Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1997-YILDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT QISQA MUDDATLI OBLIGATSIYALARI BOZORINI RIVOJLANTIRIShGA OID ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 705-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qimmatli qogʻozlar bozorini faollashtirish, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va xorijiy investorlarning erkin mablagʻlarini jalb etish, shuningdek pul muomalasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga 1997-yilda uch va olti oy muddatda muomalada boʻladigan davlat qisqa muddatli obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirishni amalga oshirishga ruxsat berilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki tomonidan belgilanadigan tartibda davlat qisqa muddatli obligatsiyalarining egalari boʻlishlari mumkin;
uch va olti oy muddatda muomalada boʻladigan davlat qisqa muddatli obligatsiyalarini chiqarish hajmlari Moliya vazirligi tomonidan budjet ehtiyojlaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgan holda belgilanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda davlat qisqa muddatli obligatsiyalarini chiqarishning asosiy shartlariga va tegishli meʼyoriy hujjatlarga bir oy muddatda oʻzgartishlar kiritsinlar va tasdiqlasinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir hafta muddatda amaldagi qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublika valyuta birjasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki bilan birgalikda davlat qisqa muddatli obligatsiyalarini joylashtirish va muomalaga kiritishga texnik xizmat koʻrsatishni taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari B.S. Hamidov va Markaziy bank boshqaruvi raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 30-yanvar,
57-son