(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ba’zi qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Sud amaliyotida ayrim muammolar vujudga kelayotganligi munosabati bilan va iqtisodiy sudlar tomonidan davlat boji to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumi qaror qiladi:
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
1. Iqtisodiy sudlarning e’tibori davlat boji yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun olinadigan majburiy to‘lov ekanligiga qaratilsin.
(1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Davlat boji O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi (bundan buyon matnda SK deb yuritiladi), O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) va davlat boji to‘g‘risidagi boshqa qonun hujjatlariga asosan undiriladi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
2. SK 328-moddasining 2-bandiga muvofiq iqtisodiy sudlar tomonidan davlat boji quyidagilardan undiriladi: da’vo arizalaridan; tashkilotlarni va fuqarolarni bankrot deb topish to‘g‘risidagi arizalardan; nizo predmeti yuzasidan mustaqil talablarni bildirgan uchinchi shaxs sifatida ishga kirishish to‘g‘risidagi arizalardan; yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi arizalardan; iqtisodiy sudning qarorlari, ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan berilgan, da’voni ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risidagi, sud jarimalarini solish to‘g‘risidagi ajrimlari ustidan berilgan apellatsiya va kassatsiya shikoyatlaridan; hakamlik sudining qarorlarini bekor qilish to‘g‘risidagi, hakamlik sudining qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi arizalardan; iqtisodiy sudning hakamlik sudi qarorlarini bekor qilish to‘g‘risidagi, shuningdek hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish to‘g‘risidagi va ijro varaqasini berishni rad etish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ajrimlari ustidan apellatsiya va kassatsiya shikoyatlaridan.
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
IPK 311-moddasining beshinchi qismiga ko‘ra, nazorat shikoyatiga belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji hamda pochta xarajatlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar ham ilova qilinishi kerak;
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
Shuningdek, davlat boji da’vo miqdorini ko‘paytirish, sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi arizalardan va iqtisodiy sudlar tomonidan hujjatlarning nusxalarini berganlik uchun ham undiriladi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
3. O‘zlarining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishni so‘rab iqtisodiy sudlarga murojaat qilayotgan yuridik va jismoniy shaxslar (fuqarolar, chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar) davlat bojini to‘lovchilardir, agar ular uni to‘lashdan ozod etilgan bo‘lmasa.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
4. IPK 149-moddasi ikkinchi qismining 3-bandiga muvofiq, agar da’vo baholanishi lozim bo‘lsa, da’vo arizasida da’voning bahosi ko‘rsatilishi kerak. Da’vo bahosining ko‘rsatilishi davlat boji to‘g‘ri to‘langanligini tekshirish uchun zarur, chunki belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji to‘lanmaganda, iqtisodiy sud IPK 155-moddasi birinchi qismining 6-bandiga muvofiq da’vo arizasini qaytaradi, davlat bojini to‘lashni kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash uchun ruxsat berish to‘g‘risidagi iltimosnoma qanoatlantirilgan hollar bundan mustasno.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
4.1. Nazarda tutish kerakki, pul mablag‘larini undirish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha da’voning bahosi talab qilinayotgan summadan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Mulk huquqini tan olish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha (masalan, mulkka egalik huquqi to‘g‘risida, mulkdagi ulushga bo‘lgan huquqni tan olish to‘g‘risida, umumiy mulkdan ulushni ajratish to‘g‘risida) davlat boji ushbu mulk yoki uning ulushi bahosidan kelib chiqqan holda to‘lanadi.
Shartnomalarni tuzishdan oldin kelib chiqqan nizolar bo‘yicha, shartnomalarni o‘zgartirish va bekor qilish to‘g‘risida, shartnomani (bitimni) haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida, shuningdek binoni bo‘shatish to‘g‘risida (ko‘chirish to‘g‘risida)gi da’volar baholanmaydi. Bunday da’volar bo‘yicha davlat boji nomulkiy xususiyatdagi da’vo arizalari uchun belgilangan miqdorlarda to‘lanadi.
(4.1-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2015-yil 19-iyundagi 284-sonli qarori tahririda)
4.2. Mol-mulkni talab qilib olish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha da’vo bahosi mol-mulkning qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Biroq hisobga olish kerakki, da’vo taqdim etilgan paytda talab qilib olinayotgan mol-mulkning bahosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, qoida tariqasida, taxminiy xaraktyerga ega, chunki da’vogarda mol-mulkning haqiqiy bahosini aniqlash majburiyati yo‘q. Sudning talab qilinayotgan mol-mulk bahosining kamaytirilishi munosabati bilan arizachi tomonidan davlat boji kam miqdorda to‘langanligi to‘g‘risidagi taxmini, da’vo arizasini qaytarish uchun asos bo‘lmaydi. Iqtisodiy sud talab qilinayotgan mol-mulkning bahosi kamaytirilgan deb topgan hollarda va ishni ko‘rish davomida mol-mulkning haqiqiy bahosini aniqlaganda, davlat bojining yetishmayotgan qismi ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha undirilishi kerak.
(4.2-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
4.3. IPK 149-moddasining beshinchi qismiga ko‘ra, da’vogar o‘zaro bog‘liq bo‘lgan bir necha talabni bitta da’vo arizasida birlashtirishga haqli. Bunday hollarda da’vo bahosi barcha talablarning summasiga qarab aniqlanadi. SK 337-moddasining to‘rtinchi qismiga muvofiq bir yoki bir nechta birlashgan da’vo talablari alohida ish yuritish uchun ajratilgan taqdirda, da’vo taqdim etilganda to‘langan davlat boji qayta hisoblab chiqilmaydi va qaytarilmaydi. Alohida ish yuritishga ajratganlik yuzasidan davlat boji ikkinchi bor to‘lanmaydi.
(4.3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Ish IPKning 39-moddasiga asosan boshqa iqtisodiy sudga ko‘rish uchun o‘tkazilganda, sud tomonidan avval to‘langan davlat boji (pochta xarajatlari) inobatga olinishi kerak.
(4.3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
4.4. IPK 114-moddasining ikkinchi qismiga ko‘ra da’voning bahosiga da’vo arizasida ko‘rsatilgan neustoyka (jarima, penya) summalari ham kiritiladi. Sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, agar da’vo arizasida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 327-moddasiga asosan boshqa shaxslarning pul mablag‘laridan foydalanganlik uchun foizlarni undirish to‘g‘risidagi talablar mavjud bo‘lsa, da’vo bahosiga ushbu foizlar ham kiritiladi.
(4.4-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
4.5. Bir necha da’vogarlar tomonidan bir necha javobgarlarga nisbatan IPK 44-moddasining birinchi qismi tartibida da’vo taqdim etilganda, davlat boji da’voning umumiy summasidan kelib chiqqan holda hisoblanadi va da’vogarlar tomonidan ular qo‘ygan talablar ulushiga mutanosib tarzda to‘lanadi.
(4.5-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
4.6. Agar apellatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyatlari berilganda sud hujjatining faqat undirish yoki undirishni rad etish qismi shikoyat qilinayotgan bo‘lsa, davlat boji nizolashilayotgan summadan kelib chiqib hisoblanadi.
Sud hujjatining faqatgina davlat bojiga oid qismi shikoyat qilingan taqdirda, davlat boji to‘lanmaydi. Bunda sudlarning e’tibori apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyatini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha nizolashilayotgan sud hujjatining davlat bojidan tashqari qismi o‘zgartirilgan yoki bekor qilinganda, davlat bojini undirish masalasi IPKda nazarda tutilgan umumiy tartibda hal qilinishiga qaratilsin.
(4.6-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
4.7. IPKning 139-moddasiga ko‘ra sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi ariza uchun sudga da’vo bilan umumiy tartibda murojaat qilganda nizolashilayotgan summa asosida hisoblab chiqilgan stavkaning ellik foizi miqdorida davlat boji to‘lanadi.
(4.7-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Sudlarga tushuntirilsinki, sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi ariza bo‘yicha to‘lanadigan (undiriladigan) davlat boji miqdori eng kam ish haqining 50 foizidan kam bo‘lmasligi lozim, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilgan holda esa to‘lanadigan davlat bojining miqdori eng kam ish haqining 25 foizidan kam bo‘lmasligi lozim.
(4.7-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2015-yil 19-iyundagi 284-sonli qarori tahririda)
(4.7-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2013-yil 5-dekabrdagi 255-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
5. SK 337-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq sud dastlabki da’vogarni uning roziligi bilan boshqa shaxs bilan almashtirganda, bu shaxs davlat bojini umumiy asoslarda to‘lashi kerak. Iqtisodiy sudlar nazarda tutishlari kerakki, ushbu holda dastlabki da’vogar tomonidan to‘langan davlat boji unga qaytarilmaydi.
(5.1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Da’vo arizasi da’vogar tomonidan davlat boji to‘lanmasdan taqdim etilganda va u huquqiy voris bilan almashtirilganda, davlat boji huquqiy vorisdan undiriladi.
Uchinchi shaxslarning ishga mustaqil da’vo talablari bilan kirish to‘g‘risidagi arizalardan davlat boji umumiy asoslarda undiriladi.
6. SK 336-moddasining birinchi qismiga ko‘ra davlat boji, agar SKning XVII bo‘limida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, iqtisodiy sudga murojaat qilingunga qadar to‘lanadi. Bunda da’vogar da’vo taqdim qilganda, javobgar qarshi da’vo taqdim qilganda (IPKning 160-moddasi), da’vo predmeti yuzasidan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs ariza taqdim qilganda davlat boji to‘laydi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
7. Qonunda belgilangan hollarda va asoslarda iqtisodiy sud da’vogarning arizasiga ko‘ra, uning mulkiy ahvoliga qarab, davlat bojini to‘lashni kechiktirishga yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash uchun ruxsat berishga haqli. Jumladan, SK 337-moddasining yigirma oltinchi qismiga ko‘ra, pul mablag‘lari mavjud bo‘lmagan, bu xizmat ko‘rsatuvchi bank tomonidan tasdiqlangan taqdirda, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarga sudning ajrimiga ko‘ra, davlat bojini kechiktirib to‘lashga ruxsat berilishi mumkin. Shuni nazarda tutish kerakki, iqtisodiy sud ushbu shaxslar apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyati bilan murojaat qilganda ham davlat bojini to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash uchun ruxsat berishga haqli.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
7.1. Davlat boji to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash uchun ruxsat berish manfaatdor tarafning yozma iltimosnomasi bo‘yicha amalga oshiriladi. Iltimosnoma da’vo arizasida (arizada), apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyatida yoxud alohida arizada bayon etilishi mumkin.
Da’vo arizasi (ariza), apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyati bilan murojaat qilingunga qadar davlat boji to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash to‘g‘risidagi iltimosnoma iqtisodiy sud tomonidan qabul qilinmaydi.
Iltimosnomada da’vo arizasi (ariza), apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyatini berishda manfaatdor tarafning mulkiy ahvoli davlat bojini belgilangan tartibda to‘lash imkoniyatini bermasligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan holda davlat boji to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash asoslari keltirilishi lozim.
(7.1-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
7.2. Davlat boji to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash to‘g‘risidagi iltimosnoma faqat obyektiv asoslar bo‘lganda va taqdim etilgan hujjatlar davlat boji to‘lash uchun zarur bo‘lgan miqdordagi pul mablag‘lari bank hisob raqamlarida mavjud emasligini tasdiqlagan hollarda qanoatlantirilishi mumkin. Bunday hujjatlar bo‘lmaganida iltimosnomani qanoatlantirish rad qilinadi.
7.3. Iltimosnomani qanoatlantirish haqida da’vo arizasi (ariza), apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyatini qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda, iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqida da’vo arizasi (ariza), apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyatini qaytarish to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatiladi. Ajrimda iltimosnomani qanoatlantirish yoxud uni qanoatlantirishni rad etish asoslari ko‘rsatilishi kerak.
Iltimosnomani qanoatlantirish rad etilishi munosabati bilan da’vo arizasi (ariza), apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatini qaytarish to‘g‘risidagi ajrim ustidan umumiy asoslarda shikoyat qilinishi mumkin. Bunday shikoyatlar uchun davlat boji to‘lanmaydi.
(7.3-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
7.4. Agar sud majlisi kuniga qadar davlat boji to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash uchun ruxsat berilgan bo‘lib, taraf ushbu muddatda uning to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa, iqtisodiy sud tomonidan davlat bojini tegishli tarafdan undirish masalasi hal qiluv qarori, ajrim, qaror qabul qilinganda hal etiladi. Agar xo‘jalik sudi da’vo talablarini (shikoyatni) qanoatlantirsa, davlat boji ikkinchi tarafdan bevosita budjet daromadiga undiriladi. Da’vo talablarini (shikoyatni) qanoatlantirish rad etilganda davlat boji uni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash uchun ruxsat berilgan shaxsdan budjetga undiriladi.
(7.4-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
7.5. SK 337-moddasining yigirma yettinchi qismiga ko‘ra aksiyadorlar aksiyadorlik jamiyatining faoliyatidan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risidagi da’vo bilan iqtisodiy sudga murojaat qilgan taqdirda aksiyadorlarga davlat bojini to‘lash muddati kechiktirilib, bu boj keyinchalik aybdor tarafdan undirib olinadi.
(7.5-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
8. SK 336-moddasining birinchi qismiga ko‘ra davlat boji naqd pulli yoki naqd pulsiz shaklda to‘lanadi.
Davlat boji naqd pulsiz shaklda to‘langanligi xizmat ko‘rsatuvchi bankning belgisi bo‘lgan to‘lov topshiriqnomalari hamda pul qabul qilinganligi va davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiyalar (asli) da’vo arizalari (arizalar), apellatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyatlariga ilova qilinadi hamda ish hujjatlariga qo‘shib qo‘yiladi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Shuni hisobga olish kerakki, mulkiy nizo bo‘yicha iqtisodiy sudga da’vo arizasi berilganda, agar da’vo qiymati, shartnoma summasi chet el valyutasida belgilangan bo‘lsa, davlat boji, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda chet el valyutasida undirilishi mumkin.
(8-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
9. SKning 327-moddasiga muvofiq yuridik ahamiyatga molik harakatlar amalga oshirilishi va (yoki) hujjatlar berilishi xususida vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslarga murojaat qilayotgan yuridik va jismoniy shaxslar davlat bojini to‘lovchilardir. Shundan kelib chiqib, sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, davlat boji ishda ishtirok etmayotgan shaxs tomonidan to‘lanishi mumkin emas. Agar davlat boji da’vogar (arizachi), apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyati beruvchi shaxs o‘rniga boshqa shaxs tomonidan to‘langan bo‘lsa (korxona uchun uning rahbari yoki ta’sischisi tomonidan davlat boji to‘langan hollar bundan mustasno), davlat boji haqiqatda to‘lanmaganligidan kelib chiqqan holda, da’vo arizasi (ariza), apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyati tegishincha IPK 155-moddasi birinchi qismining 6-bandi, 269-moddasi birinchi qismining 3-bandi, 292-moddasi birinchi qismining 4-bandi va 313-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan qaytarilishi lozim.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
10. Mulkiy xususiyatdagi da’vo arizalari (arizalar) bilan murojaat qilinganda davlat boji miqdori undiriladigan summadan kelib chiqib aniqlanadi. Nomulkiy xususiyatdagi da’vo arizalaridan (arizalardan), bankrotlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi arizalardan, shartnomani tuzish, o‘zgartirish yoki bekor qilishdan kelib chiqadigan nizo bo‘yicha davlat boji eng kam oylik ish haqining miqdoridan kelib chiqqan holda to‘lanadi.
Bir vaqtning o‘zida mulkiy va nomulkiy xususiyatga ega bo‘lgan da’vo arizalari (arizalar) uchun mulkiy xususiyatdagi da’vo arizalari uchun belgilangan stavkalar bo‘yicha va nomulkiy xususiyatdagi da’vo arizalari uchun belgilangan stavkalarga ko‘ra har bir talab bo‘yicha alohida-alohida davlat boji to‘lanadi.
11. Nomulkiy xususiyatdagi da’vo arizalaridan (arizalardan), bankrotlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza, shartnomani tuzish, o‘zgartirish yoki bekor qilishdan kelib chiqadigan nizo bo‘yicha davlat boji uni berish kunida amalda bo‘lgan eng kam oylik ish haqining miqdoridan kelib chiqqan holda to‘lanadi.
Ushbu toifadagi ishlar bo‘yicha apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyatlari bilan murojaat qilinganda davlat boji da’vo arizasi (ariza) berilgan kunda amalda bo‘lgan eng kam oylik ish haqining miqdoridan kelib chiqqan holda to‘lanadi.
(11-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Iqtisodiy sud tomonidan sud hujjatlarining dublikatlarini va ishdan boshqa hujjatlarning nusxalarini berish uchun davlat boji uni to‘lash kunida amalda bo‘lgan eng kam oylik ish haqining miqdoridan kelib chiqqan holda to‘lanadi.
(11-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
12.1. Da’vo arizalari so‘mlarda berilganda davlat bojining to‘lovi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi “Davlat boji stavkalari haqida”gi 533-sonli qarori bilan tasdiqlangan davlat boji stavkalariga muvofiq amalga oshiriladi.
12.2. Chet el tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar da’vo arizalarini (arizalar), apellatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyatlarini berganda, agar xalqaro shartnomalarda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, davlat bojini umumiy asoslarda to‘laydi.
(12.2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchisi bo‘lgan 1993-yil 24-dekabrda Ashxobod shahrida “Turli davlatlarning xo‘jalik yurituvchi subyektlari o‘rtasidagi xo‘jalik nizolarini hal etishda davlat bojlari miqdori va uni undirib olish tartibi to‘g‘risida”gi Bitimni imzolagan MDH davlatlar-ishtirokchilarining birini hududida joylashgan xo‘jalik yurituvchi subyekti boshqa davlatning sudiga da’vo bilan murojaat qilganida, davlat boji ushbu Bitimda belgilangan tartibda va stavkalarda hisoblab chiqiladi hamda to‘lanadi.
12.3. Iqtisodiy sudlarga davlat bojini to‘lashdan ozod qilish yoki uning miqdorini kamaytirish huquqi berilmagan. Davlat bojini undirish masalalarini hal qilishda iqtisodiy sudlar SK va davlat boji to‘g‘risidagi boshqa qonun hujjatlariga amal qilishlari zarur.
(12.3-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
13. Davlat bojini qaytarish asoslari va tartibi SKning 342 moddasida va IPKning 115-moddasida nazarda tutilgan bo‘lib, ularga ko‘ra davlat boji quyidagi hollarda to‘liq yoki qisman qaytarilishi kerak: qonun hujjatlarida talab qilinganidan ortiqcha miqdorda davlat boji to‘langanida; arizani (shikoyatni) qabul qilish rad etilganda; ariza (shikoyat) da’vogarga qaytarilganda; agar ish sudga taalluqli bo‘lmasa, ishni yuritish tugatilganda; ishda qatnashgan shaxs vafot etganida, agar nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yo‘l qo‘ymasa; da’vogar nizoni sudga qadar hal etish (pretenziya bildirish) tartibiga rioya etmaganida, agar bu hol qonunda ushbu toifadagi nizolar uchun yoki taraflarning shartnomasida nazarda tutilgan hamda bunday hal etish imkoniyati boy berilgan bo‘lsa; agar ishda qatnashayotgan yuridik shaxs tugatilgan bo‘lsa; sud buyrug‘i chiqarish to‘g‘risidagi arizani qabul qilish rad etilganda.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
14. Shuni inobatga olish kerakki, umumiy qoida bo‘yicha ishni ko‘rish ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi ajrim chiqarish bilan yakunlanganida davlat boji qaytarilmaydi, to‘lanmagan davlat boji esa da’vogardan undiriladi, agar u davlat boji to‘lashdan ozod qilinmagan bo‘lsa. Shu bilan birga, SK 342-moddasi birinchi qismining 4, 6, 7 va 9-bandlariga muvofiq davlat boji quyidagi hollarda qaytarilishi kerak:
ishda qatnashgan shaxs vafot etganida, agar nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yo‘l qo‘ymasa;
da’vogar nizoni sudga qadar hal etish (pretenziya bildirish) tartibiga rioya etmaganida, agar bu hol qonunda ushbu toifadagi nizolar uchun yoki taraflarning shartnomasida nazarda tutilgan hamda bunday hal etish imkoniyati boy berilganda;
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
15. Iqtisodiy sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, ishni ko‘rish da’voni (arizani) ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risidagi ajrimni chiqarish bilan yakunlanganida davlat boji qaytarilmaydi, to‘lanmagan davlat boji esa da’vogardan undiriladi, agar u davlat boji to‘lashdan ozod qilinmagan bo‘lsa.
Dastlabki da’vo (ariza) ko‘rmasdan qoldirilgandan keyin da’vo arizasi (ariza) bilan iqtisodiy sudga qaytadan murojaat qilinganda davlat boji umumiy asoslarda yangidan to‘lanadi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
16. Apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyatlari qaytarilganda hamda ularni qabul qilish rad etilganda to‘langan davlat boji qaytariladi. Apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyatidan voz kechilgan va shikoyatdan voz kechish sud tomonidan qabul qilingan holda, tegishli sud instansiyasi shikoyat bo‘yicha ish yuritishni tugatadi va to‘langan davlat boji qaytarilmaydi, to‘lanmagan davlat boji esa shikoyat bergan shaxsdan undiriladi.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Neustoyka miqdori iqtisodiy sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga asosan kamaytirilganda, da’vogarning davlat boji bo‘yicha xarajatlari, neustoykani kamaytirmasdan undirilishi lozim bo‘lgan summadan kelib chiqqan holda javobgar tomonidan qoplanadi, agar da’vogar davlat bojini to‘lashdan ozod etilgan bo‘lsa, davlat boji javobgardan (agar u davlat bojini to‘lashdan ozod etilmagan bo‘lsa) davlat daromadiga undiriladi.
(17-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
18. SK 337-moddasining to‘qqizinchi qismiga ko‘ra, da’vo summasi ko‘paytirilgan taqdirda, davlat bojining yetishmayotgan summasi da’voning ko‘paytirilgan summasiga muvofiq undiriladi. Shu bois, da’vo summasini ko‘paytirish to‘g‘risidagi arizaga belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi. Ushbu qoida davlat boji to‘lashdan ozod qilingan davlat organi hamda boshqa tashkilotlar tomonidan manfaatida taqdim etilgan da’vogar tomonidan da’vo talabining miqdori ko‘paytirilganda ham qo‘llaniladi.
(18-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
19. Sudning hal qiluv qarori, ajrimi va qarorida davlat bojini to‘liq yoki qisman qaytarish uchun asos bo‘lgan holatlar ko‘rsatiladi.
20. IPK 115-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra, davlat boji to‘langan, lekin iqtisodiy sudga kelib tushmagan yoki u qaytargan yoxud qabul qilish rad etilgan arizalar, apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyatlari bo‘yicha hamda bojini to‘liq yoki qisman qaytarishni nazarda tutuvchi sud hujjatlari bo‘yicha uni qaytarish sud tomonidan berilgan ma’lumotnoma asosida amalga oshiriladi.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
21. XPK 95-moddasining birinchi qismiga ko‘ra davlat boji ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning qanoatlantirilgan da’vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda yuklanadi.
21.1. Agar hal qiluv qarori da’vogar foydasiga qabul qilingan bo‘lsa, u holda to‘langan davlat boji unga javobgardan undiriladi. Agar hal qiluv qarori javobgar foydasiga qabul qilingan bo‘lsa, u holda to‘langan davlat boji da’vogarga qaytarilmaydi.
Da’vo qisman qanoatlantirilganda davlat boji bo‘yicha sud xarajatlari xo‘jalik sudi tomonidan da’vogarga qanoatlantirilgan da’vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda hamda javobgarga da’vogarga da’vo talablari rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi.
21.2. Davlat bojini to‘lashdan ozod etilgan bitta yoki bir nechta da’vogarlarning bir nechta javobgarlarga taqdim etilgan da’vo (to‘liq yoki qisman) qanoatlantirilganda, iqtisodiy sudning hal qiluv qarori bo‘yicha undirilgan summadan kelib chiqqan holda davlat bojini undirish har bir javobgardan alohida amalga oshiriladi. Agar bunday da’vo bir nechta da’vogarlar tomonidan bitta javobgarga taqdim etilgan bo‘lsa, davlat boji umumiy undirilgan summaga qarab javobgardan undiriladi.
(21.2-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
21.3. XPK 95-moddasining uchinchi qismida agar ish ishda ishtirok etuvchi shaxs tomonidan shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibini buzish (talabnomani javobsiz qoldirish, talab qilingan hujjatlarni jo‘natmaslik) oqibatida kelib chiqqan bo‘lsa, xo‘jalik sudi ishning natijasidan qat’i nazar, davlat boji bo‘yicha sud xarajatlarini shu shaxsga yuklashga haqliligi nazarda tutilgan.
Oldingi tahrirga qarang.
(21.3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2015-yil 19-iyundagi 284-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
21.4. Iqtisodiy sudga murojaat etilgandan keyin javobgar tomonidan da’vogarning talabi ixtiyoriy qanoatlantirilganda, davlat boji javobgarga yuklanadi.
(21.4-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
22. XPK 138-moddasining to‘qqizinchi qismiga muvofiq hal qiluv qarorining xulosa qismida ishda ishtirok etuvchi shaxslar o‘rtasida davlat boji bo‘yicha sud xarajatlarining qanday taqsimlanishi haqida ko‘rsatiladi. Ushbu qoida ishni ko‘rish ish yuritishni tugatish va da’voni ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risidagi ajrimni chiqarish bilan yakunlangan hollarga ham tatbiq etiladi.
Ishni apellatsiya, kassatsiya instansiyalari sudlarida yoki nazorat tartibida ko‘rishda sud hujjatlari o‘zgartirilgan yoki bekor qilingan holda, iqtisodiy sud qarorda ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan oldindan to‘langan davlat boji bo‘yicha xarajatlarni hisobga olib qayta taqsimlash masalasini ko‘rib chiqishi lozim.
(22-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Sud hujjati bekor qilingan va ish yangidan ko‘rish uchun sud hujjati bekor qilingan xo‘jalik sudi instansiyasiga yuborilganda, davlat boji bo‘yicha sud xarajatlarini taqsimlash masalasi ishni yangidan ko‘rayotgan iqtisodiy sud tomonidan to‘langan davlat boji va da’vo talablarining qanoatlantirilgan miqdori hisobga olingan holda hal etiladi.
(22-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
23. Da’vogar davlat bojini to‘lashdan belgilangan tartibda ozod etilgan bo‘lib, javobgar davlat boji to‘lashdan ozod etilmagan bo‘lsa, davlat boji javobgardan budjet foydasiga qanoatlantirilgan da’vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi. Agar ikkala taraf ozod etilgan bo‘lsa, unda davlat boji undirilmaydi.
24. Agar ishda ishtirok etuvchi shaxslar kelishuv bitimi tuzgan bo‘lib, unda qonun hujjatlariga xilof bo‘lmagan yoki boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmaydigan davlat boji bo‘yicha sud xarajatlarini taqsimlash haqidagi shart mavjud bo‘lsa, iqtisodiy sud davlat bojini ushbu kelishuvga muvofiq taqsimlaydi.
(24-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Agar kelishuv bitimida davlat boji bo‘yicha sud xarajatlarini taqsimlash haqidagi shart bo‘lmasa, iqtisodiy sud ushbu masalani IPKda belgilangan umumiy tartibda kelishuv bitimini tasdiqlash paytida hal qiladi.
(24-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Sudlar shuni inobatga olishi lozimki, kelishuv bitimini tasdiqlashda davlat boji da’vo arizasida ko‘rsatilgan talablardan kelib chiqib hisoblanadi.
(24-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2016-yil 17-iyundagi 299-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
25. Da’vo arizasi (ariza) berilganda iqtisodiy sudlarda davlat bojini to‘lashdan davlat organlari, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek SKning 330-moddasida nazarda tutilgan boshqa tashkilotlar ozod qilinadilar.
Shuni nazarda tutish kerakki, davlat boji to‘lashdan ozod etilgan davlat organlari iqtisodiy sudlarga sud hujjatlari ustidan apellatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyatlari bilan murojaat qilganda ham ular davlat boji to‘lashdan ozod qilinadilar. Ushbu qoida ular sud protsessida javobgarlar sifatida ishtirok etgan hollarga ham tatbiq etiladi.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
26. Davlat bojini to‘lashdan ozod qilish asoslari SKning 330-moddasi va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilangan. Bunda shuni nazarda tutish kerakki, davlat bojini to‘lashdan ozod qilish deganda to‘liq ozod qilish yoxud iqtisodiy sudga da’vo arizasi (ariza) berganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish tushuniladi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tadbirkorlik faoliyati doirasida sudga murojaat qilishda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalari 2-bandining “a” — “g” va “e” kichik bandlarida belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji to‘laydi. Bunda kichik biznes subyektlarining maqomi da’vo arizasiga ilova qilinadigan iqtisodiy sudga murojaat qilingan sanadan ko‘pi bilan o‘ttiz kun oldingi sana qayd etilgan statistika organining yoki davlat soliq xizmati organining ma’lumotnomasi bilan tasdiqlanishi lozim, yakka tartibdagi tadbirkorlar bundan mustasno.
Agar iqtisodiy sudga murojaat qilishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti tomonidan belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji to‘langan bo‘lib, da’vo talablari qanoatlantirilganda ishni ko‘rish natijasi bo‘yicha javobgardan undiriladigan davlat bojining miqdori da’vogar tomonidan to‘lab chiqilgan summa bilan chegaralanadi. Da’vo rad etilgan taqdirda, davlat boji da’vogardan qo‘shimcha ravishda undirilmaydi.
Agar iqtisodiy sud murojaat qilishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektiga davlat boji to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi berilgan bo‘lsa, davlat boji ishni ko‘rish natijasi bo‘yicha tegishli tarafdan belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida IPK 118-moddasining birinchi qismida belgilangan tartibda undiriladi.
Ushbu ishlar bo‘yicha apellatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyatlari uchun birinchi instansiya sudiga to‘langan (undirilgan) davlat bojining 50 foizi miqdorida boj to‘lanadi.
(26-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(26.2-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(26.3-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(26.5-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
26.6. SK 330-moddasining 32-bandiga ko‘ra, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyatlari ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha iqtisodiy sudlarida davlat bojidan ozod qilinadi.
(26.6-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Sudlarga tushuntirilsinki, bunday da’voni qanoatlantirish rad etilganda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyatidan davlat boji undirilmaydi, da’vo qanoatlantirilganda esa SK 337-moddasining o‘ninchi qismiga muvofiq davlat boji javobgardan (agar u davlat bojini to‘lashdan ozod etilmagan bo‘lsa) davlat daromadiga undiriladi.
(26.6-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2016-yil 23-dekabrdagi 307-sonli qaroriga asosan kirtilgan)
27. “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 13-moddasining birinchi qismiga va SK 330-moddasining 6-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari davlat boji to‘lamasdan sudga Palata a’zolari manfaatlarini ko‘zlab da’vo taqdim etish, shuningdek davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish huquqiga ega, bunda ushbu huquqlar u tomonidan tashkil etilgan korxona va tashkilotlarga o‘tkazilishi mumkin emas.
(27-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2011-yil 1-dekabrdagi 235-sonli qarori tahririda)
28. SK 330-moddasining 21-bandiga ko‘ra iqtisodiy sudlarda da’vogarlar va javobgarlar sifatida qatnashayotgan davlat soliq xizmati organlari, moliya hamda bojxona organlari davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan. Ammo, shuni nazarda tutish kerakki, davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan javobgarga berilgan da’vo talablari qanoatlantirilganda, da’vogarga davlat boji bo‘yicha qilingan xarajatlari qoplanadi. Shu munosabat bilan iqtisodiy sud javobgar — davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan davlat organidan davlat bojini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni da’vogar foydasiga undirish bo‘yicha choralarni ko‘radi.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
29. Davlat boji to‘lashdan ozod qilingan davlat organlari hamda boshqa shaxslar tomonidan yuridik shaxslar va fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab taqdim etilgan da’vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan yoki ular qisman qanoatlantirilgan taqdirda, agar ushbu shaxs davlat boji to‘lovidan ozod etilmagan bo‘lsa, davlat boji manfaatlari ko‘zlanib da’vo taqdim etilgan shaxslardan da’vo talablarining qanoatlantirish rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi.
(29-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan davlat organi va boshqa organ tomonidan berilgan da’voni qanoatlantirish rad etilganda davlat boji undirilmaydi. Da’vo arizasini (ariza) berishda tegishli qonun hujjati bilan davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan davlat organi va boshqa organ tomonidan berilgan da’voni qanoatlantirish rad etilganda esa davlat boji da’vogardan undiriladi.
Davlat bojidan ozod qilingan da’vogarning da’vo talablarini qanoatlantirish to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarori javobgarning (belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji to‘langanda) apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat shikoyati bo‘yicha bekor qilinib, da’vo asossizligi sababli rad etilgan taqdirda, javobgar tomonidan to‘langan sud xarajatlari da’vogardan javobgar foydasiga undiriladi.