LexUZ sharhi
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli va 2003-yil 19-dekabrdagi 20-sonli qarorlariga asosan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan)
Qonunga xilof ravishda qurolga egalik qilish bilan bog‘liq jinoyatlar jamiyat uchun katta xavf tug‘diradi. Qurol va o‘q-dorilarni respublikaga tashqaridan keltirilishi, ularni omborxonalardan talon-toroj etilishi, qurolga egalik qilish maqsadida hokimiyat vakillariga va harbiy xizmatchilarga hujum qilinishi hollari ortmoqda.
Ko‘plab og‘ir jinoyatlar qurol qo‘llab sodir etilmoqda, ayrim hollarda jinoiy guruhlar tomonidan avtomatik qurollar ham ishlatilmoqda. Sudlar esa hanuzgacha bunday jinoyatlarning jamiyat uchun o‘ta xavfliligiga yetarlicha baho bermayotirlar.
Qurollarni olish yoki tayyorlash manbalari va sabablari, shuningdek, bunday jinoyatlarning sodir bo‘lishiga imkoniyat tug‘dirayotgan sharoitlar va shaxslar doirasi, qurollarni respublika hududiga keltirish usullari ko‘pchilik ishlar bo‘yicha aniqlanmayotir.
Bunday ishlar bo‘yicha jazo tayinlash amaliyotida ham bir xilda yondoshish yo‘q, ko‘pincha aybdorlarga nisbatan asossiz ravishda yengil jazo tayinlash hollari uchramoqda. Shaxslarni o‘qotar qurol, o‘q-dorilarni saqlaganlik uchun faqat rasmiy asoslarga ko‘ra, ularning shaxsi va ish tafsilotlarini e’tiborga olmasdan javobgarlikka tortish va sudlash hollari yuz bermoqda.
Qayd etilganlarni inobatga olib, shuningdek yangi qonunlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sudlarning e’tibori o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash, ularga qonunga xilof ravishda egalik qilish, shuningdek o‘qotar qurol yoki o‘q-dorilarni beparvolik bilan saqlash to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga qaratilsin va bu jinoyatlar jamiyat xavfsizligiga, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy tahdid solishi ko‘rsatib o‘tilsin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 29-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
2. Tushuntirilsinki, o‘qotar qurol deganda amalda qanday maqsadlarda qo‘llanilishidan qatiy nazar otish uchun porox gazlarining kuchidan foydalaniladigan barcha turdagi jangovor, sport va ov qurollari tushunilishi lozim;
o‘q-dorilar deganda qurol uchun lozim bo‘lgan o‘qlar, artilleriya snaryadlari, bombalar, minalar, granatalar, raketalarning jangovor qismlari, shuningdek o‘qotar quroldan otish uchun mo‘ljallangan ashyolar tushuniladi;
portlovchi moddalar deganda porox, dinamit, trotil, nitroglitserin va kislorodli havo yetishmagan vaziyatda portlash xususiyatiga ega bo‘lgan kimyoviy moddalar va aralashmalar tushunilmog‘i lozim;
portlatish qurilmalari deganda portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan va portlashni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan yig‘ilgan holdagi qurilmalar tushunilmog‘i lozim;
pnevmatik miltiq, signal, start, gaz pistoletlari yoki gaz balonlari, raketnitsalar va boshqa imitatsiya-pirotexnik va yoritgich vositalari qurol jumlasiga kirmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Bunday ishlarni tergov qilish va sudda ko‘rish chog‘ida o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini olish, tayyorlash manbalarini aniqlash lozim. O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalari saqlanayotgan obyektlarni qo‘riqlashda mansab sovuqqonligiga yo‘l qo‘yilganlik hollari yoxud o‘qotar qurol yoki unga o‘q-dorilar tayyorlangan asbob-uskunalardan foydalanish ustidan tegishli nazoratning bo‘lmaganligi aniqlangan taqdirda sudlar bunga xususiy ajrim chiqarish yo‘li bilan o‘zlarining munosabatlarini bildirishlari, zarur hollarda esa jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar qilishlari shart. Ichki ishlar organlari faoliyatida mavjud bo‘lgan qonunga xilof ravishda saqlanayotgan o‘qotar qurollarni aholidan olishdagi va ularni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi kamchiliklar ham sudlarning e’tiboridan chetda qolmasligi lozim.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 29-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
4. Shaxsning Jinoyat kodeksi 247, 248 va 249-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdorligi to‘g‘risidagi masalani hal qilishda aybdordan olingan u yoki bu ashyolarning qonunga xilof ravishda egallaganlik, tayyorlaganlik, olganlik, olib yurganlik, saqlanganlik, o‘tkazganlik va beparvolik bilan saqaganlik uchun qayd etilgan moddalarda javobgarlik ko‘zda tutilgan o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga taalluqliligini tegishli ekspertiza o‘tkazish yo‘li bilan aniqlash kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Sudlar shuni e’tiborga olishlari lozimki, Jinoyat kodeksining 247, 248-moddalari bo‘yicha javobgarlik foydalanish uchun yaroqli bo‘lgan o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini yoxud foydalanishga yaroqsiz o‘qotar qurol yoki portlatish qurilmalarini egallagan, egalik qilgan, olgan, olib yurgan, saqlagan yoki o‘tkazganda (basharti ularni yaroqli holatga keltirish uchun aybdor aniq imkoniyatga ega bo‘lgan bo‘lsa) kelib chiqadi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 29-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
6. O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash deganda, ularni g‘ayriqonuniy ravishda har qanday usulda (o‘g‘irlik, firibgarlik, o‘zlashtirish yoki rastrata qilish, mansab mavqeyini suiiste’mol qilish, talonchilik, tovlamachilik, bosqinchilik yo‘li bilan) qo‘lga kiritish tushunilishi lozim.
(6-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017-yil 29-noyabrdagi 46-sonli qarori tahririda)
O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda har qanday usulda egallash, aybdorning ulardan o‘z xohishi bo‘yicha foydalanish yoki tasarruf etish imkoniyatlari bor-yo‘qligidan qat’i nazar, ular olingan vaqtdan boshlab tugallangan jinoyat hisoblanishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Jinoyat kodeksining 247-moddasiga muvofiq o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini egallaganlik uchun javobgarlik ular qonunga xilof ravishda korxona, tashkilot, muassasalardan, shuningdek, qonuniy yoki qonunsiz tarzda egallab turgan fuqarolardan olingan hollarda ham yuzaga keladi.
O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini o‘g‘irlik, firibgarlik, o‘zlashtirish yoki rastrata qilish, mansab mavqeyini suiiste’mol qilish, talonchilik, tovlamachilik, bosqinchilik yo‘li bilan qonunga xilof ravishda egallash Jinoyat kodeksining 247-moddasi va tegishli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bilan, faqat bu moddalar (modda qismlari) sanksiyasi Jinoyat kodeksining 247-moddasidagidan og‘irroq jazoni ko‘zda tutgan hollardagina kvalifikatsiya qilinishi lozim (masalan, Jinoyat kodeksi 247-moddasi uchinchi qismining “v” bandi va 164-moddasi 4-qismining “v” bandi bilan).
O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalari O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazilgan hollarda aybdor Jinoyat kodeksining 246 va 248-moddalari majmui bo‘yicha javobgar qilinishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladigan o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini tayyorlash deganda ularni yasash yoki shikast yetkazish xususiyatlarini tiklash, shuningdek, qandaydir ashyo (masalan, raketnitsa, start va qurilish pistoletlari) ni qayta ishlash natijasida ularni o‘qotar qurol xususiyatiga keltirish tushunilishi lozim. Ashyoga shikast yetkazish xususiyatlarini berishga qaratilgan harakatlar aybdorga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxirigacha yetkazilmagan bo‘lsa, o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda tayyorlashga suiqasd qilish tariqasida kvalifikatsiya qilinmog‘i lozim.
O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini olish deb ularni sotib olishni, boshqa narsalarga almashtirib olishni, qarzga yoki hadyaga, qarzi evaziga olishni va hokazolarni hisoblamoq kerak.
Saqlash deganda o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini tegishli ruxsatnomasiz aybdorning egaligida: yonida, binoda, xufiya joylarda, transport vositalarida va boshqa yerlarda bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday qasddan qilingan harakatlar tushunilmog‘i lozim.
Qayd qilingan ashyolar shaxs tomonidan tegishli ruxsatnoma bo‘lgan holda, ammo bu ruxsatnomaning muddati o‘tgan yoki o‘qotar qurolni hisobga qo‘yish qoidalari buzilgan vaziyatda saqlanayotgan bo‘lsa, aybdor O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 221-moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortilishi kerak.
O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini o‘tkazish deganda ularni har xil usullarda tarqatish (sotish, o‘zgaga berish, hadya etish, qarzi evaziga berish, qarzga berish va sh.k.)ni tushunish lozim.
Qayd etilgan ashyolar o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda saqlangan, tashilgan, olingan bo‘lsa, bunday harakatlar jinoyatga suiqasd qilish tariqasida Jinoyat kodeksining 25 va 248-moddalari bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.
O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini olib yurish deganda aybdorning qayd etilgan ashyolarning sohibi ekanligi va bu ashyolarning uning yonida bo‘lishi tushunilishi lozim. Bunda ushbu ashyolarning bevosita uning yonida yoki masalan chemodanida, avtomashinasida va hokazolarda bo‘lishining ahamiyati yo‘q.
9. O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini olib yurish, saqlash yoki o‘tkazish mustaqil jinoyatlar ekanligini e’tiborga olgan holda qayd etilgan ashyolarni qonunga xilof ravishda egallash va ularni kelgusida olib yurish, saqlash yoki o‘tkazish Jinoyat kodeksining 247 va 248-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarning real yig‘indisini tashkil qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalari qonunga xilof ravishda boshqa jinoyatni sodir etish maqsadida egallangan, shuningdek tayyorlangan, olingan, olib yurilgan, saqlangan hollarda sodir etilgan qilmish tugallangan jinoyat (Jinoyat kodeksining 247 yoki 248-moddasi) va boshqa jinoyatni sodir etishga tayyorgarlik tariqasida kvalifikatsiya qilinishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Aybdorning egaligida bo‘lgan o‘qotar qurol va unga mo‘ljallangan o‘q-dorilarni beparvolik bilan saqlash, uni o‘zga shaxs tomonidan foydalanishiga va odam o‘lishiga yoxud boshqa og‘ir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 249-moddasi alomatlari qamrab oladi va Jinoyat kodeksining boshqa moddalari bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
“Boshqa og‘ir oqibatlar” alomati har bir muayyan holatda ishning tafsilotlari majmuidan (imoratning portlashi, katta miqdordagi zararli moddalarning atmosferaga tarqalishi va shu kabilar) kelib chiqqan holda tergov va sud tomonidan hal qilinadi.
12. Shaxs Jinoyat kodeksi 248-moddasida qayd etilgan ashyolarni erkin tarzda o‘z ixtiyori bilan topshirish to‘g‘risida qarorga kelsa va uning o‘zi bu ashyolarni topshirish haqida tegishli organlarga yozma yoki og‘zaki ravishda murojaat qilsa, u ashyolarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan hisoblanadi.
Shaxs tintuv jarayonida yoki unda qurol borligi haqida dalillar keltirilishi natijasida qurolni topshirish to‘g‘risidagi xulosaga kelsa, u qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan hisoblanmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Sudlar qurol va o‘q-dorilarni qonunga xilof ravishda respublika hududiga olib kirishda aybli bo‘lgan shaxslarga, qurol va o‘q-dorilarni o‘tkazish maqsadida sotib oluvchi va tayyorlovchilarga, shuningdek ularni o‘tkazuvchilarga, ularni hokimiyat vakillari yoki harbiy xizmatchilarning saqlash joylaridan talon-toroj etuvchilarga, og‘ir jinoyatlar sodir etishda quroldan foydalanuvchilarga qattiq jazo choralari qo‘llanilishini ta’minlashlari shart.
Shu bilan birga sudlar qurol va o‘q-dorilarni saqlash to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda ushbu jinoyat tarkibining faqat rasmiy alomatlaridan, ya’ni saqlash faktining o‘zidangina kelib chiqmasliklari lozim. Bunda qurol va o‘q-dorilarni saqlayotgan shaxsning harakatlari Jinoyat kodeksining 248-moddasida nazarda tutilgan qilmishga to‘g‘ri kelsa-da, ammo kam ahamiyatliligi sababli ijtimoiy xavfli bo‘lmasa, bunday harakat Jinoyat kodeksining 36-moddasiga muvofiq jinoyat hisoblanmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, Toshkent shahar sudlari hamda O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudi ishlarni apellatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rishda qayd etilgan turkumdagi ishlarni ko‘rish sifati ustidan tegishli nazoratni ta’minlasinlar va sud xatolarini o‘z vaqtida tuzatish uchun zarur bo‘lgan choralarni ko‘rsinlar.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017-yil 29-noyabrdagi 46-sonli qarori tahririda)
15. O‘zbekiston SSR Oliy sudi Plenumining 1990-yil 14-dekabrdagi “Jumhuriyat sudlari tomonidan SSJI Oliy sudi Plenumining 1974-yil 20-sentabrdagi “O‘qotar qurollar, o‘q-dorilar yoki portlovchi moddalarni talon-toroj qilish, o‘qotar qurollar, o‘q-dorilar yoki portlovchi moddalarni qonunsiz olib yurish, saqlash, sotib olish, yasash yoki sotish va o‘qotar qurollarni beparvolik bilan saqlash ishlari bo‘yicha sud praktikasi haqida”gi qarorining bajarilishi to‘g‘risida”gi qarori o‘z kuchini yo‘qotgan hisoblansin.