Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING MEHNAT KODEKSINI AMALGA KIRITISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi 2022-yil 28-oktabrdagi OʻRQ-798-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2023-yil 30-apreldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 1996-yil 1-apreldan boshlab amalga kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi amalga kiritilgan kundan eʼtiboran mehnat toʻgʻrisidagi amaldagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarning Kodeksga zid boʻlmagan qismi qoʻllaniladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi Kodeks amalga kiritilganidan keyin, yaʼni 1996-yil 1-apreldan eʼtiboran yuzaga kelgan mehnatga oid huquqiy munosabatlarga nisbatan qoʻllaniladi.
Mehnat kodeksi amalga kiritilgunga qadar yuzaga kelgan mehnatga oid huquqiy munosabatlarda taraflarning huquqlari va burchlari 1996-yil 1-apreldan eʼtiboran Mehnat kodeksiga muvofiq tartibga solinadi.
4. Muddatli mehnat shartnomasini xodimning tashabbusi bilan bekor qilishning Mehnat kodeksi 99-moddasining birinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibi va 104-moddasining qoidalari Mehnat kodeksi amalga kiritilganidan keyin, yaʼni 1996-yil 1-apreldan boshlab tuzilgan muddatli mehnat shartnomalariga nisbatan qoʻllaniladi.
5. Mehnat kodeksi 151-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan taʼtilning eng oz muddatidan ortiqcha qismini pullik kompensatsiya bilan almashtirish 1996-yil 1-apreldan eʼtiboran oxirgi ish yilidagi va shundan keyingi yillardagi taʼtillarga nisbatan qoʻllaniladi.
6. Belgilab qoʻyilsinki, tegishli qonun qabul qilingunga qadar davlat organlari xizmatchilari uchun ilgari belgilangan taʼtil muddati saqlanib qoladi.
7. Mehnat kodeksi 1996-yil 1-apreldan keyin kelib chiqqan mehnat nizolariga tatbiq etiladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Oliy Majlisga Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarini Mehnat kodeksiga muvofiqlashtirish toʻgʻrisida takliflar taqdim etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining hujjatlarini Mehnat kodeksiga muvofiqlashtirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari Mehnat kodeksiga zid boʻlgan oʻz normativ hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning lokal hujjatlari Mehnat kodeksiga muvofiq holga keltirishini tashkil etsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki oylik muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi nashr etilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1995-yil 21-dekabr,
162-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 1-songa ilova)