Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
Bezorilikka oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti haqida
Bezorilikka oid ishlar boʻyicha sud amaliyotida qonunlarning toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Tushuntirilsinki, bezorilik jamoat tartibiga qarshi qaratilgan jinoyat boʻlib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan harakatlar shaxsni urish-doʻpposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki oʻzganing mulkiga ancha miqdorda shikast yetkazish yoxud uni ancha miqdorda nobud qilish bilan bogʻliq holda sodir etiladi. Qilmishni Jinoyat kodeksi 277-moddasining 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilish uchun yuqorida koʻrsatilgan oqibatlarning barchasi bir vaqtda mavjud boʻlishi talab etilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik deganda, normativ-huquqiy hujjatlar, odob va axloq normalari, urf-odat, anʼanalar bilan belgilangan jamoat tartibini (odamlararo munosabatlar, yurish-turish qoidalari, shakllangan ijtimoiy turmush tarzini) qoʻpol tarzda buzish tushuniladi. Jamoat tartibi qoʻpol tarzda buzilishi shaxs tomonidan JK 277-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasida nazarda tutilgan harakatlardan birortasi sodir etilishida ifodalanadi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
Qonun mazmuniga koʻra aybdor oʻzining harakatlari bilan jamoat tartibini buzayotganligini anglashi lozim. Bunda mazkur xatti-harakatlar bilan jamoat tartibini buzish oʻrtasida sababiy bogʻlanish boʻlishi shart. Sababiy bogʻlanish aniqlanmagan holda qilmish shaxsga yoki mulkka qarshi qaratilgan jinoyat deb baholanishi lozim.
2. Sudlar bezorilik jinoyati bilan maʼmuriy huquqbuzarlik hisoblanmish mayda bezorilikni bir-biridan farqlashlari zarur.
Oldingi tahrirga qarang.
Mayda bezorilik tushunchasi Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 183-moddasida berilgan boʻlib, uning mazmuniga koʻra, ushbu huquqbuzarlik jamoat joylarida uyatli soʻzlar aytish, behayo qiliqlar koʻrsatish, fuqarolarga nisbatan haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini boshqacha tarzda buzish kabi jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimaslikda ifodalanadi. Bunda Jinoyat kodeksi 277-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoiy oqibatlar mavjud boʻlmasligi kerak. Guruh tomonidan sodir etilgan mayda bezorilikni, basharti, huquqbuzarlarning harakatida Jinoyat kodeksi 277-moddasining 1-qismi alomatlari boʻlmasa, Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismining “b” bandi bilan kvalifikatsiya qilish mumkin emas.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
Shuningdek, xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan mayda bezorilik ham oʻz-oʻzidan jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarmaydi.
Agarda mayda bezorilik harakatlari davom etib, aybdorning keyingi harakatlari shaxsni urish-doʻpposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki mulkka ancha miqdorda shikast yetkazish yoxud nobud qilish bilan sodir etilgan boʻlsa, shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilmasdan, faqat jinoiy javobgarlikka tortiladi.
3. Qilmishni Jinoyat kodeksi 277-moddasining 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilish uchun bezorilik zamirida shaxsning badaniga yengil darajada shikast yetkazilganligi kifoya. Bunda shaxsning badaniga yetkazilgan tan jarohati uning sogʻligʻini buzilishiga olib kelgan-kelmaganligining ahamiyati yoʻq.
Urish-doʻpposlash deganda, aybdor tomonidan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzib, shaxsning badaniga shikast yetkazmagan holda bir necha zarba berish tushuniladi.
4. Qilmishni Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismining “v” bandi bilan kvalifikatsiya qilish uchun bezorilik zamirida sovuq qurol yoki shaxsning sogʻligʻiga amalda shikast yetkazishi mumkin boʻlgan boshqa narsalarni namoyish qilish (koʻrsatish)ning oʻzi yetarlidir. Bunda ularni qoʻllashga nisbatan tahdid boʻlgan-boʻlmaganligining ahamiyati yoʻq, biroq bu holat sud tomonidan jazo tayinlash paytida hisobga olinishi kerak.
Sovuq qurol yoki shaxsning sogʻligʻiga amalda shikast yetkazishi mumkin boʻlgan boshqa narsalarni qoʻllash deganda, aybdorning ular vositasida bezorilik harakatlari davomida jabrlanuvchiga nisbatan tan jarohati yetkazgan yoki yetkazishga harakat qilgan hollar tushunilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlar jinoyat qurolini sovuq qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanish mumkin boʻlgan ashyo deb topishda Oʻzbekiston Respublikasining “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonunida bayon etilgan tushunchalarga amal qilishlari lozim. Zarur hollarda ushbu masala boʻyicha qaror qabul qilish uchun sud-kriminalistik ekspertizasi tayinlanishi mumkin.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Shaxsning sogʻligʻiga amalda shikast yetkazishi mumkin boʻlgan boshqa narsalar turkumiga aybdor tomonidan oʻsha maqsadlarda foydalanilgan har qanday narsalar kiradi.
(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
5. Bezorilik harakatlarini Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismining “g” bandi bilan kvalifikatsiya qilishda sud aybdorning aynan qaysi harakatlari oʻtaketgan behayolik deb baholanayotganligini hukmda koʻrsatishi shart.
Bezorilik harakatlari oʻtaketgan behayolik bilan sodir etilgan deb topish masalasini hal etish chogʻida sud ishning muayyan holatlari majmuidan kelib chiqishi hamda sodir etilgan jinoyatning xususiyati, vaqti, joyi va shart-sharoitlarini inobatga olishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Aybdorning qilmishini Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismining “d” bandi bilan kvalifikatsiya qilish uchun bezorilik harakatlari yosh bolani, qariyani, nogironligi boʻlgan yoki ojiz ahvoldagi boshqa shaxslarni xoʻrlash shaklida sodir etilgan boʻlishi kerak.
(6-bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Xoʻrlash deganda, shaxsga jismoniy jihatdan azob berish yoki uni qiynash tushuniladi.
Qonun mazmuniga koʻra, yosh bola deganda 14 yoshga toʻlmagan shaxs, qariya deganda 55 yoshdan oshgan ayol va 60 yoshdan oshgan erkak, nogiron deganda esa, belgilangan tartibda I, II, III guruh nogironi yoki bolalikdan nogiron sifatida tan olingan shaxs tushuniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ojiz ahvol deganda, jabrlanuvchining shunday ahvoli tushunilishi kerakki, bunday paytda u oʻzining fiziologik, jismoniy yoki ruhiy holati (jismoniy nuqsoni, ruhiyati buzilganligi, qattiq ogʻriq yoki behushlik holati, alkogol, narkotik vositalar yoki psixotrop moddalar taʼsirida oʻta mastlik holati)ga koʻra oʻzini oʻzi himoya qilish, aybdorga faol qarshilik koʻrsatish yoki oʻziga nisbatan sodir etilayotgan harakatlar xususiyati va mohiyatini tushunish yoki oʻz harakatlarini boshqarish imkoniyatiga ega boʻlmaydi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Ojizlik, jabrlanuvchining jismoniy yoki ruhiy nosogʻlomligi tufayli jinoyatchiga qarshilik koʻrsata olmasligida, oʻz huquqlari, manfaatlari va qadr-qimmatini himoya eta olmasligida, shuningdek kutilayotgan xavfdan saqlana olmasligida namoyon boʻladi.
Jinoiy harakatni ushbu band bilan kvalifikatsiya qilish uchun aybdor shaxs jabrlanuvchining yosh bolaligi, qariyaligi, nogironligi yoki ojiz ahvolda ekanligini anglab yetgan boʻlishi talab etiladi.
7. Koʻp miqdorda zarar yetkazish, birovning mulkini nobud qilish yoki unga shikast yetkazish bilan bogʻliq holda sodir etilgan bezorilik Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismining “e” bandi bilan qamrab olinadi va shuning uchun ham ushbu holatni Jinoyat kodeksining 173-moddasi bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilish talab qilinmaydi. Xuddi shuningdek, bezorilik oqibatida oʻzganing mulkiga shikast yetkazish yoki nobud qilish ancha miqdorda zarar yetkazish bilan bogʻliq holda sodir etilgan boʻlsa, qilmishni Jinoyat kodeksi 277-moddasining 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilinishining oʻzi kifoyadir.
8. Aybdorning harakatini Jinoyat kodeksi 277-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan kvalifikatsiya qilish uchun uning bezorilik harakatlari davomida oʻqotar qurolni namoyish qilganligi faktining oʻzi yetarlidir. Ish boʻyicha aybdor tomonidan oʻqotar qurolni qoʻllashga tahdid qilinganligi yoki qoʻllanilganligi holatlari jazo tayinlashda eʼtiborga olinishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻqotar qurol tushunchasini qoʻllashda sudlar Oʻzbekiston Respublikasining “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonuniga amal qilishlari kerak.
(8-bandning ikknchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Shu bilan birga, sudlar shuni eʼtiborga olishlari lozimki, aybdorning harakatini Jinoyat kodeksi 277-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan kvalifikatsiya qilish uchun oʻqotar qurol jinoyat sodir etish paytida otishga yaroqli deb topilgan boʻlishi shart. Basharti, yaroqsiz boʻlsa, bezorilik Jinoyat kodeksi 277-moddasi 2-qismining “v” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Bezorilik jinoyatini sodir etishda ishlatilgan yoki namoyish etilgan oʻqotar qurol tegishli ruxsatnomasiz aybdorning egaligida boʻlgan boʻlsa, qilmish Jinoyat kodeksining 248-moddasi bilan ham qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinadi.
9. Ommaviy tadbirlar paytidagi bezorilik, ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqarish tahdidi bilan xavflidir.
Ommaviy tadbir deganda, belgilangan tartibda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, jamoat birlashmalari, shuningdek, oʻzini-oʻzi boshqarish organlari tomonidan tashkil etilgan rasmiy tadbir (bayram sayllari, namoyishlar, mitinglar, majlislar, saylovlar, xalq hasharlari va hokazo)lar tushuniladi.
10. Bezorilik harakatlari davomida aybdor jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish (toʻxtatish) chorasini koʻrgan boshqa fuqarolarga faol qarshilik koʻrsatsa, shu jumladan, ularga nisbatan oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish darajasida zoʻrlik ishlatsa, bunday qilmish Jinoyat kodeksi 277-moddasi 3-qismining “g” bandi bilan toʻliq qamrab olinadi va Jinoyat kodeksining boshqa moddalari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilishni talab etmaydi.
Agar bezorilik harakatlarini toʻxtatish chorasini koʻrayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish paytida ishlatilgan zoʻrlik natijasida aybdor tomonidan yana boshqa ogʻir jinoyat sodir etilgan boʻlsa, bu hol bezorilik jinoyati tarkibi bilan qamrab olinmaydi.
Bezorilik harakatlari tugagandan keyin, shu jumladan, aybdor ushlangandan soʻng koʻrsatilgan qarshilik, bezorilik jinoyatining alomatlariga xos holat deb hisoblanmasligi va bunday holda qilmish jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻladigan mayda bezorilik davomida jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bunday harakatlarni toʻxtatish chorasini koʻrgan fuqaroga nisbatan qarshilik koʻrsatilsa, bunday qilmish Jinoyat kodeksi 277-moddasi 3-qismining “g” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi mumkin emas. Bu holda aybdorning harakatlari, koʻrsatilgan qarshilikning xususiyatiga qarab, Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddalari bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Surishtiruv va dastlabki tergov organlari shaxsni ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilish toʻgʻrisidagi qarorda, ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasida, sud esa ayblov hukmida aynan qaysi belgilariga koʻra aybdorning qilmishi Jinoyat kodeksi 277-moddasining tegishli qismi va bandlari bilan kvalifikatsiya qilinganligini koʻrsatishi shart.
Agar sud, sudlanuvchi zimmasiga ilgari qoʻyilgan ayblov bilan bogʻliq boshqa ayblovni qoʻyish uchun yoxud ayblovni ogʻirroq ayblov bilan yoki haqiqiy holatlarga koʻra ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasida nazarda tutilganidan jiddiy farq qiladigan ayblov bilan almashtirish, boshqa shaxsni ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilish uchun asoslar mavjud degan fikrga kelsa, Jinoyat-protsessual kodeksining 416 va 417-moddalariga muvofiq qaror qabul qiladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
12. Agar Jinoyat kodeksi Maxsus qismining muayyan moddalarida (Jinoyat kodeksining 277-moddasidan boshqa) bezorilik, oʻsha jinoyatni kvalifikatsiya qiluvchi alohida belgi sifatida nazarda tutilgan boʻlsa, bu holat qilmishni Jinoyat kodeksining 277-moddasi bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilishni istisno etadi (masalan, Jinoyat kodeksi 104-moddasi 2-qismining “e” bandi, 97-moddasi 2-qismining “l” bandi).
Oldingi tahrirga qarang.
13. Sudlar aybdor qasdining mohiyati va u nimaga qaratilganligidan, sodir etilgan harakatning motivi, maqsadi va muayyan holatlaridan kelib chiqqan holda bezorilikni boshqa jinoyatlardan farqlay olishlari kerak. Jumladan, oilada, uyda (xonadonda) qarindosh-urugʻ, tanish-bilishlarga nisbatan sodir etilgan haqoratlash, urish-doʻpposlash, badanga yengil shikast yetkazish kabi harakatlar, agar ular shaxsiy kelishmovchilik natijasida kelib chiqqan boʻlsa yoxud jabrlanuvchining nojoiz xatti-harakatlari oqibatida sodir etilgan boʻlsa, shaxsga qarshi jinoyat deb baholanishi va Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddalari bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Basharti, shaxs oʻz xatti-harakatlari bilan ayni vaqtda jamoat tartibini buzayotganligini va jamiyatga nisbatan ochiqdan-ochiq hurmatsizlik qilayotganligini ham yaqqol anglagan boʻlsa, qilmish bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilinadi va shaxsga qarshi jinoyatlarni nazarda tutuvchi moddalar bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilishni talab etmaydi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Sudlar bezorilik jinoyatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo tayinlashda jazo tayinlashning umumiy asoslaridan va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida”gi 1-sonli qarorida berilgan tushuntirishlardan kelib chiqishlari lozim.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
15. Bezorilik jinoyati aksariyat hollarda mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop yoxud kishining aql-idrokiga taʼsir qiluvchi boshqa moddalar taʼsiri ostida sodir qilinishini inobatga olgan holda, sudlar, alkogolizmga, giyohvandlikka yoki zaharvandlikka yoʻliqqan shaxslarga nisbatan, bu haqda ishda tegishli tibbiy xulosa mavjud boʻlganda, tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarni qoʻllash masalasini hukmda muhokama qilishlari lozim.
16. Mazkur qarorning qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston SSR Oliy sudi Plenumining, SSSR Oliy sudi Plenumining 1972-yil 16-oktabrdagi “Bezorilikka oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi va 1974-yil 19-apreldagi qarorlari hamda shu masaladagi qonunlarning bajarilishi toʻgʻrisidagi 1981-yil 22-apreldagi 1-sonli qarori va shu qarorga oʻzgartirish kiritish haqidagi 1983-yil 12-dekabrdagi 8-sonli, 1985-yil 29-apreldagi 4-sonli qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2002-yil 14-iyun,
9-son