O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
QIMMATLI QOG‘OZLAR BOZORINI RIVOJLANTIRISh VA RESPUBLIKANING FOND BOZORIDA XORIJIY INVESTORLAR IShTIROKINI KENGAYTIRISh BORASIDAGI QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Ushbu Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 24-yanvardagi PF-3202-sonli “O‘zbekiston iqtisodiyotida xususiy sektorning ulushi va ahamiyatini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Qimmatli qog‘ozlar bozorini yanada rivojlantirish va kengaytirish, fond bozorida investorlar, shu jumladan xorijiy investorlarning faolligini oshirish maqsadida:
1. Shu narsa belgilansinki, davlat o‘z ulushini saqlab qoladigan ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatlarining ustav sarmoyasini shakllantirish chog‘ida xususiylashtirilgan korxonalar aksiyalarining quyidagi paketlari ko‘zda tutiladi:
davlatga — aksiyalarning ko‘pi bilan 25 foizi;
mehnat jamoasiga — aksiyalarning ko‘pi bilan 26 foizi;
xorijiy investorga sotish uchun — aksiyalarning kamida 25 foizi;
qolgan qismi — erkin savdoga.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ayrim hollarda xorijiy investorlar ishtirokida tashkil etiladigan aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyalari paketini tender (tanlov) shartlari asosida taqsimlash to‘g‘risida qarorlar qabul qilish huquqi berilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, mazkur tartib emissiya prospekti ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan boshlab bir yil mobaynida amal qiladi, shundan keyin sotib olinmagan aksiyalarning hammasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi tomonidan yuridik va jismoniy, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga erkin sotish uchun qo‘yiladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi, qimmatli qog‘ozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Markazi bir hafta muddatda davlat korxonalari negizida tashkil qilingan aksiyadorlik jamiyati ta’sischilari o‘rtasida aksiyalarni taqsimlashni ta’minlash mexanizmining normativ-huquqiy asosini takomillashtirishga oid takliflarni ishlab chiqib, taqdim etsinlar.
4. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Davlat mulki qo‘mitasi raisi V.A. Chjen zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 31-mart,
PF-1740-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 3-son, 88-modda; 2003-y., 1-son, 13-modda)