Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
QAMOQQA OLIShGA SANKSIYA BERISh HUQUQI SUDLARGA OʻTKAZILIShI MUNOSABATI BILAN OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING AYRIM QONUN HUJJATLARIGA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2007-yil 15-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2007-yil 29-iyunda maʼqullangan
Senat tomonidan 2007-yil 29-iyunda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2013-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 2, 5-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 269-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 11, 23-moddalar, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 9, 171-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 12, 418-modda; 2006-yil, № 6, 261-modda; 2007-yil, № 4, 166-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 18-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas”;
2) 29-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sudning vakolatlariga: qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash yoki qamoqda saqlash muddatini uzaytirish masalalari bilan bogʻliq iltimosnoma, shikoyat va protestni ehtiyot choralari toʻgʻrisida qaror chiqargan sudni albatta xabardor qilgan holda koʻrib chiqish; jinoyat ishini sud muhokamasiga tayyorlash; ishni muhokama qilish va hukm chiqarish yoki boshqa qaror qabul qilish; ishni apellatsiya, kassatsiya, nazorat tartibida koʻrib chiqish; hukmni ijro ettirish kiradi”;
3) 36-moddaning:
birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tergovchi: jinoyat ishini qoʻzgʻatishga va tugatishga, ishni qoʻzgʻatishni rad etishga; jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni ushlash va soʻroq qilishga; ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tergov harakatlarini olib borishga; shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok qilish uchun jalb etish toʻgʻrisida va unga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash haqida qaror qabul qilishga, qamoqqa olish bundan mustasno; oʻz yurituviga qabul qilgan ishlar boʻyicha surishtiruv organlariga qidiruv va tergov harakatlarini bajarish toʻgʻrisida yozma topshiriqlar berishga; surishtiruv organlaridan ayrim tergov harakatlarini yuritishda koʻmaklashishni talab qilishga; qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida iltimosnoma berishga, shuningdek ehtiyot chorasini ushbu Kodeksning 240-moddasiga muvofiq bekor qilish yoki oʻzgartirishga haqlidir”;
uchinchi qismidagi “ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish haqidagi” degan soʻzlar “qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
4) 217-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan ushlab turish yoxud ekspertiza oʻtkazish uchun tibbiy muassasaga joylashtirish tarzida protsessual majburlov chorasi qoʻllaganida (qamoqqa olingan taqdirda esa sud) bu haqda yigirma toʻrt soatdan kechiktirmasdan uning oila aʼzolaridan biriga, ular boʻlmagan taqdirda esa qarindoshlariga yoki yaqin kishilariga xabar berishi, shuningdek bu haqda ish yoki oʻqish joyiga maʼlum qilishi shart”;
5) 226-modda:
birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushlab turish muddati ushlangan militsiyaga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilgan paytdan boshlab koʻpi bilan yetmish ikki soatni tashkil etadi. Tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va yetarli asoslar taqdim etilganda ushlab turish sudning qarori bilan qoʻshimcha ravishda qirq sakkiz soatga uzaytirilishi mumkin”;
uchinchi qismining birinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Alohida hollarda ushlab turilgan gumon qilinuvchiga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilishi mumkin”;
6) 227-moddaning ikkinchi qismi chiqarib tashlansin;
7) 234-moddaning:
nomidagi “Ushlab turilganlarni” degan soʻzlar “Ushlab turilganni” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jinoyat sodir etishda gumon qilinib ushlab turilgan shaxs, agar:
1) jinoyat sodir etganligi haqidagi gumon tasdiqlanmasa;
2) ushlab turilganga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash zarurati boʻlmasa yoki uni qoʻllash sud tomonidan rad etilsa;
3) ushlab turishning belgilangan muddati tugagan boʻlsa va ushlab turilganga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilmagan yoxud ushbu Kodeks 243-moddasi oʻninchi qismining 3-bandiga muvofiq ushlab turish muddati uzaytirilmagan boʻlsa, ozod qilinadi”;
toʻrtinchi qismidagi “yoxud unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqidagi qarori” degan soʻzlar “qarori yoxud sudning uni ushlab turish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi yoki unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqidagi ajrimi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
8) 239-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati aʼzosiga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tegishli palatasi yoki uning Kengashi roziligi bilan;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakiliga (ombudsmanga) nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining roziligi bilan;
3) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatiga, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashining deputatiga nisbatan — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, tegishli xalq deputatlari Kengashi yoki ularning rahbarlari roziligi bilan;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasiga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining roziligi bilan, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa sudlari sudyalariga nisbatan — tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining roziligi bilan;
5) prokuror va prokuratura tergovchisiga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining roziligi bilan qoʻllanilishi mumkin”;
9) 240-modda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ishni sudga qadar yuritish bosqichida qoʻllanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi shaxsni bundan keyin qamoqda saqlash uchun asoslar mavjud boʻlmaganda prokuror tomonidan, shuningdek prokurorning roziligi bilan tergovchi tomonidan ehtiyot choralari toʻgʻrisida qaror chiqargan sudni albatta xabardor etgan holda bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi mumkin. Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasining bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi ushbu ehtiyot chorasini aynan oʻsha shaxsga nisbatan qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan sudga takroran murojaat etishga monelik qilmaydi”;
ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilingan yoxud oʻzgartirilgan taqdirda, qamoqda saqlanayotgan shaxs darhol ozod qilinishi kerak”;
10) 241—243-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“241-modda. Ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat berish va protest bildirish
Ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror ustidan tergovni nazorat qilayotgan, uni bekor qilishga yoki oʻzgartirishga haqli boʻlgan prokurorga shikoyat berilishi mumkin. Prokuror shikoyatni olgan paytdan eʼtiboran uch sutka ichida uni koʻrib chiqishi hamda shikoyat bergan shaxsni oʻz qaroridan xabardor etishi shart.
Dastlabki tergov bosqichida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqidagi yoki qamoqda saqlash muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi masala boʻyicha sudning ajrimi ustidan mazkur ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran yetmish ikki soat ichida apellatsiya tartibida shikoyat berilishi, protest bildirilishi mumkin. Shikoyat, protest ajrim chiqargan sud orqali beriladi, mazkur sud ularni yigirma toʻrt soat ichida materiallar bilan birga apellatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart. Apellatsiya instansiyasi sudi koʻrsatilgan materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga ular kelib tushgan paytdan eʼtiboran yetmish ikki soatdan kechiktirmasdan koʻrib chiqishi kerak.
Shikoyat yoki protest berilishi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi masala boʻyicha qaror ijrosini toʻxtatib qoʻymaydi.
242-modda. Qamoqqa olish
Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish Jinoyat kodeksida uch yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan qasddan sodir etilgan jinoyatlarga doir hamda ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, buning uchun Jinoyat kodeksida besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar boʻyicha qoʻllaniladi.
Alohida hollarda qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi uch yildan ortiq boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan qasddan sodir etilgan jinoyatlarga doir, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, buning uchun besh yildan ortiq boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar boʻyicha quyidagi holatlardan biri mavjud boʻlgan taqdirda:
ayblanuvchi, sudlanuvchi tergov va suddan yashiringanida;
ushlab turilgan gumon qilinuvchining shaxsi aniqlanmaganida;
ilgari qoʻllanilgan ehtiyot chorasi ayblanuvchi, sudlanuvchi tomonidan buzilganida;
ushlab turilgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi, sudlanuvchi Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega boʻlmaganida;
jinoyat qamoq yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni oʻtash davrida sodir etilganida, qoʻllanilishi mumkin.
243-modda. Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash tartibi
Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi faqat ushlab turilgan gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan shaxsga nisbatan qoʻllanilishi mumkin.
Qonunda nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlganda va dastlabki tergov davomida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlanganda prokuror, prokurorning roziligi bilan tergovchi qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqida qaror chiqaradi.
Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorda ushlab turilgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini qamoqqa olish zaruratini keltirib chiqargan asoslar va boshqa ehtiyot chorasini qoʻllab boʻlmaslik asoslari bayon qilinadi. Qarorga iltimosnomani asoslovchi zarur materiallar ilova qilinadi.
Prokuror qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi boʻlgan taqdirda, iltimosnoma qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qaror va zarur materiallarni sudga yuboradi. Agar iltimosnoma ushlab turilgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchiga nisbatan qoʻzgʻatilayotgan boʻlsa, qaror va koʻrsatilgan materiallar ushlab turish muddati tugashidan kamida oʻn ikki soat oldin sudga taqdim qilinishi kerak.
Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnoma jinoyat sodir qilingan yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining, okrug, hududiy harbiy sudning sudyasi tomonidan, mazkur sudlarning sudyasi boʻlmagan yoxud qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi materialni koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, jinoyat ishlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, jinoyat ishlari boʻyicha viloyat, Toshkent shahar sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnoma yopiq sud majlisida, materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran oʻn ikki soat ichida, lekin ushlab turishning eng koʻp muddatidan kechiktirmay koʻrib chiqiladi.
Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnoma prokuror, agar ishda qatnashayotgan boʻlsa himoyachi, ushlab turilgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi ishtirokida koʻrib chiqiladi. Ushlab turilgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi sud majlisiga olib kelinadi. Sud majlisida gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining qonuniy vakili, shuningdek tergovchi ishtirok etishga haqli. Zarur hollarda tergovchi sudga chaqirilishi mumkin.
Sud majlisining joyi, sanasi va vaqti haqida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish uchun monelik qilmaydi, ayblanuvchining kelmaganligi hollari bundan mustasno. Qidiruv eʼlon qilingan ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnoma ayblanuvchining ishtirokisiz koʻrib chiqiladi.
Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish prokuror maʼruzasi bilan boshlanadi, u mazkur ehtiyot chorasini qoʻllash zaruratini asoslab beradi. Shundan soʻng gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi, himoyachi, sudda hozir boʻlgan boshqa shaxslar eshitiladi, taqdim qilingan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.
Sudya gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqib, quyidagi ajrimlardan birini chiqaradi:
1) qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida;
2) qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllashni rad qilish toʻgʻrisida;
3) taraflar qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllashning asoslanganligi yoki asoslanmaganligiga doir qoʻshimcha dalillarni taqdim etishlari uchun ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatdan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytirish toʻgʻrisida.
Sudyaning qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqidagi yoki uni qoʻllashni rad qilish toʻgʻrisidagi ajrimi oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va darhol ijro qilinishi kerak. Sudyaning ajrimi ijro uchun prokurorga, maʼlumot uchun esa gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, himoyachiga yuboriladi. Sudyaning ajrimi ustidan ushbu Kodeks 241-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga binoan apellatsiya tartibida shikoyat berilishi, protest bildirilishi mumkin.
Apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini, protestini koʻrib chiqib, oʻz ajrimi bilan:
1) sudyaning ajrimini oʻzgarishsiz, shikoyat yoki protestni esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
2) sudyaning ajrimini bekor qilish va gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini qamoqdan ozod qilish yoxud unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllashga haqli.
Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash rad qilingan taqdirda, aynan oʻsha gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan mazkur masala boʻyicha takroran sudga murojaat qilishga qamoqqa olishni taqozo etadigan yangi holatlar yuzaga kelganda yoʻl qoʻyiladi”;
11) 245-moddaning:
“Jinoyatlar tergov qilinayotganda qamoqda saqlab turish muddati koʻpi bilan uch oyni tashkil etadi.
Qamoqda saqlab turishning qonun normalarida belgilangan uch oylik muddatini:
5 oygacha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori yoki viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning;
7 oygacha — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oʻrinbosarining;
9 oygacha — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining;
bir yilgacha — alohida murakkab ishlar tergov qilinayotgan hollarda ogʻir hamda oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganlikda ayblanayotgan shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining iltimosnomasiga binoan uzaytirish imkoni sud tomonidan koʻrib chiqiladi. Muddatni yana uzaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Koʻrsatilgan barcha iltimosnomalarni koʻrib chiqishda sud taqdim etilgan materiallarning asosliligini, shuningdek protsessual normalar va talablarga rioya etilganligini inobatga oladi”;
toʻrtinchi va beshinchi qismlari tegishincha uchinchi va toʻrtinchi qismlar deb hisoblansin;
12) 246-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ayblanuvchini qamoqda saqlab turish muddati tugagan jinoyat ishini sud qoʻshimcha tergovga qaytargan va ishning holatlariga koʻra qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini oʻzgartirish mumkin boʻlmagan taqdirda, jinoyat ishini qoʻshimcha tergovga qaytargan sud tomonidan qamoqda saqlab turish muddati bir oygacha uzaytiriladi, bu muddat ish prokurorga kelib tushgan paytdan boshlab hisoblanib, prokuror jinoyat ishini uch sutkadan kechiktirmay tergovchiga yuborishi shart. Koʻrsatilgan muddatni uzaytirish ayblanuvchi ish sudga yuborilguniga qadar qamoqda boʻlgan vaqtni hisobga olgan holda ushbu Kodeks 245-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan tartib hamda doirada amalga oshiriladi”;
13) 247-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“247-modda. Qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish tartibi
Ayblanuvchini qamoqda saqlab turishning belgilangan muddati tugashidan kamida olti sutka oldin tegishli prokuror qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqida qaror chiqaradi, bu qaror sudga yuboriladi.
Qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorda tergovning choʻzilib ketganligi sabablari, tekshirilishi lozim boʻlgan tusmollar va holatlar, qoʻshimcha ravishda soʻralayotgan muddat koʻrsatilishi kerak.
Qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma jinoyat sodir etilgan yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining, okrug, hududiy harbiy sudning sudyasi tomonidan, mazkur sudlarning sudyasi boʻlmagan yoxud qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi materialni koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, jinoyat ishlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, jinoyat ishlari boʻyicha viloyat, Toshkent shahar sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran yetmish ikki soat ichida yopiq sud majlisida koʻrib chiqiladi.
Qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma prokuror, ayblanuvchi, agar ishda qatnashayotgan boʻlsa, himoyachi ishtirokida koʻrib chiqiladi. Zarur hollarda tergovchi sudga chaqirilishi mumkin.
Ayblanuvchi statsionar sud-psixiatriya ekspertizasidan oʻtkazish uchun tibbiy muassasaga joylashtirilgan taqdirda, qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma sud tomonidan ayblanuvchining ishtirokisiz koʻrib chiqilishi mumkin. Bunda ayblanuvchining himoyachisi sud majlisida ishtirok etishi shart.
Sudya qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqib, quyidagi ajrimlardan birini chiqaradi:
1) qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida;
2) qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirishni rad qilish toʻgʻrisida.
Sudyaning qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish haqidagi yoki qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirishni rad qilish toʻgʻrisidagi ajrimi oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va darhol ijro qilinishi kerak. Sudyaning ajrimi ijro uchun prokurorga, maʼlumot uchun esa ayblanuvchiga, himoyachiga yuboriladi. Sudyaning ajrimi ustidan ushbu Kodeks 241-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga binoan yetmish ikki soat ichida apellatsiya tartibida shikoyat berilishi, protest bildirilishi mumkin.
Apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini, protestini koʻrib chiqib, oʻz ajrimi bilan:
1) sudyaning ajrimini oʻzgarishsiz, shikoyat yoki protestni esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
2) sudyaning ajrimini bekor qilish va qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirishni rad etishga yoki qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirishga haqli. Qamoqda saqlash muddati tugab, ozod etilgan ayblanuvchiga nisbatan qamoqda saqlab turish muddati uzaytirilgan taqdirda, sud unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllashi kerak”;
14) 342-modda ikkinchi qismining 2-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2) gumon qilinuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash yoki muayyan shaxsni ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilish uchun asoslar aniqlangan boʻlsa”;
15) 355-modda ikkinchi qismining 3-bandi “qamoqqa olish” degan soʻzlardan keyin “tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida iltimosnomalar qoʻzgʻatish” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
16) 365-moddaning toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Kodeksning 242 va 243-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda qidirilayotgan ayblanuvchi topilgan taqdirda, sudning ajrimi bilan unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilishi mumkin”;
17) 382-moddaning uchinchi qismi:
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritadi yoki iltimosnomaga rozilik beradi yoxud qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritadi”;
beshinchi—oʻn ikkinchi xatboshilari tegishincha oltinchi—oʻn uchinchi xatboshilar deb hisoblansin;
oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“surishtiruv organlariga shaxslarni ushlash, majburiy keltirish, qidirish, tintuv oʻtkazish, olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarorlarni, sudning qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ajrimini ijro etishni, boshqa tergov harakatlarini bajarishni topshiradi, shuningdek prokuror yoki prokuratura tergovchisi yurituvidagi ishlar yuzasidan jinoyatlarni ochish va jinoyat sodir etgan shaxslarni aniqlash uchun zarur choralar koʻrish toʻgʻrisida koʻrsatmalar beradi”;
toʻqqizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“dastlabki tergov muddatlarini ushbu Kodeksda belgilangan hollarda va tartibda uzaytiradi”;
18) 558-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi masalani koʻrib chiqishda prokuror ish materiallari bilan shaxsan tanishib chiqishi, iltimosnomaning asosliligini tekshirishi, hodisaning favquloddaligiga ishonch hosil qilishi va ayblanuvchini ushbu ehtiyot chorasini qoʻllash bilan bogʻliq holatlar boʻyicha soʻroq qilishi shart”.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 28-iyuldagi OʻRQ-703-sonli Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2021-y., 03/21/703/0723-son)
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Prokuratura toʻgʻrisida”gi 746-XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 29-avgustda qabul qilingan 257-II-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 9-10, 168-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda) 28-moddasining birinchi qismiga quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“surishtiruv organlariga ushlash, majburiy keltirish, qidirish, tintuv oʻtkazish, olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarorlarni va sudning qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqidagi ajrimini ijro etishni, boshqa tergov harakatlarini, shu jumladan prokuror yoki prokuratura tergovchisi ish yurituvida boʻlgan ishlar yuzasidan tergov harakatlarini bajarishni topshiradi, jinoyatlarni ochish va jinoyat sodir etgan shaxslarni topish uchun zarur choralar koʻrish toʻgʻrisida koʻrsatmalar beradi”;
sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“dastlabki tergov muddatini uzaytiradi, ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlash muddatini uzaytirish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritadi”;
oʻn ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qonunda nazarda tutilgan hollarda, tergov harakatlari olib borilishiga sanksiya beradi, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritadi yoki iltimosnomaga rozilik beradi”.
4-modda. Ushbu Qonun 2008-yilning 1-yanvaridan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 11-iyul,
OʻRQ-100-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 6-son, 249-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2021-y., 03/21/703/0723-son)