O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“DAM OLISH VA SPORTNI RIVOJLANTIRISH XALQARO KORPORATSIYASI” O‘ZBEKISTON-AMERIKA QO‘SHMA KORXONASINI TASHKIL ETISH TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etish, O‘zbekiston Respublikasida turizm, madaniy dam olish va sportni rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hokimligining ustav sarmoyasi 2 mln AQSH dollari miqdorida bo‘lgan, Toshkent shahridagi Rohat ko‘lida xalqaro andozadagi golf-klubni qurish va keyinchalik foydalanish uchun “Dam olish va sportni rivojlantirish xalqaro korporatsiyasi” O‘zbekiston-Amerika qo‘shma korxonasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilinsin:
qo‘shma korxonani, ustav sarmoyasidagi ulush tegishli ravishda 20 va 80 foiz miqdorida taqsimlangan holda, O‘zbekiston tomonidan Toshkent shahar hokimligi va Amerika tomonidan “Olden Star Ink” kompaniyasi ta’sis etadilar;
“Olden Star Ink” kompaniyasining investitsiyasi 6,5 mln AQSH dollarini tashkil etadi;
Toshkent shahar hokimligining qo‘shma korxona ustav sarmoyasiga ulushi yerdan foydalanish huquqi, mavjud muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, o‘tish yo‘llari sifatida qo‘shiladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qo‘shma korxonani belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazsin.
4. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi Toshkent shahrining Rohat ko‘lidagi xalqaro andozadagi golf-klubni tashkil etishga doir loyihani O‘zbekiston Respublikasi investitsiya dasturiga kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosarlari R.R. Yunusov va S.S. Saidqosimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 19-sentabr,
324-son