Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining
Qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar Faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Qonunini iqtisodiy sudlar amaliyotida qoʻllashning ayrim masalalari haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 29-avgustda qabul qilingan “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Qonuni (keyingi matnlarda — Qonun) bozor iqtisodiyoti sharoitida xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida vujudga kelayotgan mazmunan yangi iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishda hamda shartnoma intizomini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, shartnomalar tuzish tajribasiga yetarlicha ega boʻlmagan kichik va oʻrta biznes subyektlari, xususiy tadbirkorlarning iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash, turli xil taʼminotchi, tayyorlovchi monopol korxona va tashkilotlar bilan shartnomaviy munosabatlarda ularning huquq hamda manfaatlarini himoya qilishda ushbu Qonunning tutgan oʻrni beqiyosdir.
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiy sudlar faoliyatida koʻp uchraydigan shartnomaviy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolarning qonuniy hal etilishini taʼminlashda mazkur Qonun asosiy huquqiy manbalardan biri sifatida xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, ushbu Qonunni iqtisodiy sudlarning amaliyotida qoʻllashda ayrim muammolar ham uchramoqda.
(muqaddimaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunning sud amaliyotida bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, Oliy xoʻjalik sudi Plenumi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 47-moddasiga asosan quyidagi tushuntirishlarni berishga qaror qiladi:
(kirish qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 13-martdagi 277-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
1. Iqtisodiy sudlari Qonunni qoʻllashda Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, tegishli qonunlar, Prezident farmonlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va boshqa qonun hujjatlariga rioya qilishlari lozim.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
2. Sudlar shartnoma tuzish, uni oʻzgartirish va bekor qilish bilan bogʻliq nizolarni hal etishda Qonunning 10 — 15-moddalari, Fuqarolik kodeksining 364—385-moddalariga muvofiq, shartnoma tuzish haqidagi tarafning taklifi (oferta)ga javob toʻliq va pisandasiz boʻlgandagina aksept hisoblanishiga eʼtibor berishlari kerak. Agarda ikkinchi taraf ofertani baʼzi bir eʼtirozlar bilan yoki qisman qabul qilsa, u holda bu aksept boʻlmaydi va qarshi taklif bildirilgan deb hisoblanadi.
Ofertani akseptlash uchun belgilangan muddatda uni olgan shaxsning koʻrsatilgan shartnoma shartlarini bajarish yuzasidan qilgan harakatlari (tovarlarni joʻnatishi, xizmat koʻrsatishi, ishlarni bajarishi, muayyan summani toʻlashi va hokazolar), agarda qonun va ofertada boshqacha tartib koʻrsatilmagan boʻlsa, aksept hisoblanadi. Agar shartnoma tuzish haqidagi taklifni olgan shaxs belgilangan muddat davomida shartnomada nazarda tutilgan shartlarni qisman bajargan (tovarlarni qisman joʻnatgan, pul summasini qisman toʻlagan) boʻlsa, uning harakati aksept deb baholanadi. Bunday holatlarda sudlar taraflar oʻrtasida shartnomaning barcha muhim shartlari boʻyicha kelishuvga erishilgan boʻlsa, xoʻjalik shartnomasini tuzilgan deb hisoblab, unga tegishli baho berishlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Qonunning 11-moddasi va Fuqarolik kodeksining 108-moddasiga koʻra, xoʻjalik shartnomalari yozma shaklda tuziladi. Shartnomaning yozma shakliga rioya etmaslik (ogʻzaki kelishuv) uning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi (qonunda koʻrsatilgan hollar bundan mustasno). Biroq, sudlar shartnomaning yozma shakliga rioya etmaslik oqibatida nizo kelib chiqqan taqdirda, taraflarni bitimning tuzilganligi, mazmuni va bajarilganligini guvohlarning koʻrsatmalari bilan tasdiqlash huquqidan mahrum etsa-da, yozma va boshqa dalillar bilan tasdiqlash huquqini saqlab qolishiga eʼtibor bermoqlari lozim.
(3-bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 13-martdagi 277-sonli qarori tahririda)
Sudlar shartnomaning tuzilganligi, mazmuni va bajarilganligini tasdiqlash uchun taqdim etilgan dalillar (yuk xati, tovar-transport hujjati, ishonchnoma, dalolatnoma va hokazolar)ga har tomonlama baho berib, shartnomaning yozma shakliga rioya qilinmasdan (ogʻzaki kelishuv asosida) bajarilgan majburiyatlar boʻyicha kelib chiqqan nizolarni Qonunda belgilangan tartibda hal etmoqlari kerak.
Bunda sudlar FKning 363-moddasi talablaridan kelib chiqib, shartnomani tuzishga xizmat qilgan barcha holatlar, jumladan, shartnoma tuzish oldidan olib borilgan munozaralar, yozishmalar, oʻzaro munosabatlarda shakllangan amaliyot, ish muomalasi odatlari, taraflarning oʻzlarini tutishlarini oʻrganishlari va baho berishlari lozim.
4. Shartnoma tuzilib, amalda boʻlish davrida unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishiga faqat taraflarning roziligi bilangina yoʻl qoʻyiladi, shartnomaga bir tomonlama oʻzgartirish kiritilishi mumkin emas (qonun hujjatlarida yoki shartnomada koʻrsatilgan hollar bundan mustasno).
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlar shartnoma tuzish yoki oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrayotganda IPKning 183-moddasiga muvofiq shartnoma tuzish yoki uni oʻzgartirish vaqtida kelib chiqqan nizo boʻyicha hal qiluv qarorining xulosa qismida shartnomaning har bir nizoli sharti boʻyicha qabul qilingan qaror koʻrsatilishi, shartnoma tuzishga majburlash toʻgʻrisidagi nizo boʻyicha esa taraflar qanday shartlarda shartnoma tuzishga majburligi holati aniq ifodalanishi lozimligini nazarda tutishlari kerak.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
5. Xoʻjalik shartnomalarini haqiqiy emas deb topish, bekor qilish haqidagi nizolarni hal etishda sudlar Qonunning 10-moddasida koʻrsatilgan shartlar koʻzda tutilgan yoki tutilmaganligiga alohida eʼtibor qaratib, bu shartlarning koʻrsatilmasligi shartnoma shartlari bir taraf tomonidan bajarilmagan hollarda uni javobgarlikka tortish uchun huquqiy asoslarni qoʻllashda majburiyatni bajargan insofli tarafni himoya qilish vositalarining kamayishiga olib kelishini inobatga olishlari hamda bunday shartnomani tuzgan mansabdor shaxslarning tegishli ravishda javobgarlikka tortilishiga asos boʻlishini eʼtiborga olishlari zarur. Ammo, bu shartlarning shartnomalarda koʻrsatilmasligi shartnomani haqiqiy emas, deb topishga asos boʻla olmaydi.
Shartnomada qonun hujjatlarida koʻrsatilgan yoki taraflardan birining talabiga koʻra kelishib olinishi zarur boʻlgan barcha shartlar, yaʼni asosiy shartlar koʻrsatilmagan boʻlsa va ularni belgilash uchun imkoniyat boʻlmasa, shartnoma tuzilgan, deb hisoblanmaydi. Bunday holda kelib chiqqan nizolar boʻyicha sudlar shartnomaning yozma shakliga rioya qilinmasdan (ogʻzaki kelishuv asosida) majburiyatlar bajarilishiga oid qoidalarni qoʻllashga haqlidirlar.
6. FKning 356-moddasiga binoan, haq toʻlash nazarda tutilgan shartnomalarda baho koʻrsatilmagan va shartnoma shartlari boʻyicha uni belgilash imkoni boʻlmagan hollarda sudlar shartnomani bajarmaganlik uchun oʻxshash vaziyatlarda odatda shunday tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun oʻsha joyda mavjud boʻlgan oʻrtacha bozor bahosi boʻyicha haq toʻlanishini belgilashlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Shartnomada majburiyatni bajarish muddati koʻrsatilmagan yoki muddat talab qilib olish payti bilan belgilangan boʻlsa, u holda FK 242-moddasiga muvofiq, majburiyatni darhol bajarish vazifasi qonun, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, qarzdor bunday majburiyatni kreditor talab qilgan kundan boshlab yetti kunlik muddat ichida bajarishi shart.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
8. Xoʻjalik shartnomalarini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi nizolarning sudga taalluqliligi masalasini hal etish va sudda koʻrishda qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan hollarda bitimning qonun talab qiladigan shakliga rioya etmaslik haqidagi (FK 115-moddasi), yanglishish taʼsirida tuzilgan (FK 122-moddasi), aldash, zoʻrlik, qoʻrqitish, bir taraf vakilining ikkinchi taraf bilan yomon niyatda kelishishi yoki ogʻir holatlar yuz berishi taʼsirida tuzilgan (FKning 123-moddasi), qalbaki va koʻzboʻyamachilik uchun tuzilgan (FKning 124-moddasi) bitimlarni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar xoʻjalik shartnomalariga nisbatan ham tatbiq etilishiga eʼtibor qaratilmogʻi lozim.
Fuqarolik kodeksining 116-moddasiga koʻra, qonun hujjatlarining talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek, huquq-tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir. Bunday bitimlar FKning 114-moddasiga binoan, haqiqiy emasligi bilan bogʻliq oqibatlardan tashqari, boshqa hech qanday yuridik oqibatlarga olib kelmaydi va u tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy hisoblanmaydi.
Basharti, shartnoma shartlarini belgilash va ularga qoʻshimchalar kiritish mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari yoki boshqa idoralarning tazyiqi bilan majburan amalga oshirilgan boʻlsa, bunday shartnoma sud tomonidan FKning 123-moddasiga muvofiq, haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Boshqa hollarda, masalan, shartnomalarni tuzishda, qonunchilikda belgilangan tovarlarni (xizmatlarni) elektron tijorat orqali realizatsiya qilish holatlaridan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Budjet bilan hisob-kitoblar uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarning masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1996-yil 9-avgustdagi PF-1504-sonli Farmonining 4-bandida belgilangan barter shartnomalari tuzilishini taqiqlash haqidagi talablar inobatga olinmagan boʻlsa, sud nizoni mazmunan koʻrib chiqib, bunday shartnomalarni tuzishda aybdor mansabdor shaxslarning intizomiy javobgarligi masalasini hal etadi, agar shaxslarning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlansa, jinoyat ishi qoʻzgʻatish masalasini hal etish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda bu haqda prokurorga xabar qiladi.
(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 33-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Qonun 21-moddasining ikkinchi qismiga koʻra taraflar xoʻjalik shartnomalarini tuzish uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlar yuridik xizmatining yoki jalb etilgan advokatlarning yozma xulosasini olishga haqli.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 30-sentabrdagi 286-sonli qarori tahririda)
10. Umumiy qoidaga koʻra, qonun hujjatlari va shartnomada boshqacha tartibda javobgarlik nazarda tutilmagan boʻlsa, shartnoma shartlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik (shartnoma intizomini buzganlik) uchun Qonunning 25 — 32-moddalariga asosan javobgarlik qoʻllaniladi. Agar xoʻjalik shartnomasida shartnoma intizomini buzish bilan bogʻliq holatlar uchun javobgarlik belgilangan boʻlsa, taraflarning javobgarligi shartnomaga asosan qoʻllaniladi.
Agar shartnomada shartnoma intizomini buzish bilan bogʻliq ayrim holatlar uchun javobgarlik koʻzda tutilgan boʻlsa, faqat shu holatlar uchun javobgarlik shartnomaga asosan qoʻllaniladi. Shartnomada koʻzda tutilmagan shartnoma intizomini buzish holatlari uchun esa javobgarlik Qonunning 5-bobi tegishli moddalariga asosan qoʻllanilishi lozim. Xususan, shartnomada tovarni oʻz vaqtida yetkazib bermaganlik uchun javobgarlik koʻzda tutilgani holda sifati, assortimenti, navi lozim darajada boʻlmagan tovarlarni yetkazib berganlik, toʻlov, tovar-transport hujjatlarini yuborishni kechiktirganlik, akkreditivdan foydalanmaganlik va boshqa holatlar uchun shartnomada javobgarlik belgilanmagan boʻlsa, shartnomada koʻzda tutilgan shartnoma intizomini buzganlik uchun javobgarlik shartnoma asosida, koʻzda tutilmagan shartnoma intizomini buzish holatlari uchun esa javobgarlik Qonunning 26, 29 va 30-moddalariga asosan qoʻllaniladi.
11. Shartnoma majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun, agar qonun hujjatlari yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javobgarlik qarzdorning aybi boʻlsagina qoʻllaniladi. Qarzdor majburiyatni lozim darajada bajarishi uchun oʻziga bogʻliq boʻlgan hamma choralarni koʻrganligini isbotlasa, u javobgarlikdan ozod qilinadi (FKning 333-moddasi).
Shartnoma tuzilganligi va uning mazmuni dalillar bilan isbotlangan hollarda sudlar kreditorning talabi bilan qonuniy neustoykani (FKning 263-moddasi) hamda majburiyatlar bajarilmaganligi yoxud lozim darajada bajarilmaganligi tufayli yetkazilgan zararni (FKning 324-moddasi) undirib berishga haqlidirlar.
Sudlar majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik choralarini qoʻllashda neustoyka avvalo, majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik oqibatida yetkazilgan zararni qoplash uchun qoʻllanilishiga ahamiyat bermoqlari lozim. Shu sababli, bu toifadagi ishlarni koʻrishda shartnoma majburiyatlarini buzganlik oqibatida kreditorga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash choralarini koʻrishlari, zarur hollarda taraflarning iltimosnomalari bilan sud ekspertizasi tayinlashlari va natijalari boʻyicha yetkazilgan zarar va neustoykaning mutanosibligidan kelib chiqqan holda, neustoyka miqdorini aniqlash va qoʻllash masalasini hal etishlari lozim.
12. Qonun 32-moddasining 1-qismini qoʻllashda sudlar qarzdorning haqiqatda tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini toʻlashdan bosh tortganligi holatlarini (jumladan, toʻlash imkoniyati boʻla turib, toʻlovni amalga oshirmaganligi, qarzini tan olmaganligi, kreditorlik-debitorlik qarzlari haqida solishtirish dalolatnomalari tuzishdan boʻyin tovlaganligi, oʻzini ataylab toʻlovga qobiliyatsiz qilib koʻrsatganligi va h.k) dalillar asosida aniqlashi lozim. Agar qarzdorning tovar (ishlar, xizmatlar) haqini toʻlash uchun iqtisodiy imkoni boʻlmasa, lekin u qarzni tan olib, uni toʻlashga harakat qilayotgan boʻlsa, sudlar uning xatti-harakatlarini toʻlovdan bosh tortish, deb baholamasliklari zarur.
Oldingi tahrirga qarang.
Qarzdorning tovar (ishlar, xizmatlar) haqini toʻlashdan bosh tortganligi isbotlangan hollarda sudlar u toʻlashdan bosh tortgan summaning 15 foizi miqdorida jarima undirishga haqli boʻladi.
(12-bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 23-dekabrdagi 307-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Qonun 32-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan penya ishlar va xizmatlar haqini oʻz vaqtida toʻlamaganlik hollarida ham qoʻllaniladi. Penyaning miqdori shartnoma bahosiga emas, balki bajarilmagan majburiyatlar qismi (toʻlanmagan yoki kechiktirilgan toʻlov summasi, bajarilmagan ishlar, xizmatlar summasi)ga nisbatan foiz miqdorida hisoblanadi.
(12-bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 23-dekabrdagi 307-sonli qarori tahririda)
13. Sudlar neustoyka (penya, jarima) miqdorini aniqlashda shartnomaning qaysi bandi talablari qanchalik darajada buzilganligi, taraflar taqdim etayotgan hisob-kitoblarda qaysi davr uchun va qancha miqdorda javobgarlik koʻzda tutilayotganligini, u qaysi qonun yoki shartnomaning bandiga asosan belgilanganligini asoslantirishlari, zarur hollarda neustoykaning hisob-kitobini qayta hisoblab chiqishlari, taraflarning talabi bilan mutaxassislarni hisob-kitoblarni aniqlash uchun jalb etishlari, ekspertiza tayinlashlari lozim.
14. Qonunning 34-moddasiga binoan neustoykaning undirilishi shartnoma talablarini buzgan tarafni majburiyatlarni lozim darajada bajarmaslik oqibatida yetkazgan zararini qoplashdan ozod etmaydi. Ikkinchi taraf koʻrgan zararga shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi munosabati bilan qilingan xarajatlar, mol-mulk yoʻqolishi yoki shikastlanishi, shuningdek, ikkinchi taraf shartnoma majburiyatlarini bajarganida olishi mumkin boʻlgan, lekin ololmay qolgan daromadlar ham kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
15. Sudlar Qonunning 8, 9-moddalariga asosan mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining shartnoma munosabatlari sohasidagi vakolatlarini qay darajada amalga oshirayotganliklariga baho berish bilan birga ular tomonidan ushbu meʼyor talablari bajarilmagan taqdirda, Qonunda belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga shartnoma intizomi buzilishi holatlarini bartaraf etish haqida taqdimnomalar kiritish va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan esa taʼsir choralarini qoʻllashga haqlidirlar.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Shartnomaviy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolarni koʻrishga tayyorlashda, neustoyka, zararni aniqlash va qoʻllash, shartnoma majburiyatlarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini qoʻllashda sudlar Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlikni belgilovchi fuqarolik qonun hujjatlarni qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 163-sonli qarori talablariga ham amal qilishlari lozim.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Toshkent sh.,
2002-yil 4-mart,
103-son