LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’atini rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash, xalq ijodiyoti sohasiga aholining keng qatlamini, shu jumladan yoshlarni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’atini rivojlantirishni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2008-yil 1-apreldagi PF-3983-sonli Farmonining 1-bandida nazarda tutilgan, uy sharoitida xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’ati buyumlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan band bo‘lgan shaxslar tomonidan qat’iy belgilangan soliqni to‘lash yuzasidan soliq imtiyozining amal qilish muddati “Hunarmand” uyushmasi a’zolari yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun 2017-yilning 1-yanvarigacha uzaytirilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’atini rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida” 2005-yil 28-martdagi PF-3588-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq oilaviy korxonalar xalq badiiy hunarmandchiligi va qo‘lda ishlangan amaliy san’at buyumlarini sotishdan olinadigan daromaddan 2017-yilning 1-yanvarigacha bo‘lgan davrda yagona soliq to‘lovi to‘lashdan ozod etilsin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 26-dekabrdagi PF-4589-sonli Farmoni tahririda — O‘R QHT, 2013-y., 52-son, 689-modda)
2. “Hunarmand” uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Farmonda nazarda tutilgan soliq imtiyozi tatbiq etiladigan “Hunarmand” uyushmasi a’zolari — badiiy hunarmandchilik va amaliy san’at buyumlarini uy sharoitida ishlab chiqarish bo‘yicha yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan band bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini aniqlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi yuqorida ko‘rsatilgan soliq imtiyozining to‘g‘ri qo‘llanilishi ustidan qattiq nazoratni ta’minlasin.
4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.