Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
FUQAROLARNING PENSIYA TAʼMINOTI TIZIMINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Oldingi tahrirga qarang.
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda pensiya taʼminoti tizimining tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish, pensiyalar, kompensatsiya va boshqa toʻlovlarni budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasidan oʻz vaqtida moliyalashtirish hamda ularni toʻliq hajmda toʻlash, shuningdek, respublika fuqarolarining pensiya taʼminotiga yoʻnaltiriladigan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining viloyatlar, shaharlar va tumanlarda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi boʻlinmalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilab qoʻyilsinki, 2010-yilning 1-yanvaridan boshlab pensiyalar, shuningdek, kompensatsiya va boshqa toʻlovlarni tayinlash, moliyalashtirish, ularning toʻlanishini hisobga olish va oʻrganish Pensiya jamgʻarmasining tegishli hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
2. Quyidagilar belgilansin:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining hududiy boʻlinmalari fuqarolarning pensiya taʼminoti masalalarining butun kompleksi uchun masʼul boʻlgan Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tizimiga kiruvchi funksiyalar hamda tegishli tuzilmalarni topshirish hisobiga tashkil etiladi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
Pensiya jamgʻarmasining hududiy boʻlinmalarini shakllantirishda Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining topshiriladigan tuzilmalari shtat soni oʻrta hisobda 20 foiz qisqaradi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi zimmasiga qoʻshimcha ravishda quyidagi asosiy vazifalar va funksiyalar yuklansin:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
Oldingi tahrirga qarang.
fuqarolarning davlat pensiya taʼminotini tashkil qilish, fuqarolarga pensiyalar, kompensatsiya va boshqa toʻlovlarni tayinlash, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda pensiyalar hamda boshqa toʻlovlarning miqdorlari qayta hisoblab chiqilishini taʼminlash;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
pensiyalar hamda boshqa toʻlovlarni toʻliq hajmda moliyalashtirish va toʻlanishini tashkil qilish, ular boʻyicha hisob va hisobotni yuritish;
Oldingi tahrirga qarang.
pensiyalar tayinlanishi va qayta hisoblab chiqilishini tizimli asosda doimiy tahlil qilish va oʻrganish olib borish, fuqarolarning pensiya taʼminotiga yoʻnaltiriladigan mablagʻlardan qatʼiyan maqsadli foydalanilishini taʼminlash;
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
mehnat mayibligi yoki kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik boʻyicha tayinlangan pensiyalarni toʻlashga mablagʻlarni daʼvolar boʻyicha aybdor yuridik va jismoniy shaxslardan belgilangan tartibda undirib olishni tashkil qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-oktabrdagi PF-5216-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2017-y., 06/17/5216/0187-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi zimmasiga:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
fuqarolarning pensiya taʼminoti sohasida davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqish;
budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi daromadlari va xarajatlarining mutanosibligini taʼminlash;
budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi oʻz zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni, xususan, pensiyalar hamda boshqa tegishli toʻlovlarni tayinlash va toʻlashda oʻrnatilgan qoidalarni qoʻllanish qismida ularning bajarilishini muvofiqlashtirish va nazoratni amalga oshirish yuzasidan qoʻshimcha vazifalar yuklansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-yanvardagi PF-5298-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda ushbu Farmonni amalga oshirish borasidagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini belgilangan tartibda taqdim etsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-dekabr,
PF-4161-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 52-son, 559-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2017-y., 06/17/5216/0187-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)