O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
QONUNGA XILOF RAVISHDA QUROLGA EGALIK QILISH TO‘G‘RISIDAGI ISHLAR BO‘YICHA SUD AMALIYOTI HAQIDA
Qonunga xilof ravishda qurolga egalik qilish bilan bog‘liq jinoyatlar jamiyat uchun katta xavf tug‘diradi. Qurol va o‘q-dorilarni respublikaga tashqaridan keltirilishi, ularni omborxonalardan talon-toroj etilishi, qurolga egalik qilish maqsadida hokimiyat vakillariga va harbiy xizmatchilarga hujum qilinishi hollari ortmoqda.
Ko‘plab og‘ir jinoyatlar qurol qo‘llab sodir etilmoqda, ayrim hollarda jinoiy guruhlar tomonidan avtomatik qurollar ham ishlatilmoqda. Sudlar esa hanuzgacha bunday jinoyatlarning jamiyat uchun o‘ta xavfliligiga yetarlicha baho bermayotirlar.
Qurollarni olish yoki tayyorlash manbalari va sabablari, shuningdek, bunday jinoyatlarning sodir bo‘lishiga imkoniyat tug‘dirayotgan sharoitlar va shaxslar doirasi, qurollarni respublika hududiga keltirish usullari ko‘pchilik ishlar bo‘yicha aniqlanmayotir.
Bunday ishlar bo‘yicha jazo tayinlash amaliyotida ham bir xilda yondoshish yo‘q, ko‘pincha aybdorlarga nisbatan asossiz ravishda yengil jazo tayinlash hollari uchramoqda. Shaxslarni o‘qotar qurol, o‘q-dorilarni saqlaganlik uchun faqat rasmiy asoslarga ko‘ra, ularning shaxsi va ish tafsilotlarini e’tiborga olmasdan javobgarlikka tortish va sudlash hollari yuz bermoqda.
Qayd etilganlarni inobatga olib, shuningdek yangi qonunlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sudlarning e’tibori o‘qotar qurolni, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash, ularga qonunga xilof ravishda egalik qilish, shuningdek, o‘qotar qurol yoki o‘q-dorilarni beparvolik bilan saqlash to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga qaratilsin va bu jinoyatlar jamiyat xavfsizligiga, fuqarolarning erkinligi, hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy tahdid solishi ko‘rsatib o‘tilsin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Tushuntirilsinki, O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 29-iyuldagi “Qurol to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq:
o‘qotar qurol deganda, porox yoki boshqa modda quvvati hisobiga yo‘naltirilgan holda harakatga keluvchi aslaha bilan nishonni masofadan turib mexanik urish uchun mo‘ljallangan qurol tushunilmog‘i lozim;
o‘qotar qurolning asosiy qismlari deganda, stvol, zatvor, o‘qdon (baraban), ramka, stvol qutisi tushunilmog‘i lozim;
o‘q-dorilar deganda, qurolning jonli nishonni yoki boshqa nishonni urish uchun mo‘ljallangan hamda tarkibida portlovchi, poroxli, uloqtiruvchi, pirotexnik yoki urib chiqaradigan moddalar yoxud ularning birikmasi mavjud bo‘lgan qurol-yarog‘ ashyolari va uloqtiriladigan aslahasi tushunilmog‘i lozim;
portlovchi moddalar deganda, porox, dinamit, trotil, nitroglitserin va kislorodli havo yetishmagan vaziyatda portlash xususiyatiga ega bo‘lgan kimyoviy moddalar va aralashmalar tushunilmog‘i lozim;
portlatish qurilmalari deganda, portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan va portlashni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan yig‘ilgan holdagi qurilmalar tushunilmog‘i lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Qurol muomalasi — qurolni va uning o‘q-dorilarini, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini ishlab chiqarish, ta’mirlash, realizatsiya qilish, olish, hisobga olish, saqlash, olib yurish, tashish, kolleksiyalash, ko‘rgazmaga qo‘yish, ulardan foydalanish, ularni olib qo‘yish, yo‘q qilish, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish, shuningdek, ularni O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit qilish tushunilmog‘i lozim;
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qaroriga asosan yettinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
Pnevmatik miltiqlar, signal, start, gaz pistoletlari yoki gazli ballonchalari, raketnitsalar va boshqa imitatsiya-pirotexnik hamda yoritgich vositalari o‘qotar qurol jumlasiga kirmaydi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Bunday ishlarni tergov qilish va sudda ko‘rish chog‘ida o‘qotar qurolni, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini olish, tayyorlash manbalarini aniqlash lozim. O‘qotar qurolni, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalari saqlanayotgan obyektlarni qo‘riqlashda mansab sovuqqonligiga yo‘l qo‘yilganlik hollari yoxud o‘qotar qurol yoki unga o‘q-dorilar tayyorlangan asbob-uskunalardan foydalanish ustidan tegishli nazoratning bo‘lmaganligi aniqlangan taqdirda sudlar xususiy ajrim chiqarish yo‘li bilan o‘zlarining munosabatlarini bildirishlari, zarur hollarda esa, jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar qilishlari shart. Ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya hududiy boshqarmalari faoliyatida aholi qo‘lida qonunga xilof ravishda saqlanayotgan o‘qotar qurollarni olish va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ham sudlarning e’tiboridan chetda qolmasligi lozim.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
4. Shaxsning Jinoyat kodeksi 247, 248 va 249-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdorligi to‘g‘risidagi masalani hal qilishda aybdordan olingan u yoki bu ashyolarning qonunga xilof ravishda egallaganlik, tayyorlaganlik, olganlik, olib yurganlik, saqlaganlik, o‘tkazganlik va beparvolik bilan saqlaganlik uchun qayd etilgan moddalarda javobgarlik ko‘zda tutilgan o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga taalluqliligini tegishli ekspertiza o‘tkazish yo‘li bilan aniqlash kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Sudlar shuni e’tiborga olishlari lozimki, Jinoyat kodeksining 247, 248-moddalari bo‘yicha javobgarlik foydalanish uchun yaroqli bo‘lgan o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini yoxud foydalanishga yaroqsiz o‘qotar qurol yoki portlatish qurilmalarini egallagan, egalik qilgan, olgan, olib yurgan, saqlagan yoki o‘tkazganda (basharti ularni yaroqli holatga keltirish uchun aybdor aniq imkoniyatga ega bo‘lgan bo‘lsa) kelib chiqadi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 29-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
6. O‘qotar qurol, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash deganda, ularni g‘ayriqonuniy ravishda har qanday usulda (o‘g‘irlik, firibgarlik, o‘zlashtirish yoki rastrata qilish, mansab mavqeyini suiiste’mol qilish, talonchilik, tovlamachilik, bosqinchilik yo‘li bilan) qo‘lga kiritish tushunilishi lozim.
O‘qotar qurol, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda har qanday usulda egallash, aybdorning ulardan o‘z xohishi bo‘yicha foydalanish yoki tasarruf etish imkoniyatlari bor-yo‘qligidan qat’i nazar, ular olingan vaqtdan boshlab tugallangan jinoyat hisoblanishi kerak.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Jinoyat kodeksining 247-moddasiga muvofiq o‘qotar qurol, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini egallaganlik uchun javobgarlik ular qonunga xilof ravishda korxona, tashkilot, muassasalardan, shuningdek, qonuniy yoki qonunsiz tarzda egallab turgan fuqarolardan olingan hollarda ham yuzaga keladi.
O‘qotar qurol, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini o‘g‘irlik, firibgarlik, o‘zlashtirish yoki rastrata qilish, mansab mavqeyini suiiste’mol qilish, talonchilik, tovlamachilik, bosqinchilik yo‘li bilan qonunga xilof ravishda egallash Jinoyat kodeksining 247-moddasi va tegishli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bilan, faqat bu moddalar (modda qismlari) sanksiyasi Jinoyat kodeksining 247-moddasidagidan og‘irroq jazoni ko‘zda tutgan hollardagina kvalifikatsiya qilinishi lozim (masalan, Jinoyat kodeksi 247-moddasi uchinchi qismining “v” bandi va 164-moddasi 4-qismining “v” bandi bilan).
O‘qotar qurol, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalari O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda o‘tkazilgan hollarda aybdor Jinoyat kodeksining 246 va 248-moddalari majmui bo‘yicha javobgar qilinishi shart.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladigan o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, o‘qotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini tayyorlash deganda, ularni yasash yoki shikast yetkazish xususiyatlarini tiklash, shuningdek, qandaydir ashyo (masalan, raketnitsa, start va qurilish pistoletlari)ni qayta ishlash natijasida ularni o‘qotar qurol xususiyatiga keltirish tushunilishi lozim. Ashyoga shikast yetkazish xususiyatlarini berishga qaratilgan harakatlar aybdorga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra, oxirigacha yetkazilmagan bo‘lsa, o‘qotar qurol, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda tayyorlashga suiqasd qilish tariqasida kvalifikatsiya qilinmog‘i lozim.
O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, o‘qotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini olish deb ularni sotib olishni, boshqa narsalarga almashtirib olishni, qarzga yoki hadyaga, qarzi evaziga olishni va hokazolarni hisoblamoq kerak.
Saqlash deganda, o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, o‘qotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini tegishli ruxsatnomasiz aybdorning egaligida: yonida, binoda, xufiya joylarda, transport vositalarida va boshqa yerlarda saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday qasddan qilingan harakatlar tushunilmog‘i lozim.
Fuqaroviy, xizmat qurolini, mukofot tarzida berilgan, kolleksiyalash, ko‘rgazmaga qo‘yish uchun mo‘ljallangan qurolni va uning o‘q-dorilarini shaxs tomonidan tegishli ruxsatnoma bo‘lgan holda, ammo bu ruxsatnomaning muddati o‘tgan, hisobga qo‘yish qoidalari buzilgan vaziyatda saqlanayotgan bo‘lsa, aybdor O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 221-moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortilishi kerak.
O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, o‘qotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini o‘tkazish deganda, ularni har xil usullarda tarqatish (sotish, o‘zgaga berish, hadya etish, qarzi evaziga berish, qarzga berish va sh.k.)ni tushunish lozim.
Qayd etilgan ashyolar o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda saqlangan, tashilgan, olingan bo‘lsa, bunday harakatlar jinoyatga suiqasd qilish tariqasida Jinoyat kodeksining 25 va 248-moddalari bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.
O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, o‘qotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini olib yurish deganda, aybdorning qayd etilgan ashyolarning egasi ekanligi va bu ashyolarning uning yonida bo‘lishi tushunilishi lozim. Bunda ushbu ashyolar bevosita uning yonida yoki masalan, chemodanida, avtomashinasida va hokazolarda bo‘lishining ahamiyati yo‘q.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
9. O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, o‘qotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini olib yurish, saqlash yoki o‘tkazish mustaqil jinoyatlar ekanligini e’tiborga olgan holda qayd etilgan ashyolarni qonunga xilof ravishda egallash va ularni kelgusida olib yurish, saqlash yoki o‘tkazish Jinoyat kodeksining 247 va 248-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarning real yig‘indisini tashkil qiladi.
(9-band nO‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
10. O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, o‘qotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalari qonunga xilof ravishda boshqa jinoyatni sodir etish maqsadida egallangan, shuningdek tayyorlangan, olingan, olib yurilgan, saqlangan hollarda sodir etilgan qilmish tugallangan jinoyat (Jinoyat kodeksining 247 yoki 248-moddasi) va boshqa jinoyatni sodir etishga tayyorgarlik tariqasida kvalifikatsiya qilinishi shart.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
11. Aybdorning egaligida bo‘lgan o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilarini, shuningdek, pnevmatik qurolni, tig‘li sovuq qurolni (ov pichoqlari, ov xanjarchalari va xanjarlar, rapiralar, shpagalar va qilichlarni), uloqtirish qurolini (kamonlar, arbaletlar va nayzalarni), signal beruvchi qurolni saqlash, olib yurish, tashish qoidalarini buzish odam o‘lishiga yoxud boshqa og‘ir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 249-moddasi bilan qamrab olinadi va Jinoyat kodeksining boshqa moddalari bilan qushimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi.
(11-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
“Boshqa og‘ir oqibatlar” alomati har bir muayyan holatda ishning tafsilotlari majmuidan (imoratning portlashi, katta miqdordagi zararli moddalarning atmosferaga tarqalishi va shu kabilar) kelib chiqqan holda tergov va sud tomonidan hal qilinadi.
12. Shaxs Jinoyat kodeksi 248-moddasida qayd etilgan ashyolarni erkin tarzda o‘z ixtiyori bilan topshirish to‘g‘risida qarorga kelsa va uning o‘zi bu ashyolarni topshirish haqida tegishli organlarga yozma yoki og‘zaki ravishda murojaat qilsa, u ashyolarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan hisoblanadi.
Shaxs tintuv jarayonida yoki unda qurol borligi haqida dalillar keltirilishi natijasida qurolni topshirish to‘g‘risidagi xulosaga kelsa, u qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan hisoblanmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Sudlar o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, o‘qotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda respublika hududiga olib kirishda aybli bo‘lgan shaxslarga, o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, o‘qotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini o‘tkazish maqsadida sotib oluvchi va tayyorlovchilarga, shuningdek ularni o‘tkazuvchilarga, ularni hokimiyat vakillari yoki harbiy xizmatchilarning saqlash joylaridan talon-toroj etuvchilarga, og‘ir jinoyatlar sodir etishda quroldan foydalanuvchilarga qattiq jazo choralari qo‘llanilishini ta’minlashlari shart.
Shu bilan birga sudlar o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, o‘qotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini saqlash to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda ushbu jinoyat tarkibining faqat rasmiy alomatlaridan, ya’ni saqlash faktining o‘zidangina kelib chiqmasliklari lozim. Bunda o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, o‘qotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini saqlayotgan shaxsning harakatlari Jinoyat kodeksining 248-moddasida nazarda tutilgan qilmishga to‘g‘ri kelsa-da, ammo kam ahamiyatliligi sababli ijtimoiy xavfli bo‘lmasa, bunday harakat Jinoyat kodeksining 36-moddasiga muvofiq jinoyat hisoblanmaydi.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi ishlarini apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida ko‘rishda qayd etilgan turkumdagi ishlarni ko‘rish sifati ustidan tegishli nazoratni ta’minlasinlar va sud xatolarini o‘z vaqtida tuzatish uchun zarur bo‘lgan choralarni ko‘rsinlar.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
15. O‘zbekiston SSR Oliy sudi Plenumining 1990-yil 14-dekabrdagi “Jumhuriyat sudlari tomonidan SSJI Oliy sudi Plenumining 1974-yil 20-sentabrdagi “O‘qotar qurollar, o‘q-dorilar yoki portlovchi moddalarni talon-toroj qilish, o‘qotar qurollar, o‘q-dorilar yoki portlovchi moddalarni qonunsiz olib yurish, saqlash, sotib olish, yasash yoki sotish va o‘qotar qurollarni beparvolik bilan saqlash ishlari bo‘yicha sud praktikasi haqida”gi qarorining bajarilishi to‘g‘risida”gi qarori o‘z kuchini yo‘qotgan hisoblansin.
1996-yil 27-fevral,
3-son