Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
IKKINChI JAHON URUShI QATNAShChILARINI RAGʻBATLANTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
9-may umumxalq bayrami — Xotira va qadrlash kuni oʻtkazilishi, shuningdek, 1941 — 1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 64 yilligi munosabati bilan hamda urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 120 000 (bir yuz yigirma ming) soʻm miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilansin.
2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar respublika budjeti hisobidan amalga oshirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofotining tantanali va bayramona vaziyatda topshirilishini taʼminlasin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Mudofaa vazirligi, Badiiy akademiya, Xotin-qizlar qoʻmitasi, Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi, “Nuroniy” va “Mahalla” jamgʻarmalari, boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Vatanimiz ozodligi va shaʼnu sharafi himoyachilariga bagʻishlangan maxsus uchrashuv va maʼrifiy-badiiy kechalar oʻtkazsin.
5. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 15-aprel,
PF-4104-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 16-son, 198-modda)