O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKANING OLIY TA’LIM MUASSASALARINI MOLIYALASHTIRISH TARTIBINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2010/2011 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida” 2010-yil 28-maydagi PQ-1345-son qarorini bajarish yuzasidan, respublikaning oliy ta’lim muassasalarini moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish, budjet mablag‘laridan oqilona, samarali va maqsadli foydalanilishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2010-yil 1-sentabrdan boshlab:
bir talabani o‘qitish xarajatlarining bazaviy normatividan kelib chiqib har bir oliy ta’lim muassasasi uchun budjetdan moliyalashtirish hajmini belgilashni;
bir talabani o‘qitish xarajatlarining bazaviy normativlariga oliy ta’lim muassasalari ta’minoti xarajatlarini, shu jumladan mehnatga haq to‘lashga va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga xarajatlarni, ish haqiga, stipendiyalarga hisoblangan, ta’lim muassasalarini moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasini shakllantirishga, shuningdek boshqa xarajatlarga, shu jumladan oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirishga va ularning moddiy-texnika bazasini yaxshilashga xarajatlarni kiritishni;
oliy ta’lim muassasalarini xarajatlarning bazaviy normativlarini belgilashda talabalar tayyorlashning asosiy yo‘nalishlariga, ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasi ta’minoti bo‘yicha shakllanayotgan xarajatlarga qarab guruhlarga bo‘lishni, shuningdek ayrim ta’lim muassasalarida barcha ta’lim muassasalarini ishonchli moliyaviy ta’minlashga ko‘maklashadigan xarajatlarning bazaviy normativlariga tuzatish koeffitsiyentlarini qo‘llashni;
oliy ta’lim muassasalariga ajratilayotgan budjet mablag‘laridan oqilona foydalanishdan ularning manfaatdorligini oshirishni, budjet mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi uchun mas’uliyatini kuchaytirishni va budjet intizomini mustahkamlashni nazarda tutadigan bir talabani o‘qitish xarajatlaridan kelib chiqib budjet mablag‘lari hisobiga oliy ta’lim muassasalari xarajatlarini normativ rejalashtirish va moliyalashtirish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda:
bir hafta muddatda Bir talabani o‘qitish xarajatlaridan kelib chiqib budjet mablag‘lari hisobiga oliy ta’lim muassasalarining xarajatlarini normativ-rejalashtirish va moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni belgilangan tartibda tasdiqlasin;
budjet mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan respublika oliy ta’lim muassasalari bo‘yicha bir talabani o‘qitish xarajatlarining bazaviy normativlarini har yili tasdiqlasin, zaruriyat bo‘lganda, unga o‘zgartirishlar kiritsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda oliy ta’lim muassasalarining takomillashtirilgan namunaviy shtatlarini tasdiqlasin va 2010-yil 1-noyabrdan boshlab amalga kiritsin, budjet mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan oliy ta’lim muassasalarining ma’muriy-boshqaruv va yordamchi xodimlari sonini maqbullashtirishni nazarda tutsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, oliy ta’lim muassasalariga ega bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
budjet mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan oliy ta’lim muassasalarining barcha mavjud maydonlarining bandligini va ulardan samarali foydalanilishini bir oy muddatda yalpi xatlovdan o‘tkazsin;
xatlov yakunlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarining ortiqcha va foydalanilmayotgan ko‘chmas mulkini sotish yoxud undan boshqa samarali foydalanishning usullari bo‘yicha takliflar kiritsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi oliy ta’lim muassasalarida budjet intizomiga rioya qilinishi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlasin, zaruriyat bo‘lganda, xarajatlarning bazaviy normativlari hisob-kitobida taqdim etilgan ko‘rsatkichlarning ishonchliligini tekshirsin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 431-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 06.08.2022-y., 09/22/431/0716-son)
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 16-avgust,
178-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 33-son, 276-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 06.08.2022-y., 09/22/431/0716-son)