Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
SUDLAR TOMONIDAN JINOYAT IShLARINI APELLATSIYA TARTIBIDA KOʻRISh AMALIYOTI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 24-avgustdagi 25-sonli “Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Apellatsiya tartibida ish yuritish jinoyat ishlari boʻyicha sud qarorlari qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning muhim koʻrinishi hisoblanadi.
Ushbu institut amalga kiritilgan vaqtdan boshlab olib borilgan sud amaliyotini oʻrganish shuni koʻrsatadiki, sudlar tomonidan ishlarni apellatsiya tartibida koʻrishga doir jinoyat-protsessual qonuni normalari asosan toʻgʻri qoʻllanilmoqda.
Shu bilan birga, sud amaliyotida qonunning ayrim normalarini qoʻllash yuzasidan qoʻshimcha tushuntirishlar berilishini taqozo etuvchi savollar tugʻilmoqda.
Shu munosabat bilan, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, apellatsiya instansiyasi sud qarorlari ustidan shikoyat berish huquqini, sud xatolari oʻz vaqtida tuzatilishi va jinoyat protsessi ishtirokchilari huquqi himoya qilinishini taʼminlash vositalaridan biri hisoblanadi.
2. Jinoyat-protsessual kodeksi 4972-moddasiga muvofiq apellatsiya tartibida ish yuritish mahkum (oqlangan shaxs), uning himoyachisi va qonuniy vakili, jabrlanuvchi va uning vakili, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar hamda ular vakillarining shikoyati, shuningdek, prokuror yoki uning oʻrinbosarining protesti boʻyicha qoʻzgʻatiladi.
Apellatsiya tartibida ish yuritish, JPK 4979-moddasining toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan hollarda, boshqa shaxslar tomonidan ham qoʻzgʻatilishi mumkin.
Shu munosabat bilan birinchi instansiya sudi shikoyat (protest)ni qabul qilish paytida apellatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsning bunday huquqqa egaligini tekshirishi shart.
3. Qonunga koʻra apellatsiya shikoyati (protesti) hukm eʼlon qilingan kundan eʼtiboran oʻn sutka ichida, mahkum, oqlangan shaxs, jabrlanuvchi tomonidan esa, ularga hukm nusxasi topshirilgan kundan eʼtiboran shunday muddat ichida hukm chiqargan sud orqali beriladi.
Belgilangan muddatlarda bevosita apellatsiya instansiyasi sudiga berilgan shikoyat (protest) JPK 4977-moddasi hamda 479-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlari talablarini bajarish uchun hukm chiqargan sudga yuborilishi kerak.
Har bir apellatsiya shikoyati (protesti) u kelib tushgan sana koʻrsatilgan holda roʻyxatga olinishi shart.
4. Apellatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnoma sud tomonidan JPK 4975-moddasi birinchi qismiga muvofiq koʻrib chiqiladi va bu haqda ajrim chiqariladi.
Oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan JPK 4979-moddasining birinchi qismi qoidalariga muvofiq oʻn sutka ichida xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin.
Oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat berilganda, apellatsiya instansiyasi sudi shikoyatni asosli deb topsa, birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilib, oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklaydi va ishni apellatsiya shikoyati, protesti (xususiy shikoyat yoki xususiy protest) boʻyicha mazmunan koʻradi. Bunda, koʻrsatilgan muddatni tiklash toʻgʻrisidagi ajrim eʼlon qilingandan soʻng, apellatsiya instansiyasi sudining majlisi JPK 479-moddasi ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlari talablarini bajarish uchun keyinga qoldiriladi.
5. JPK 4977-moddasida apellatsiya shikoyati (protesti)ning mazmuni yuzasidan muayyan talablar belgilanganligi tufayli, birinchi instansiya sudi shikoyat (protest) beruvchi shaxs tomonidan ularga rioya etilganligini tekshirishi shart.
Agar shikoyat (protest)ning mazmuni qonun talablariga javob bermasa va bu keyinchalik ishni mazmunan koʻrishga toʻsqinlik qilsa, sudya ajrim bilan uni bergan shaxsga qaytaradi. Bunday holda shikoyat (protest) qayta rasmiylashtirish uchun JPK 4976-moddasida belgilangan doirada muddat belgilanadi.
Shikoyat (protest), jumladan, unda quyidagilar boʻlmasa qaytarilishi mumkin, yaʼni:
shikoyat (protest) bergan shaxs yoki kimga nisbatan hukm ustidan shikoyat (protest) keltirayotganligi toʻgʻrisida maʼlumot;
shikoyat (protest) bergan shaxsning, uning fikriga koʻra hukm yoki boshqa qarorning notoʻgʻriligi nimadan iborat ekanligi toʻgʻrisidagi vajlari va talablarining mazmuni;
arizachi oʻz talablarini asoslayotgan hamda apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan tekshirilishi shart boʻlgan dalillar toʻgʻrisida maʼlumot;
shikoyat (protest) bergan shaxsning imzosi.
Agar shikoyat (protest) bergan shaxs sud tomonidan belgilangan muddatda ajrimda koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etsa, shikoyat (protest) sudga dastlab taqdim etilgan kundan boshlab berilgan hisoblanadi. Aks holda shikoyat (protest) berilmagan hisoblanadi.
6. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, qonun apellatsiya shikoyati berish huquqini amalga oshirishni faqat mahkum, oqlangan shaxs va jabrlanuvchiga hukm nusxasini topshirish fakti bilan bogʻlaydi. Shu tufayli, ishdagi materiallar (masalan sud majlisi bayonnomasi) bilan tanishgandan soʻng “asosiy” shikoyat (protest) taqdim etilishini koʻrsatib, “dastlabki” apellatsiya shikoyati (protesti) berilishi qonunda nazarda tutilmagan.
Sud majlisi bayonnomasi bilan tanishish istagini bildirgan protsess ishtirokchisi JPK 479-moddasining birinchi qismi va 49711-moddasining toʻqqizinchi qismiga muvofiq sudga qoʻshimcha materiallar taqdim etishga haqli.
7. Jinoyat protsessi ishtirokchisining oʻz shikoyati (protesti)ga oʻzgartirish kiritish huquqi apellatsiya instansiyasi sudi maslahat xonasiga kirgunga qadar amalga oshirilishi mumkin. Biroq, JPK 4977-moddasi 4-bandi mazmuniga koʻra, mahkumning ahvolini ogʻirlashtiradigan tomonga apellatsiya shikoyat (protest)i talablari oʻzgartirilishiga faqat sud qarori ustidan shikoyat (protest) berish uchun belgilangan muddatlarda yoʻl qoʻyiladi.
Belgilangan muddatlar oʻtgandan soʻng berilgan, mahkumning ahvolini ogʻirlashtirishga qaratilgan talablar apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan eʼtiborga olinmasligi kerak.
8. JPK 4978-moddasiga muvofiq apellatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs oʻz shikoyati (protesti)ni, mahkum esa, himoyachisi bergan shikoyatni ham qaytarib olish huquqiga ega. Protestni qaytarib olish huquqi lavozimi boʻyicha yuqori turuvchi prokurorga ham tegishli.
Qonun mazmuniga koʻra apellatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya instansiyasi sudi maslahat xonasiga kirgunga qadar qaytarib olinishi mumkin.
Apellatsiya shikoyati (protesti)ning qaytarib olinishi, agar ish boʻyicha boshqa protsess ishtirokchilari tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) boʻlmasa, apellatsiya tartibida ish yuritish tugatilishiga olib keladi.
9. Sudlarga tushuntirilsinki, qonunda apellatsiya tartibida ish yuritish predmeti boʻyicha muayyan istisnolar belgilangan.
Jumladan, birinchi instansiya sudining JPK 4979-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda chiqargan ajrimlari ustidan apellatsiya tartibida shikoyat (protest) keltirib boʻlmaydi.
Hukm chiqarilgandan soʻng qabul qilingan amnistiya aktini tatbiq etish, tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash masalalari yuzasidan, shuningdek, mahkumga nisbatan ijro etilmagan bir necha hukm mavjud boʻlib, keyingi hukmni chiqargan sud bundan bexabar boʻlgan va h.k. hollarda berilgan shikoyat (protest), agar unda ayni bir paytda jinoyat ishining mazmuni yoki hukm (ajrim)ning qonuniyligi va asosliligi boʻyicha boshqa masalalar qoʻyilgan boʻlmasa, apellatsiya tartibida alohida koʻrilmaydi. Bu masalalar birinchi instansiya sudi tomonidan JPK 540-moddasi va 541-moddasining birinchi qismi qoidalariga muvofiq hal etiladi.
10. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, JPK 4976-moddasining ikkinchi qismi talablarining bajarilishi protsess ishtirokchilari huquqlarining taʼminlanishi uchun muhim ahamiyatga ega. Shu tufayli apellatsiya instansiyasi sudi ishni sud majlisida koʻrishga tayyorlash paytida quyidagilarni tekshirishi shart:
mahkum (oqlangan shaxs)ga, jabrlanuvchiga birinchi instansiya sudi qarorlari nusxasining topshirilganligini;
protsess ishtirokchilariga apellatsiya shikoyati (protesti), shuningdek qoʻshimcha materiallar kelib tushganligi toʻgʻrisida xabar berilganligini;
apellatsiya shikoyati (protesti) bilan protsess ishtirokchilari tanishtirilganligi hamda ularga ushbu hujjatlar nusxasi topshirilganligini;
protsess ishtirokchilarining apellatsiya instansiyasida ish koʻriladigan joy va vaqt toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor etilganligi, shuningdek mahkum (oqlangan shaxs), uning himoyachisi va qonuniy vakillariga, jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillariga apellatsiya instansiyasi sudi majlisida ishtirok etish huquqining tushuntirilganligini.
Ushbu talablar bajarilmaganligi aniqlangan va ularni oʻzi amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlmagan taqdirda, apellatsiya instansiyasi sudi ishni qayta rasmiylashtirish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga haqli.
11. Ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanayotgan va apellatsiya instansiyasi sudi majlisida qatnashish istagini bildirgan mahkumning unda ishtirok etishini taʼminlash ushbu sudning majburiyati hisoblanadi. Shuning uchun jinoyat ishi kelib tushgandan soʻng mahkumning apellatsiya instansiyasi sudida ishtirok etish istagini bildirgan yoki bildirmaganligi aniqlanishi va natijasiga qarab, uni sud majlisiga olib kelish choralari koʻrilishi shart.
Qoʻllanilgan ehtiyot chorasi turidan qatʼi nazar, mahkumning apellatsiya instansiyasi sudi majlisida qatnashish huquqidan mahrum etilishi jinoyat-protsessual qonunining jiddiy buzilishi deb baholanadi va sud ajrimining bekor boʻlishiga sabab boʻladi.
12. JPK 480-moddasining birinchi qismi mazmuniga koʻra apellatsiya instansiyasi sudi mazkur instansiyada davlat ayblovini quvvatlash vakolatiga ega boʻlgan prokurorni har bir ish boʻyicha oldindan xabardor etish choralarini koʻrishi shart.
13. Apellatsiya instansiyasi sudi majlisida ishtirok etishga huquqi bor shaxslar doirasi qonunda belgilangan (JPK 479-moddasining toʻrtinchi qismi).
Ishning koʻrilish joyi, sanasi va vaqti toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor etilgan shaxslarning uzrli sabablarsiz sud majlisiga kelmasligi uni koʻrish uchun toʻsiq boʻlmaydi.
Ayni paytda, qonunga koʻra apellatsiya instansiyasi sudida prokurorning ishtiroki shart boʻlib, bunday holda, JPK 25-moddasining birinchi qismi hamda 51-moddasi birinchi qismining 6-bandi mazmunidan kelib chiqib, ushbu instansiyada himoyachining ishtiroki ham taʼminlanishi shart (JPK 52-moddasida koʻrsatilgan hollar bundan mustasno). Shu sababli prokuror yoki himoyachi kelmagan hollarda ishning muhokamasi keyinga qoldirilishi kerak.
14. Apellatsiya instansiyasi sudi xolislik va begʻarazlikni saqlagan holda taraflarga oʻz protsessual huquq va majburiyatlarini amalga oshirishlari uchun zarur sharoit yaratib berishi shart.
Apellatsiya instansiyasi sudida ishning muhokamasi, JPK 49711-moddasi va 49712-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan istisnolarni inobatga olgan holda, birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari asosida olib boriladi.
15. Apellatsiya tartibida ish yuritishning kassatsiya tartibidan farqli xususiyati shundan iboratki, apellatsiya instansiyasi sudi toʻliq sud tergovi oʻtkazishi, shu jumladan, birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillarni tekshirib chiqishi va ularga sud majlisida aniqlangan yangi holatlar natijasiga koʻra huquqiy baho berishi mumkin (JPK 490-moddasining uchinchi qismi).
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012-yil 13-dekabrdagi 19-sonli qarori tahririda)
Apellatsiya instansiyasi sudi taraflarning iltimosnomalarini (yangi guvohlarni soʻroq qilish, ekspertizalar oʻtkazish, ashyoviy dalillar va hujjatlarni talab qilib olish va boshqalar haqida), ular birinchi instansiya sudi tomonidan rad etilganligi sababligina, rad etishga haqli emas. Zarur hollarda sud qoʻshimcha dalillarni talab qilib olishda tashabbus koʻrsatishi lozim.
JPK 481-moddasiga muvofiq qoʻshimcha materiallar sud tomonidan tergov organlariga muayyan tergov harakatlarini oʻtkazish toʻgʻrisida topshiriq berish yoʻli bilan ham olinishi mumkin. Bu haqda apellatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi, ishning muhokamasi esa keyinga qoldiriladi.
16. Apellatsiya shikoyatida protsess ishtirokchilarining sud majlisi bayonnomasida qayd etilgan koʻrsatuvlari ularning birinchi instansiya sudida aslida bergan koʻrsatuvlariga mos emasligi toʻgʻrisida keltirilgan vajlar bu shaxslarni apellatsiya instansiyasi sudi majlisida soʻroq qilish yoʻli bilan tekshirilishi mumkin.
17. Apellatsiya instansiyasi sudida taraflar muzokaralari JPK 449-moddasi qoidalariga muvofiq oʻtkaziladi.
Ish boʻyicha bir necha apellatsiya shikoyati (protesti) mavjud boʻlganda, birinchi boʻlib ayblov tarafiga tegishli protsess ishtirokchilari soʻzga chiqadi.
18. Qonunga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi majlisida ishtirok etayotgan sudlanuvchiga oxirgi soʻz berilmasligi, jinoyat-protsessual qonunining jiddiy buzilishi sanaladi va apellatsiya instansiyasi ajrimining bekor boʻlishiga sabab boʻladi.
19. Apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi tomonidan ishning haqiqiy holatlari qanchalik toʻgʻri aniqlanganligini, moddiy va protsessual qonun normalari qanchalik toʻgʻri qoʻllanilganligini tekshiradi.
Apellatsiya instansiyasi sudi jinoyat ishini shaxs sudlangan yoki oqlangan ayblov doirasida koʻrib chiqadi. Biroq shikoyat (protest) kim tomonidan berilganligidan qatʼi nazar, JPK 494-moddasiga muvofiq, sud oʻz qarori bilan jazoni kuchaytirishga, shuningdek ogʻirroq jinoyatga doir qonunni qoʻllashga haqli emas.
20. JPK 482-moddasiga muvofiq apellatsiya instansiyasi sudi shikoyat (protest)da bayon etilgan vajlar bilangina chegaralanmasdan, sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini toʻla hajmda (taftish tartibida) tekshirishga majbur.
Ish boʻyicha bir necha mahkum (oqlangan shaxs) oʻtgan boʻlib, hukm ustidan ulardan ayrimlari shikoyat bergan hollarda ham, apellatsiya instansiyasi sudida ish barcha mahkumlarga (oqlangan shaxslarga) nisbatan koʻriladi.
Biroq, agar bu mahkum (oqlangan shaxs) ahvolining ogʻirlashuviga olib kelsa, prokuror protesti yoki jabrlanuvchining shikoyati boʻlmagan hollarda, sud shikoyat (protest)da keltirilgan vajlar doirasidan chetga chiqishga, shuningdek apellatsiya shikoyati bermagan mahkumlar (oqlangan shaxslar)ga nisbatan ishni koʻrishga haqli emas (JPK 494-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari).
Apellatsiya instansiyasida ishning taftish tartibida tekshirilishi sud qarori ustidan apellatsiya shikoyati bermagan protsess ishtirokchilarini (agar ularga nisbatan hukm oʻzgartirilgan boʻlsa) kassatsiya shikoyati (protesti) berish huquqidan mahrum qiladi, chunki bunda har doim apellatsiya instansiyasi ajrimining qonuniyligi va asosliligi shubha ostiga olinadi. Bunday hollarda shikoyat (protest) nazorat tartibida koʻrib chiqilishi kerak.
21. Qandaydir sababga koʻra ayrim mahkumlarga nisbatan qonunda belgilangan muddatda berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) boshqa mahkumlarga nisbatan ish koʻrilgandan soʻng kelib tushsa yoki oʻtkazib yuborilgan muddat JPK 4975-moddasi tartibida tiklansa yoxud mahkumning, uning himoyachisining yoki qonuniy vakilining apellatsiya shikoyati shu mahkumga nisbatan protsessning boshqa ishtirokchisi tomonidan berilgan shikoyat (protest) koʻrilgandan soʻng kelib tushsa, apellatsiya instansiyasi sudi JPK 49717-moddasida belgilangan qoidalarga rioya qilishi kerak.
22. Apellatsiya instansiyasi, agar chiqarilgan hukm JPK 455-moddasi talablariga muvofiq ekanligini aniqlasa, uni oʻzgarishsiz qoldiradi.
Hukmni oʻzgarishsiz qoldirganda apellatsiya instansiyasi quyidagilarga haqli:
JPK 533-moddasi birinchi qismi uchinchi bandida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlganda — hukmning ijrosini kechiktirishga;
amnistiya aktini qoʻllashga.
23. JPK 484-moddasida hukm bekor qilinishi va oʻzgartirilishi uchun umumiy asoslar belgilangan boʻlib, apellatsiya instansiyasi sudi, ishning muayyan holatlaridan kelib chiqqan holda, ularni u yoki bu tarzda qoʻllashi mumkin.
Hukm quyidagi hollarda oʻzgartirilishi shart, agar:
dastlabki yoki sud tergovi toʻliq boʻlmasa yoki bir yoqlama olib borilgan boʻlib, biroq yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar toʻldirilganidan soʻng apellatsiya instansiyasi sudi jinoyat kvalifikatsiyasi oʻzgartirilishi zarurligi haqida xulosaga kelsa;
hukmda bayon qilingan sud xulosalari ishning haqiqiy holatlariga muvofiq boʻlmay, biroq apellatsiya instansiyasi sudi mahkumning ahvolini ogʻirlashtirmay turib, ularga tegishli baho bera olsa;
ish boʻyicha Jinoyat-protsessual kodeksi normalari buzilgan boʻlib, biroq ularning apellatsiya instansiyasida bartaraf etilishi hukmning oʻzgartirilishiga olib kelsa;
sud tomonidan Jinoyat kodeksi normalari notoʻgʻri qoʻllanilgan boʻlib, biroq apellatsiya instansiyasi sudi bu xatoni mahkumning ahvolini ogʻirlashtirmay turib tuzatishi mumkin boʻlsa;
sud tomonidan nomunosib ogʻir jazo tayinlangan boʻlib, apellatsiya instansiyasi sudi oʻz vakolati doirasida uni yengillatishga haqli boʻlsa.
Apellatsiya instansiyasi sudida kamchiliklarni toʻldirish va protsessual qonun buzilishini bartaraf etish imkoniyati boʻlmasa, hukm barcha hollarda bekor qilinishi shart.
24. Apellatsiya instansiyasi sudi hukmni oʻzgartirish uchun asoslar mavjud boʻlganda quyidagilarga haqli:
qilmishni Jinoyat kodeksining boshqa moddasiga (bir necha moddalariga) qayta kvalifikatsiya qilishga, agar bu mahkumga hukmda bayon qilinganidan jiddiy farq qiladigan ayblov qoʻyilishiga yoki unga ogʻirroq jazo tayinlanishiga olib kelmasa;
hukmdan ayblovning bir qismini (ayrim epizodlarini) yoki mahkumning javobgarligini ogʻirlashtiruvchi belgilarni chiqarishga;
hukmdan jinoyatlarning ideal majmui tariqasida qilmishni notoʻgʻri baholash tufayli ortiqcha eʼlon qilingan Jinoyat kodeksi moddasini chiqarishga;
JK 70-72-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda — mahkumni jazodan ozod qilishga;
Jinoyat kodeksi Maxsus qismi moddasi sanksiyasi doirasida yoki shu Kodeks 57-moddasini qoʻllagan holda jazo miqdorini kamaytirishga yoki boshqa yengilroq jazo (asosiy va qoʻshimcha) tayinlashga;
jinoyat natijasida yetkazilgan zararni qoplash miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirishga, shuningdek ushbu masala birinchi instansiya sudi tomonidan hal etilmagan hollarda — bunday zararni qoplash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga, basharti bunda jinoyat kvalifikatsiyasini mahkumning ahvolini ogʻirlashtiradigan tomonga oʻzgartirish zarurati yuzaga kelmasa;
mahkumni oʻta xavfli retsidivist deb topishga yoki hukmdan uni oʻta xavfli retsidivist deb topish haqidagi qarorni chiqarishga;
mahkumga nisbatan jazoni ijro etish koloniyasining boshqa, shu jumladan qattiqroq turini belgilashga.
25. Asosiy jazo yengillashtirilganda, shu jumladan JK 57-moddasi qoʻllanilganda ham, apellatsiya instansiyasi sudi hukmning qoʻshimcha jazo tayinlash haqidagi qismini oʻzgarishsiz qoldirishi mumkin.
26. JPK 494-moddasi birinchi qismi talablariga rioya etgan holda mahkumning qilmishini Jinoyat kodeksining bir moddasidan ikki va undan ortiq moddalariga qayta kvalifikatsiya qilganda, apellatsiya instansiyasi sudi hukmga tegishli oʻzgartirishlar kiritishi va JK 59-moddasida belgilangan qoidaga muvofiq jazo tayinlashga haqli. Bunda yangi jazo hukm boʻyicha tayinlangan jazodan ogʻirroq boʻlishi mumkin emas.
Agar Jinoyat kodeksining bir moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi shart boʻlgan ikki yoki undan ortiq qilmish Jinoyat kodeksining bir necha moddasi bilan notoʻgʻri kvalifikatsiya qilingan boʻlsa, apellatsiya instansiyasi sudi ushbu qilmishlarni yengilroq jinoyat toʻgʻrisidagi moddaga qayta kvalifikatsiya qilib, uning sanksiyasi doirasida birinchi instansiya sudi tomonidan mazkur modda boʻyicha tayinlangan jazodan ogʻirroq, biroq uzil-kesil tayinlangan jazo miqdoridan koʻp boʻlmagan jazo belgilashga haqli.
27. Birinchi instansiya sudi tomonidan jazolarni qoplash prinsipi (JK 59-moddasining uchinchi qismi) notoʻgʻri qoʻllanilganligi aniqlanganda, apellatsiya instansiyasi, jazolarni qoʻshish prinsipiga oʻtishi mumkin. Bunda yangi jazo hukm boʻyicha tayinlangan uzil-kesil jazo miqdoridan ortiq boʻlishi mumkin emas.
28. Boshqa epizodlar bilan umumiy kvalifikatsiya qilingan bir yoki bir necha epizod (masalan, bir necha marta pora olganlik) boʻyicha ish holatlari toʻliq tekshirilmagan deb topilganda, agar ularni hukmdan chiqarish uchun yetarli asoslar yoki yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni toʻldirish uchun imkoniyat boʻlmasa, apellatsiya instansiyasi hukmni bekor qilib, ishni toʻliq hajmda yangidan koʻrish uchun yuborishi kerak.
Agar mahkum Jinoyat kodeksining turli moddalari boʻyicha kvalifikatsiya qilingan bir necha jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan boʻlib, ulardan har birini alohida koʻrish imkoniyati boʻlsa, apellatsiya instansiyasi sudi hukmning bir yoki bir necha jinoyatga oid qismini bekor qilib, ishning shu qismini yangidan koʻrishga yuborishi yoki qoʻshimcha tergovga qaytarishi, ayni paytda, oʻsha mahkumga nisbatan hukmning qolgan qismini oʻzgarishsiz qoldirishi mumkin.
Agar apellatsiya instansiyasi sudi hukmning mahkumlardan biriga doir qismini bekor qilib, ishning shu qismini yangidan sudda koʻrishga yuborish yoki qoʻshimcha tergovga qaytarish toʻgʻrisida fikrga kelsa va ishning shu qismini JPK 332, 416, 417-moddalari mazmunidan kelib chiqib ajratishning imkoni boʻlmasa, hukm toʻla hajmda bekor qilinishi kerak.
29. Jinoyat-protsessual qonuni normalarining hukm soʻzsiz bekor qilinishiga sabab boʻladigan darajada jiddiy buzilishi tushunchasi JPK 487-moddasida koʻrsatilgan. Bunday qonun buzilishini aniqlaganda, apellatsiya instansiyasi sudi jinoyat ishi kimning shikoyati (protesti)ga koʻra koʻrilayotganligidan qatʼi nazar, yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishi daxl etgan barcha mahkumlarga nisbatan hukmni bekor qilishi shart.
Shuni nazarda tutish lozimki, jinoyat-protsessual qonuni normalari jiddiy buzilganligining aniqlanishi apellatsiya instansiyasi sudini shikoyat, protestda keltirilgan boshqa vajlarni ham (ayblovning isbotlanganligi, kvalifikatsiyaning toʻgʻriligi, jazoning adolatliligi toʻgʻrisida va h.k.) mazmunan koʻrib chiqish va ular boʻyicha ajrimda tegishli xulosa chiqarish majburiyatidan ozod etmaydi.
Jinoyat ishi boʻyicha yoʻl qoʻyilgan jinoyat-protsessual qonunining jiddiy buzilishi hollari apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan hukm bekor qilinib, oqlov hukmi chiqarilishiga yoki ishning JPK 84-moddasiga muvofiq tugatilishiga toʻsiq boʻlmaydi.
30. Shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod etishni nazarda tutuvchi amnistiya aktiga zid ravishda yoki jinoiy javobgarlikka tortish muddati oʻtgandan soʻng jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan hollarda, hukm, garchi unda mahkum jazodan ozod qilingan boʻlsada, bekor qilinib, ish tugatilishi kerak.
Agar apellatsiya instansiyasi mahkumning harakatlarini Jinoyat kodeksining boshqa moddasiga qayta kvalifikatsiya qilish kerakligi toʻgʻrisida xulosaga kelsa va bu modda shaxsni jazodan ozod etishni nazarda tutuvchi yoki jazo qoʻllanilishini istisno etuvchi amnistiya akti taʼsiri doirasiga tushsa, apellatsiya instansiyasi birinchi instansiya sudi qabul qilishi shart boʻlgan qaror chiqarishi kerak. Mahkumning harakatlari Jinoyat kodeksining boshqa moddasiga qayta kvalifikatsiya qilinib, bu modda boʻyicha shaxs JPK 463-moddasi ikkinchi qismining 2-bandi hamda uchinchi qismining 2 va 5-bandlariga muvofiq jazodan ozod qilinishi lozim boʻlgan yoki unga nisbatan jazo tayinlanishi istisno etilgan hollarda ham shunday qaror qabul qilinishi lozim.
31. Agar amnistiya akti birinchi instansiya sudi tomonidan qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan mahkumga nisbatan qoʻllanilgan boʻlsa, apellatsiya instansiyasi, jabrlanuvchining shikoyati yoki prokuror protesti boʻlgan taqdirda, hukmning jazo tayinlash qismini bekor qilib, ishni yangidan koʻrishga yuborishi lozim.
Biroq, agar apellatsiya instansiyasi amnistiya akti qoʻllanilgan holda hukmda tayinlangan jazo amnistiya akti qoʻllanilmagan holda ham mahkum uchun yetarli deb topsa, ishni yangidan koʻrish uchun yubormasdan, hukmni oʻzgartirishga — undan amnistiya aktini qoʻllash haqidagi xulosa va qarorni chiqarib, hukmda amnistiya akti qoʻllanilgan holda tayinlangan jazoni qoldirishga haqli.
32. JPK 494-moddasining ikkinchi qismi mazmuniga koʻra, hukm apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan mahkumning ahvolini ogʻirlashtiruvchi tomonga faqat jabrlanuvchi (uning vakili)ning shikoyatida, prokuror protestida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha bekor qilinishi mumkin. Masalan, shikoyat (protest)da faqat mahkumning harakatlari notoʻgʻri kvalifikatsiya qilinganligi toʻgʻrisidagi masala qoʻyilgan boʻlsa, sud hukmni jazoning yengilligi sababli bekor qilishga haqli emas.
Jinoyat protsessi boshqa ishtirokchilari (oʻzga mahkumlar yoki ular himoyachilari)ning ogʻirroq jinoyatga doir qonunni qoʻllash zarurligi yoki jazoning yengilligi toʻgʻrisidagi shikoyatlari hukmni mahkumning ahvolini ogʻirlashtiruvchi tomonga bekor qilish uchun sabab boʻla olmaydi.
33. Apellatsiya instansiyasi sudi hukmni bekor qilganda quyidagilarga haqli:
JPK 83-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, oqlov hukmi chiqarishga;
JPK 84-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, ishni toʻliq hajmda yoki mustaqil kvalifikatsiya qilingan ayblov qismi boʻyicha tugatishga;
JPK 484-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha ishni yangidan sudda koʻrishga yuborishga, basharti apellatsiya sudi tomonidan JPK 49713-moddasi ikkinchi qismining talablarini bajarishning imkoni boʻlmasa;
JPK 419-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, ishni qoʻshimcha tergov yuritish uchun qaytarishga.
(33-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
34. Apellatsiya instansiyasi sudi ishni yangidan sudda koʻrishga yoki qoʻshimcha tergovga yuborish paytida ayblovning isbotlanganligi yoki isbotlanmaganligi, u yoki bu dalilning ishonchli yoki ishonchsizligi, ayrim dalillarning boshqa dalillardan ustunligi, jinoyatning kvalifikatsiyasi va jazo toʻgʻrisida dastlabki tergov organlari va sud tomonidan chiqariladigan xulosalarni oldindan hal qiluvchi koʻrsatmalar berishga haqli emas.
Apellatsiya instansiyasi sudi, hukmni bekor qilib, ishni yangidan sudda koʻrishga yuborayotganda, oʻz ajrimida qanday holatlar hukmning bekor qilinishiga asos boʻlganligini va yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishi qanday bartaraf etilishi kerakligini koʻrsatishi shart.
Hukmni bekor qilib, ishni qoʻshimcha tergov yuritish uchun yuborayotganda, sud, dastlabki tergov organi tomonidan qanday holatlar aniqlanishi shartligini koʻrsatishi kerak.
35. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, oqlov hukmining asosi bu haqda shikoyat (protest) berilgan holdagina oʻzgartirilishi mumkin.
Oqlov hukmi apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan, faqat, shaxsning asossiz oqlanganligi toʻgʻrisida jabrlanuvchi (uning vakili)ning shikoyati yoki prokurorning protesti boʻlgan holda bekor qilinishi mumkin.
Ayrim oqlangan shaxslarga nisbatan shikoyat (protest) berilishi boshqa oqlangan shaxslarga nisbatan hukmning bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi uchun asos boʻlmaydi.
36. Agar mahkum oʻzi yoki protsessning boshqa ishtirokchilari tomonidan apellatsiya shikoyati (protesti) berilgandan soʻng, biroq ish apellatsiya instansiyasida koʻrilgunga qadar vafot etsa, ish yuritish umumiy asoslarda davom ettiriladi.
Marhumni reabilitatsiya qilish uchun asoslar boʻlgan taqdirda apellatsiya instansiyasi sudi ayblov hukmini bekor qilib, oqlov hukmi chiqaradi, boshqa hollarda esa, hukmni bekor qilib, ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishini JPK 84-moddasi birinchi qismining 3-bandiga muvofiq tugatadi.
Ish tugatilganda ashyoviy dalillar taqdiri haqidagi masala JPK 211-moddasiga muvofiq, ularning tegishliligi toʻgʻrisida nizo kelib chiqqanda esa — fuqarolik ish yurituv tartibida koʻrilishi mumkin. Marhumning harakatlari bilan yetkazilgan zararni undirish masalasi ham jabrlanuvchi yoki prokuror tomonidan marhumning vorislariga yoki uning mulkini boshqarish huquqini oʻziga olgan shaxsga nisbatan qoʻzgʻatilgan daʼvo boʻyicha fuqarolik ish yurituv tartibida koʻriladi.
37. Apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi JPK 496-moddasi talablariga muvofiq boʻlishi, jumladan, unda apellatsiya shikoyati (protesti)da keltirilgan har bir vaj muhokama etilib, uning asosliligi yoki asossizligi yuzasidan xulosalar bayon etilishi shart.
Apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi u eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va darhol ijroga qaratilishi shart.
38. JPK 298-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, shuningdek surishtiruv, dastlabki tergov yuritilgan yoki sud muhokamasi vaqtida qonun buzilishiga yoʻl qoʻyilganligini aniqlagan taqdirda, apellatsiya instansiyasi sudi xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan tegishli organ yoki mansabdor shaxsning eʼtiborini bunga jalb etishi mumkin.
Sud qarori oʻzgarishsiz qoldirilganda, apellatsiya instansiyasi sudi uning qonuniyligi va asosliligini shubha ostiga oluvchi xususiy ajrim chiqarishga haqli emas.
39. Odil sudlov sifatini oshirish maqsadida jinoyat ishlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlarga ishlarning apellatsiya instansiyasida sinchkovlik bilan, har tomonlama, toʻla va xolisona koʻrib chiqilishi uchun qonunda berilgan barcha imkoniyatlardan foydalanish tavsiya etilsin.
40. Mazkur qaror qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2001-yil 1-iyundagi “Jinoyat ishlarini apellatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida koʻrish amaliyoti haqida”gi 5-sonli qarorining ishlarni apellatsiya tartibida koʻrish yuzasidan berilgan tushuntirishlar qismi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2006-yil 3-fevral,
2-son