Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Qishloq joylarda uy-joy qurilishi koʻlamini kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
“Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturini ijro etish hamda qishloq aholi punktlarining bosh rejalari va arxitekturaviy rejalashtirishni tashkil etish loyihalariga muvofiq tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi koʻlamini kengaytirish asosida qishloq aholisining turar-joy sharoitlarini tubdan yaxshilash maqsadida:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan namunaviy loyihalar boʻyicha uy-joy va ijtimoiy ahamiyatdagi obyektlar qurishning tajriba loyihalarini amalga oshirish uchun qishloq xoʻjaligi hamda oʻrmon fondi yerlari toifasiga kirmaydigan 42 ta yer massivi tanlab olindi;
2009-2010-yillarda 260,5 mlrd.soʻm, shu jumladan, 2009-yilda — 65,5 mlrd. soʻm miqdorida tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha qishloq aholi punktlarida yakka tartibdagi uy-joy qurilishini kreditlash manbalari aniqlab olindi.
2. “Qishloq qurilish bank” OATBning namunaviy loyihalar boʻyicha uy-joy qurilishida yakka tartibda imorat quruvchilarga koʻmak berish uchun respublikaning har bir mintaqasida oʻz filialiga ega “Qishloq qurilish invest” ixtisoslashtirilgan shuʼba injiniring kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin, uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
uy-joy bozorini marketing jihatdan oʻrganish va buning asosida qurish massivlarini, barpo etiladigan uy-joylar, ijtimoiy ahamiyatdagi obyektlar va muhandislik infratuzilmalari tarkibi hamda tuzilmasini tanlab olish boʻyicha takliflar tayyorlash;
qishloq aholi punktlarida yakka tartibdagi yangi uy-joylar, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatdagi obyektlar va muhandislik infratuzilmalarini “tayyor holda topshirish” shartlarida buyurtmachi funksiyalarini shartnoma asosida bajarish, jumladan, moliyalashni tashkil etish va qurilishning borishi ustidan texnik nazorat oʻrnatish;
aholi buyurtmanomalariga muvofiq uy-joylar, shuningdek, namunaviy loyihalar boʻyicha “tayyor holda topshirish” shartlarida ijtimoiy ahamiyatdagi obyektlar va muhandislik infratuzilmasi obyektlarini qurish buyurtmalarini obyektlarni sifatli qurishni taʼminlab bera oladigan amaldagi va yangitdan tashkil etilayotgan pudratchi qurilish tashkilotlari oʻrtasida tanlov asosida joylashtirish;
keyinchalik “Qishloq qurilish bank” OATB tomonidan beriladigan imtiyozli kreditlar hisobidan uzil-kesil hisob-kitob qilingan holda namunaviy loyihalar boʻyicha qurilgan yakka tartibdagi uylarni aholiga berish, shuningdek, muhandislik infratuzilmasi, ijtimoiy-madaniy va sanitariya-maishiy ahamiyatdagi obyektlarni ekspluatatsiya tashkilotlariga topshirish.
3. Quyidagi tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
Oldingi tahrirga qarang.
“Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda uy-joy bozorini marketing jihatdan oʻrganish hamda aholining buyurtmanomalari asosida har yili 1-aprelgacha mintaqalar doirasida quriladigan uy-joylar va ijtimoiy ahamiyatdagi obyektlar hajmi, tarkibi va tuzilmasi boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 7-yanvardagi PQ-2282-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 1-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan marketing jihatdan oʻrganish natijalari asosida har yili 1-maygacha Oʻzbekiston Respublikasi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qishloq xoʻjaligi hamda oʻrmon fondi yerlari toifasiga kirmaydigan yer massivlari tanlab olinadi hamda keyinchalik ular namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joy va ijtimoiy ahamiyatdagi obyektlar qurish uchun “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasiga topshiriladi;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 7-yanvardagi PQ-2282-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 1-modda)
aniq yer uchastkasi va namunaviy loyihani tanlagan yakka tartibda imorat quruvchi “tayyor holda topshirish” sharti bilan turar-joy binosini qurishda buyurtmachi vazifasini bajarishi uchun “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi bilan shartnoma tuzadi;
yakka tartibda imorat quruvchi bilan tuzilgan shartnoma asosida “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi buyurtmachi sifatida “tayyor holda topshirish”sharti bilan namunaviy loyiha boʻyicha yakka tartibdagi turar-joy binosi qurilishi yuzasidan barcha ishlar kompleksini tashkil etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
“Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi va yakka tartibda uy-joy quruvchi oʻrtasida shartnoma tuzilganidan keyin yakka tartibda uy-joy quruvchiga yer uchastkasini ajratish tuman (shahar) hokimining qarori bilan kimoshdi savdosi oʻtkazilmasdan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga rasmiylashtiriladi.
(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 11-yanvardagi PQ-1683-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (B.A.Xoʻjayev) “Qishloq qurilish bank” OATB, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi ishtirokida yakka tartibdagi uy-joy qurilishini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. “Qishloq qurilish bank” OATB:
Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda ixtisoslashtirilgan “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi ustavini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
bir oy muddatda “Qishloq qurilish invest” kompaniyasining zarur moddiy-texnika bazasi yaratilishini nazarda tutgan holda uning ustav kapitalini shakllantirsin, shuningdek, kompaniyaning malakali mutaxassislar bilan toʻldirilishini taʼminlasin;
zarur hollarda, bank ustav jamgʻarmasi mablagʻlarini garov tariqasida qaytarish asosida ajratib berilishini nazarda tutgan holda “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasini ushbu jamgʻarma mablagʻi hisobidan aylanma mablagʻlar bilan taʼminlasin.
5. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
suv taʼminoti obyektlarini qurish respublika budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 14-yanvardagi PQ-1687-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2012-y., 3-4-son, 29-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
yakka tartibdagi uy-joy qurilishi massivlarida ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlari qurilishi investorlar mablagʻlari va Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklari kreditlari hisobidan amalga oshiriladi;
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
ijtimoiy infratuzilma obyektlari va tashqi muhandislik tarmoqlari qurilishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va viloyatlarning mahalliy budjetlari va homiylar mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
ixtisoslashtirilgan “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi va uning mintaqaviy filiallariga zarur infratuzilmani tashkil etish uchun shartnoma asosida yer uchastkalarini ajratish tarzida yordam koʻrsatsin;
Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi va “Yergeodezkadastr”davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan holda, tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylar qurishga tasdiqlangan bosh reja asosida har yili qishloq xoʻjaligi va oʻrmon fondi yerlari toifasiga kirmaydigan yer uchastkalari ajratilishini taʼminlasin;
“Qishloq qurilish bank” OATB kreditlari hisobidan tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi massivlarida barpo etiladigan muhandislik infratuzilmasi va ijtimoiy ahamiyatdagi obyektlarning ildam qurilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi:
tanlanadigan yer massivlarining muhandislik tarmoqlari va transport kommunikatsiyalari bilan taʼminlanganligi, ishga tushiriladigan uy-joy hamda ijtimoiy-madaniy va sanitariya-maishiy obyektlarga boʻlgan amaldagi talabning mavjudligi kompleks ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlasin;
yakka tartibdagi uy-joy qurilishida qurilish normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan qattiq nazoratni amalga oshirsin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. “Qishloq qurilish invest” MChJ injiniring kompaniyasi 2017-yilning 1-yanvarigacha barcha turdagi soliq toʻlovlaridan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi va budjetdan tashqari umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va sogʻliqni saqlash muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar toʻlashdan ozod etilsin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 7-yanvardagi PQ-2282-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 1-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi PF-6011-sonli Farmoniga asosan 2021-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2020-y., 06/20/6011/0780-son)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Bosh nazorat-taftish boshqarmasi uy-joy va ijtimoiy infratuzilma obyektlari qurilishiga ajratilayotgan mablagʻlardan, shu jumladan, “Qishloq qurilish bank”OATBning imtiyozli kreditlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan tizimli ravishda tekshiruvlar olib borsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 3-avgust,
PQ-1167-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 32-33-son, 358-modda; 2011-y., 9-son, 84-modda; 2012-y., 3-4-son,26-modda; 2013-y., 2-son, 17-modda, 47-son, 615-modda; 2014-y., 29-son, 356-modda; 2015-y., 1-son, 1-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2018-y., 07/18/3863/1544-son; 19.06.2020-y., 06/20/6011/0780-son)