Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Shoʻrtan GKK” tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Tabiiy resurslarni yanada chuqur qayta ishlashni taʼminlash, eksport tushumlarini diversifikatsiyalash, xorijiy investitsiyalar jalb qilish koʻlamini kengaytirish hamda Shoʻrtan GKKning tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarishni tashkil etish orqali neft-kimyo sanoatini rivojlantirish maqsadida:
1. “Oʻzbekneftgaz” MXK, Malayziyaning “Petronas International Corporation LTD” kompaniyasi va Janubiy Afrikaning “Sasol Synfuels International PTY Limited” kompaniyasi oʻrtasidagi Oʻzbekiston Respublikasida suyuq sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish boʻyicha qoʻshma korxona toʻgʻrisidagi bitim maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
umumiy hisoblangan qiymati 2 739,0 mln AQSh dollari boʻlgan “Shoʻrtan GKKning tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish” loyihasining dastlabki texnik iqtisodiy asosi belgilangan tartibda tasdiqlanganligi;
loyiha doirasida “Sasol Technology (Pty) Ltd” (JAR) kompaniyasi sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish texnologiyasi litsenziari (Sasol SPDTM process) ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va “Oʻzbekneftgaz” MXKning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
“Oʻzbekneftgaz” MXK tizimida “Oʻzbekneftgaz” MXK, “Petronas” va “Sasol” kompaniyalarining (yoki bosh kompaniyalar kafolati ostida ularning shoʻba kompaniyalari) teng ulushlari bilan (33,33 foiz) ustav fondining dastlabki qiymati 30 mln AQSh dollari miqdorida boʻlgan, keyinchalik ustav fondi summasini investitsiya davri davomida loyihani amalga oshirish jadvalidan kelib chiqib, 840 mln AQSh dollaridan kam boʻlmagan (loyiha summasidan kamida 30 foizi) ekvivalentdagi summaga yetkazgan holda masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qoʻshma korxona tashkil etish;
loyihani “Petronas”, “Sasol” va “Oʻzbekneftegaz” MXKning oʻz mablagʻlari, shuningdek, tashkil etiladigan qoʻshma korxonaga loyihaviy moliyalashtirish shartlarida 1899 mln AQSh dollari (loyiha summasining 70 foizigacha) miqdorida kreditlar (qarzlar) taqdim etuvchi banklar konsorsiumlari va moliya institutlari hisobidan moliyalashtirish.
9. “Oʻzbekneftgaz” MXK:
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Petronas” va “Sasol” kompaniyalari, xalqaro konsultantlar bilan kelishgan holda, 2010-yil 1-iyungacha “Shoʻrtan GKKning tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish” loyihasini xalqaro loyihaviy moliyalashtirish tamoyillariga muvofiq ishlab chiqilgan texnik iqtisodiy koʻrsatkichlari (investitsiyaviy asoslantirish)ni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;
pudratchilar bilan sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish zavodining texnologik qurilmalarini va infratuzilmasini barpo etish qiymati hamda shartnoma shartlari aniqlanganidan, jalb qilinayotgan loyihaviy moliyalashtirish doirasida kredit bitimlarini rasmiylashtirish yakunlanganidan keyin bir oy muddatda “Shoʻrtan GKKning tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish” loyihasining belgilangan tartibda ishlab chiqilgan texnik-iqtisodiy asosini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
10. “Oʻzbekneftgaz” AJga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, loyihani amalga oshirish doirasida maxfiylik toʻgʻrisidagi bitimlar asosida xalqaro konsultantlarga, xorijiy banklar konsorsiumi va xorijiy investorlarga gaz konlari, xususan, ularning joylashgan joyi, zaxiralari, qazib olish hajmi, kapital taʼmirdagi, foydalanilayotgan va konservatsiya qilingan quduqlar soni toʻgʻrisidagi axborotni belgilangan tartibda berish huquqi taqdim etilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Adliya vazirligi va “Oʻzbekneftgaz” MXK bilan birgalikda loyihaning tasdiqlangan texnik-iqtisodiy parametrlar asosida 2010-yil 1-sentabr muddatiga qadar “Petronas” va “Sasol” kompaniyalari bilan investitsiyalarni qaytarish va dividendlarni toʻlash kafolatlari, tomonlarning oʻzaro majburiyatlari va ularni bajarish kafolatlari, investitsiya davrida mablagʻlarning qoʻshma korxona hisobraqamlarida harakatlanishi, qoʻshma korxona mablagʻlarining maqsadli va samarali sarf etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish tartibini oʻz ichiga olgan investitsiya shartnomasi belgilangan tartibda kelishilishi va imzolanishini taʼminlasin.
12. Qashqadaryo viloyati hokimligi Yergeodezkadastr bilan birgalikda qoʻshma korxonaning murojaatidan keyin bir oy muddatda belgilangan tartibda loyiha doirasida obyektlar qurilishi uchun yerlar, shu jumladan muhandislik kommunikatsiyalari qurilishi uchun joy ajratsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli davlat organlari “Oʻzbekneftgaz” AJ murojaatlariga koʻra “Uzbekistan GTL” MChJga belgilangan tartibda ushbu loyihani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan tegishli litsenziya va ruxsatnomalarni bersin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mazkur loyihani amalga oshirish doirasida “Uzbekistan GTL” MChJ, uning pudratchilari va yordamchi pudratchilari murojaatlariga koʻra radioelektron aloqa vositalari va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish uchun ruxsatnomalarni belgilangan tartibda bersin.
15. Quyidagilar:
ishlab chiqarish obyektini qurish, tayyorlash va oʻzlashtirish davrida, “Uzbekistan GTL” MChJ, uning pudratchilari va yordamchi pudratchilari tomonidan “Oʻzbekneftgaz” AJ tasdiqlaydigan “Uzbekistan GTL” MChJ buyurtmanomalariga asosan, shu jumladan “vaqtincha olib kirish” rejimida olib kiriladigan tovarlar, xususan, uskuna, avtotransport vositalari, maxsus transport, katalizatorlar, ishlab chiqarishda ishlatiladigan kimyoviy moddalar, materiallar, ehtiyot qismlar, xomashyo, texnik resurslar bojxona toʻlovlaridan;
loyihani amalga oshirish davrida “Uzbekistan GTL” MChJga ish va xizmatlar koʻrsatuvchi xorijiy kompaniyalar daromadlari, shuningdek, xorijiy banklar va moliyaviy institutlar daromadlari loyiha doirasida toʻlov manbai va Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlaridan olinadigan yuridik shaxslar foyda soligʻidan;
“Uzbekistan GTL” MChJning xorijiy xodimlari mazkur loyihani amalga oshirish doirasida oladigan daromadlari jismoniy shaxslarning daromadidan olinadigan soliqdan ozod etilsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzbekneftgaz” AJ tasdiqlaydigan “Uzbekistan GTL” MChJning buyurtmanomalariga asosan loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga vizalar konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekneftgaz” AJ tasdiqlaydigan “Uzbekistan GTL” MChJning buyurtmanomalariga asosan loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan koʻp martali vizalar berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning Oʻzbekiston Respublikasida yashash joyi boʻyicha vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishi va muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Oʻzbekneftgaz” AJ tasdiqlaydigan “Uzbekistan GTL” MChJning buyurtmanomalariga asosan loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi yuqori malakali (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida boʻlmagan) mutaxassislarni Oʻzbekiston Respublikasiga jalb qilish uchun ruxsatnomalar berilishini, shuningdek, ushbu xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.
19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 15-oktabr,
PQ-1206-son