Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDA JAHON MUAMMOLARI INSTITUTINI TAShKIL ETISh
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mustaqil va suveren mamlakat sifatida Oʻzbekiston davlat tarixining yangi ehtiyojlaridan, uni rivojlantirish istiqbollari va strategiyasini har tomonlama asoslash hamda ilmiy jihatdan puxta ishlab chiqish, jahon demokratik islohotlari va konstitutsiyaviy hokimiyatning samarali ishlashi tajribasini hisobga olish, respublika ichki va tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish, uning iqtisodiy va ijtimoiy turmushida tub islohotlarni amalga oshirish, shuningdek uning milliy manfaatlarini himoya qilish zaruratidan kelib chiqib:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti huzurida Jahon muammolari instituti tashkil qilinsin.
2. Quyidagilar institut faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:
— Oʻzbekistonning davlat, siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy taraqqiyoti muqobil konsepsiyalari hamda andozalarini ishlab chiqish va ekspert bahosini berish;
— umumjahon taraqqiyoti tendensiyalari va xususiyatlari toʻgʻrisida tahliliy materiallar tayyorlash hamda ularning taraqqiyot istiqbolini belgilash;
— eng nufuzli xalqaro, hukumatlararo va mintaqaviy siyosiy hamda iqtisodiy institutlar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari va xususiyatini tahlil qilish;
— turli mamlakatlar bilan mintaqalarning siyosiy va iqtisodiy turmushini qiyosiy oʻrganish, ularning rivojlanish tajribasini umumlashtirish;
— tashqi siyosiy faoliyatda Oʻzbekiston milliy manfaatlarining yoʻnalishlarini belgilashga doir tadqiqotlarni tashkil etish hamda ularga muhofaza qilishga oid tavsiyanomalarni tayyorlash;
— harbiy siyosat sohasida tadqiqotlar oʻtkazish va respublikaning mudofaa konsepsiyasini ishlab chiqishda qatnashish;
— Oʻzbekistonda ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilgan bozor iqtisodi uning tarmoqlari majmuini shakllantirish jarayonlarini har tomonlama tahlil etish;
— respublikaning boshqa mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlik qilishida eng maqbul yoʻllar va yoʻnalishlarni izlash;
— respublika xorijiy sheriklar bilan tuzadigan iqtisodiy va bitimlarining loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish;
— jahon maydonida umumiy savdo holatini oʻrganish va Oʻzbekistonning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish shakllarini izlash;
— jahon tajribasini hisobga olib Oʻzbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirishga oid takliflar va tavsiyalarni tayyorlash;
— respublikada qabul qilinadigan qonunlar va huquqqa oid hujjatlarning loyihalariga xalqaro huquq nuqtai nazaridan ekspert bahosini berish;
— millatlararo munosabatlarni oʻrganish hamda milliy va fuqarolar totuvligini taʼminlashga oid tavsiyalarni ishlab chiqish;
— muntazam suratda sotsiologik savol-javoblar oʻtkazish va ekspert baholar berish yoʻli bilan respublikaning ichki va tashqi siyosati toʻgʻrisida jamoatchilikning, shu jumladan xalqaro jamoatchilikning fikrini oʻrganish Oʻzbekiston toʻgʻrisida xolisona tasavvurlarni shakllantirish yuzasidan tavsiyanomalar ishlab chiqish;
— jahon matbuoti va vaqtli nashrlarining tezkor sharhlarini tayyorlash;
— siyosiy va iqtisodiy tusdagi vaqtli maʼlumotnomalar chiqarish.
3. Aniq tadqiqot dasturlari va ilmiy topshiriqlarni bajarish uchun yuqori malakali mutaxassislar shartnoma asosida institutda ishlashga qabul qilinsin.
Institutga qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish uchun katta ilmiy markazlarning mavjud potensialini, taniqli olimlarni, shu jumladan xorijiy mamlakatlarning taniqli olimlarini oʻrindoshlik sharti bilan jalb etish va yakka shaxsiy shartnomalar tuzish huquqi berilsin.
Institutga amaldagi qonunlarga muvofiq shartnomaviy asosda tadqiqot ishlarini bajarishga ruxsat berilsin.
4. Institutga oʻzbek, ingliz va rus tillarida yiliga 6-marta har bir soni 6—8 bosma tabogʻi hajmida boʻlgan “Oʻzbekiston va hozirgi dunyo” nomli ijtimoiy-siyosiy jurnal, shuningdek vaqtli nashrlar hamda mavzularga oid toʻplam chiqarishga ruxsat etilsin.
5. Jahon muammolari institutini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy va moliyaviy masalalarni hal etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat kotibi oʻrtoq R.R. Rajabov raisligida komissiya tuzilsin.
Komissiyaga bir hafta muddat ichida mazkur Farmon bajarilishini taʼminlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishining loyihasini taqdim etish topshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 29-avgust,
PF-466-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 10-son, 419-modda)