilan berkitilishi;
b) kajavada ishlovchi xodimlar kaskada va kajava tuzilmasi qismiga yoki skobaga xavfsizlik kamari bilan bogʻlangan boʻlishi;
v) yuk koʻtargich (minora)larga xizmat koʻrsatish doirasidagi mashinist ham kaskada boʻlishi lozim;
g) kajavada ishlovchi xodimlar panjaraga oʻtirishi va turishi, kajava poliga narsalar qoʻyishi hamda panjaradan tashqariga osilishi taqiqlanadi.
144. Kajavaga gorizontal ogʻirlik tushishiga olib keluvchi ishlarning bajarilishi taqiqlanadi (tros yoki simlarni tortishda, uzatuvchi (sindiruvchi) bolgʻalar bilan ishlaganda va boshqalar).
145. Yuk koʻtargich (minora)lardan 10 m balandlikda foydalanish shamolning tezligi 10 m/s boʻlganda, momaqaldiroqda, kuchli yomgʻir yogʻganda, tumanda va qor yogʻganda, shuningdek atrof-muhitning harorati yuk koʻtargich (minora)ning texnik pasportida koʻrsatilganidan past boʻlganida toʻxtatilishi lozim.
146. Yuk koʻtargich (minora)lar ishlayotgan vaqtda mashinist va kajavada ishlovchi xodimlar orasida muntazam aloqa boʻlishi lozim. Bunda kajava 10 m gacha balandlikka koʻtarilganda — ovozli, 10 m dan balandda — belgili signal (2-ilova berilgan) va 22 m dan balandda — radiotelefon aloqasidan foydalaniladi.
147. Yuk koʻtargich (minora)larni bir joydan boshqa joyga kajavada xodimlar yoki yuk boʻlganda koʻchirish taqiqlanadi.
148. Yuk koʻtargich (minora)larda ish bajarish maydoni quyidagi talablarga mos boʻlishi lozim:
a) kirish yoʻlining boʻlishi;
b) qiyalik darajasi yuk koʻtargich (minora)ning texnik pasportda koʻrsatilgan burchakdan oshmasligi;
v) yangi sochilgan va bostirilmagan tuproqni presslanganligi;
g) maydonchaning hajmi yuk koʻtargich (minora)ning barcha tayanchlarini oʻrnatish imkonini berishi hamda boʻsh tuproqli yerda – oʻrnatilgan tayanchlari ostiga mustahkam negiz, sirpanchiq tuproqli yerda – tirnoqli negiz joylashtirilishi.
4-§. Yuk koʻtargich (minora)larni taʼmirlash va payvandlashga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
149. Yuk koʻtargich (minora)larning metall konstruksiyalari, qismlari va mexanizmlarini tiklash hamda taʼmirlash ishlari uchun GOST 380-2005 talablariga mos materiallar ishlatilishi lozim.
150. Metall tuzilmalarning ulanish qismlarini payvandlashda GOST 2246-70 talablariga mos elektrod yoki payvand simlaridan foydalanilishi lozim.
151. Payvandlash ishlariga belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtgan payvandchilar qoʻyiladi.
152. Metall tuzilmalar qismlari va birikmalarining payvand choklariga termik ishlov berishda yuk koʻtargich (minora)larni ishlab chiqaruvchi tashkilotning ishlab chiqarish va taʼmirlashdagi texnologik jarayonini koʻzda tutishi lozim.
Termik ishlov turi va tartibi payvandlash texnologiyasi bilan belgilanadi.
153. Yuk koʻtargich (minora)larning metall qurilmalarini payvandlash ishlari payvandlash birikmalari sifatiga salbiy taʼsir oʻtkazmaydigan xonalarda bajarilishi lozim.
Ochiq havoda payvandlash ishlariga maxsus texnologiyalar asosida yogʻinlar (yomgʻir, qor) va shamoldan himoyalash moslamalari boʻlgandagina ruxsat etiladi.
154. Texnik nazorat boʻlimi (TNB) tomonidan koʻtargich (minora)larni qayta tiklash va taʼmirlashda olib boriladigan nazorat ishlari GOST 3242-79 da koʻzda tutilgan kimyoviy yemirmaydigan nazorat usullari va mexanik sinovlar yordamida amalga oshirilishi lozim.
155. Yuk koʻtargich (minora)larning texnik qismlarini yaroqsiz deb hisoblash mazkur Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
V bob. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
156. Mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
157. Mansabdor shaxslar va xodimlar xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
VI bob. Yakuniy qoida
158. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” Davlat-aksionerlik temir yoʻl kompaniyasi va Toshkent shahar hududiy kommunal foydalanish birlashmasi bilan kelishilgan.
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. XODJAYEV
2011-yil 2-noyabr
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2011-yil 2-noyabr
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2011-yil 2-noyabr
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
2011-yil 10-noyabr
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NORBOYEVA
2011-yil 10-noyabr,
“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
2011-yil 10-noyabr
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori A. ABDUVALIYEV
2011-yil 24-noyabr
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” Davlat-aksionerlik temir yoʻl kompaniyasi boshqaruvi raisi A. RAMATOV
2011-yil 24-noyabr
Toshkent shahar hududiy kommunal foydalanish birlashmasi bosh direktori I. XOLMATOV
2011-yil 24-noyabr
Yuk koʻtargich (minora)larni oʻrnatish va ulardan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga
1-ILOVA
1-ILOVA
Yuk koʻtargich (minora)lar texnik qismlarini yaroqsiz deb hisoblash
TARTIBI
|
Qismlarning nomi |
Yaroqsiz deb hisoblashga asos |
| Bloklari | Blok irmogʻi radiusining boshlangʻich holatidan 40 foizdan ortiq yemirilishi |
| Gʻaltaklari | Har xil hajmdagi yorilishlar. Gʻaltak irmogʻi koʻrinishining 2 mm dan ortiq yemirilishi |
| Ilgaklari | Yuzasidagi yorilishlar, ilgakning boshlangʻich vertikal birikuvidan halqumning 10 foizdan ortiq yemirilishi |
| Tormoz shkivlari | Ish qurilmalarning yuzasidagi yorilish va siniqlar. Halqa ish yuzasini boshlangʻich holatidan 25 foizdan ortiq yemirilishi |
| Tormoz ustki qismi | Tormoz ustki qismi qalinligining oʻzagi koʻringuncha yoki boshlangʻich holatidan 50 foizdan ortiq yemirilishi |
| Shesternyalar, tishli gʻildiraklari |
Har xil hajmdagi darzlar. |
| Qalinligi jihatidan tishlarning yemirilishi: | |
| koʻtarish mexanizmida — 15 foizdan yuqori; | |
| aylanish mexanizmida — 20 foizdan yuqori; | |
| ochiq uzatishlarda — 25 foizdan yuqori boʻlsa. | |
| Qirqmali qismlari | Koʻzdan kechirilganda ipning sezilarli yemirilganligi |
| Metall tuzilmalari |
Taramlarning yemirilishi: |
| boshlangʻich holati (L, mm); | |
| foydalanilgandan keyingi holati (DL, mm); | |
| ularning orasidagi farq (L/500). |
Yuk koʻtargich (minora)larni oʻrnatish va ulardan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga
2-ILOVA
2-ILOVA
Yuk koʻtargich (minora)lardan foydalanishda qoʻllaniladigan
SIGNALLAR
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 2-son, 23-modda; 2017-y., 28-son, 673-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2019-y., 10/19/2313-2/3879-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son; 01.07.2025-y., 10/25/2313-3/0558-son)