Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
Kontrabanda va bojxona qonunlarini buzish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud amaliyoti haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013-yil 6-sentabrdagi 18-sonli “Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, portlatish qurilmalari, narkotiklar va boshqa olib chiqish yoki olib kirish taqiqlangan ashyolarni kontrabanda qilish jamiyat va davlat uchun katta xavf tugʻdiradi. Tovar va boshqa qimmatliklarni Oʻzbekiston Respublikasi bojxonasi chegarasidan qonunga xilof ravishda oʻtkazish ham respublika iqtisodiyoti barqarorligiga putur yetkazadi.
Shu sababli hamda kontrabanda va bojxona qonunlarini buzish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud amaliyotida vujudga kelgan masalalar yuzasidan tushunchalar berish zarurligi munosabati bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarga tushuntirilsinki, kontrabanda uchun jinoiy javobgarlik Jinoyat kodeksi 246-moddasi dispozitsiyasida koʻrsatilgan ashyolar Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda oʻtkazilgan taqdirda, bu ashyolar oʻzga MDH mamlakatlariga yoki MDHga kirmagan mamlakatlarga oʻtkazilganligidan qatʼi nazar vujudga keladi.
2. Jinoyat kodeksining 182-moddasi boʻyicha bojxona qonunlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik tovar yoki boshqa qimmatliklar Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda oʻtkazish maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin koʻp miqdorda sodir etilsa, shuningdek, ushbu moddada koʻrsatilgan boshqa javobgarlikni ogʻirlashtiruvchi holatlar mavjud boʻlganda yuzaga keladi. Tovar yoki boshqa qimmatliklarni bojxona chegarasidan oʻtkazishning boshqa hollarida aybdor shaxslar Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 227-moddasiga muvofiq maʼmuriy javobgarlikka tortiladi (bojxonaga doir qonun hujjatlarini buzish).
3. Tushuntirilsinki,
a) Jinoyat kodeksining 246 va 182-moddalari dispozitsiyasida nazarda tutilgan ashyolarni, tovar va boshqa qimmatliklarni bojxona nazoratini chetlab Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda oʻtkazish deganda ularni bojxona organi boʻlmagan joydan yoki bojxona rasmiylashtiruvi va nazorati amalga oshiriladigan vaqtdan tashqari vaqtda oʻtkazishni tushunmoq lozim;
b) Jinoyat kodeksining 246 va 182-moddalari dispozitsiyasida nazarda tutilgan ashyolarni, tovar va boshqa qimmatliklarni bojxona nazoratidan yashirib Oʻzbekiston Respublikasining bojxonasi chegarasidan qonunga xilof ravishda oʻtkazish deganda, ularni xufya joylardan va topishni qiyinlashtiradigan usullardan foydalanib yoki bir tusdagi ashyoga ikkinchisining koʻrinishini berib oʻtkazishni tushunmoq lozim;
Maxsus saqlash joylari deb xufya joylarni, shuningdek kontrabanda maqsadlarida transport vositalariga oldindan qayta ishlanib, yigʻilib va shunga oʻxshash yoʻllar bilan jihozlangan va moslashtirilgan konstruktiv sigʻimli idishlarni va boshqa ashyolarni hisoblamoq kerak.
v) hujjatlardan aldash yoʻli bilan foydalanish deganda, ashyolarni, tovar va boshqa qimmatliklarni bojxona chegarasidan oʻtkazish uchun asos tariqasida qalbaki hujjatlarni, qonunga xilof yoʻllar bilan olingan hujjatlarni yoxud yolgʻon maʼlumotlar yozilgan hujjatlarni bojxona nazoratiga taqdim etishni tushunmoq lozim.
g) Oʻzbekiston Respublikasi bojxona qonuniga muvofiq bojxona identifikatsiya vositalari deganda, soʻrgʻichlash, muhrlash, raqamli, harfli va boshqacha tamgʻalar, identifikatsiya belgilarini qoʻyish, shtamplash, namuna va nusxalar olish, tovarlarni, boshqa qimmatliklarni xatlash, chizmalar tuzish, miqyosni tasvirlash, fotosuratlar, rasmlar tayyorlash, tovarlar bilan birga yuboriladigan va boshqa hujjatlardan foydalanish va hokazolar tushuniladi.
bojxona identifikatsiya vositalaridan aldash yoʻli bilan foydalanish deganda, shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi yoki oʻzga davlatlar bojxona organlari tomonidan tatbiq etilgan identifikatsiya vositalarini oʻzgartirishi, yoʻq qilishi, buzishi yoxud yoʻqotishi bilan bogʻliq harakatlari tushunilmogʻi lozim.
d) Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasida qayd qilingan kontrabanda ashyolarini yoxud 182-moddasida koʻrsatilgan tovar yoki boshqa qimmatliklarni deklaratsiyaga kiritmaslik yoki oʻzgacha nom bilan deklaratsiyaga kiritish deganda shaxslarning chegaradan oʻtkazilishi lozim boʻlgan kontrabanda ashyolarini yoxud tovar yoki boshqa qimmatliklarni deklaratsiya qilish tartibini buzishi bilan bogʻliq harakatlari, yaʼni bojxona qonunlari tomonidan oʻrnatilgan deklaratsiya qilish formasi va joyi toʻgʻrisidagi, uni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi, deklaratsiya va boshqa qoʻshimcha hujjatlar taqdim etish muddatlari toʻgʻrisidagi talablarga rioya etmaslik, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan yoki uning hududidan olib chiqilayotgan kontrabanda ashyolari, tovar yoki boshqa qimmatliklarning turi, soni xususida deklaratsiyaga soxta maʼlumotlar kiritish tushuniladi.
Bila turib qalbaki hujjat tuzgan yoki hujjatga yoxud bila turib olgan qalbaki hujjatiga soxta maʼlumotlar kiritgan va uni bojxona organlariga haqiqiy hujjat sifatida taqdim etgan shaxs jinoyatlar majmui boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182 yoki 246 va 209 yoki 228-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortiladi.
(3-band “d” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012-yil 13-dekabrdagi 19-sonli qarori tahririda)
e) Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 182-moddasi 2-qismining “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatning subyekti chegarada nazorat funksiyasini amalga oshirayotgan mansabdor va boshqa shaxslar, shuningdek, tovar va boshqa qimmatliklarni Oʻzbekiston Respublikasi chegarasidan qonunga xilof ravishda oʻtkazish maqsadida hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilgan shaxslar hisoblanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246, 182-moddalarida koʻrsatilgan kontrabanda ashyolarini, tovar yoki boshqa qimmatliklarni oʻtkazish ular haqiqatdan ham Oʻzbekiston Respublikasi chegarasidan qonunga xilof ravishda oʻtkazilgan paytdan boshlab tugallangan jinoyat hisoblanadi.
5. Shaxs Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasida qayd etilgan ashyolarni kontrabanda qilish yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasida koʻrsatilgan tovar yoki boshqa qimmatliklarni Oʻzbekiston Respublikasi chegarasidan oʻtkazish bilan bir qatorda boshqa (masalan, qonunga xilof ravishda oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini egallash yoki ularga egalik qilish, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish va hokazo) jinoyatlarni sodir etgan hollarda aybdorning harakatlari jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinmogʻi lozim.
6. Jinoyat protsessual kodeksi 211-moddasiga muvofiq kontrabanda ashyolari (JK 246-moddasi) yoxud tovar yoki boshqa qimmatliklar (JK 182-moddasi) daliliy ashyo tariqasida musodara qilinishi lozim.
Transport vositalarini jinoyat quroli deb topish masalasini hal qilishda, sudlar Oliy sud Plenumining 2012-yil 13-dekabrdagi “Jinoyat ishlari boʻyicha ashyoviy dalillarga oid qonunchilikni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi qarorida bayon etilgan tushuntirishlarga rioya qilishlari lozim.
Kontrabanda ashyolari aybdor tomonidan sotilgan boʻlsa, sud ularning qiymatini mahkumdan davlat foydasiga undirish masalasini muhokama qilishi kerak (FK 199-moddasi).
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012-yil 13-dekabrdagi 19-sonli qarori tahririda)
7. Kontrabanda qilishda yoxud tovar yoki boshqa qimmatliklarni Oʻzbekiston Respublikasi chegarasidan qonunga xilof ravishda oʻtkazishda aybdor boʻlgan shaxslarga jazo tayinlashda, sudlar Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 45-moddasiga muvofiq, bu shaxslarni jinoyatni sodir etishda foydalangan muayyan huquqlaridan mahrum etish masalasini hal qilishi lozim.
8. Kontrabanda toʻgʻrisidagi (Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 246-moddasi) yoki bojxona qonunlarini buzish haqidagi (Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 182-moddasi) ishlarni koʻrishda sudlar bu jinoyatlarning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlashlari va ularga xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan munosabatlarini bildirishlari shart.
1996-yil 27-fevral,
2-son