Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING INTELLEKTUAL MULK AGENTLIGINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-iyuldagi PQ-4380-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tuzilmasini yanada takomillashtirish va boshqaruv xodimlari sonini maqbullashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 20-dekabrdagi PQ-1444-son qaroriga muvofiq hamda iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash jarayoniga innovatsiyaviy texnologiyalar hamda ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni keng tatbiq etishni ragʻbatlantirishni kuchaytirish, shuningdek intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqni ishonchli muhofaza qilish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi hamda Oʻzbekiston mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligi negizida Oʻzbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:
intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqlarni himoya qilish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash, ixtirolar, sanoat namunalari, foydali modellar, tovar belgilari hamda boshqa intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish, intellektual mulk obyektlari huquqiy egalarining huquqlarini himoya qilish;
ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari va boshqa intellektual mulk obyektlari ekspertizasini oʻtkazish hamda ularni davlat roʻyxatiga olish;
innovatsiyaviy texnologiyalar hamda ixtirolarni, ilmiy-texnikaviy va sanoat ishlanmalarini, badiiy-konstruktorlik hamda ijodiy ishlarning boshqa turlarini ishlab chiqarishga keng tadbiq etishga har tomonlama koʻmaklashish;
patent hujjatlarining davlat fondini hamda intellektual mulkning rasman roʻyxatdan oʻtkazilgan obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish, ularning saqlanishini taʼminlash va samarali foydalanish uchun shart-sharoit yaratish;
intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqlarni himoya qilishga oid qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini qatʼiy nazorat qilish, respublika hududiga qalbaki tovarlarning noqonuniy olib kirilishi va aylanishiga chek qoʻyish choralarini koʻrishda vakolatli davlat organlari bilan hamkorlik qilish;
intellektual mulkni muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tadbirkorlik subyektlari uchun intellektual mulk sohasida kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashni amalga oshirish.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi tashkiliy tuzilmasi va boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 68 kishidan iborat uning markaziy apparati tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
*1 va 2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi bosh direktoriga boshqaruv xodimlarining umumiy belgilangan soni doirasida markaziy apparatning tuzilmasiga zarur hollarda oʻzgartishlar kiritish huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi hamda Oʻzbekiston mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligining huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi;
Butunjahon intellektual mulk tashkilotida hamda intellektual mulk sohasidagi boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasini ifodalovchi vakolatli organ hisoblanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi bir oy muddatda:
Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash uchun kiritsin;
intellektual mulk sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha Oʻquv markazining tuzilmasini hamda Ustavini belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin, uning yuqori malakali mutaxassislar va zarur moddiy-texnika bazasi bilan butlanishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi intellektual mulk obyektlari huquqiy egalarining huquqlarini muhofaza qilish yuzasidan sudlarga beriladigan daʼvo arizalari boʻyicha davlat boji toʻlashdan ozod etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi Toshkent shahri, Mustaqillik xiyoboni, 59-uy manziliga joylashtirilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamenti tuzilmasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2007-yil 21-sentabrdagi F-2836-sonli farmoyishiga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini qisman oʻzgartirish toʻgʻrisida” 2009-yil 13-noyabrdagi PQ-1227-sonli qarori 4-ilovasining 10-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 24-may,
PQ-1536-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 24-maydagi PQ-1536-sonli qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamenti tuzilmasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2007-yil 21-sentabrdagi F-2836-sonli farmoyishiga kiritilayotgan oʻzgartishlar
1. 2-bandda:
a) ikkinchi va toʻqqizinchi xatboshidagi “mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish” soʻzlari “intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqlarni himoya qilish” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) oʻn birinchi xatboshidagi “hamda mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish” soʻzlari “intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqlarni himoya qilish” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. 1-ilovada:
a) oʻninchi xatboshidagi “mualliflik huquqlarini himoya qilish va arxiv ishi” soʻzlari “arxiv ishi, intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqlarni himoya qilish” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) oʻn toʻrtinchi xatboshidagi “mualliflik huquqlarini himoya qilish” soʻzlari “intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqlarni himoya qilish” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) “Mutasaddilik qilinadigan davlat va boshqaruv organlari” boʻlimidagi “Oʻzbekiston mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 22-23-son, 227-modda; 2016-y., 45-son, 520-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2018-y., 06/18/5329/0846-son)