O‘zbekiston Respublikasining qonuni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING MA’MURIY HUQUQBUZARLIK TO‘G‘RISIDAGI KODEKSIGA, JINOYAT KODEKSIGA VA JINOYAT-PROTSESSUAL KODEKSIGA O‘ZGARTIShLAR VA QO‘ShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 6-maydagi 73-I-sonli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qarorining 257-bandiga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasining quyidagi qonunlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilsin:
I. O‘zbekiston Respublikasining 1985-yil 13-dekabrdagi Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1985-yil, № 35, 411-modda):
1) 170-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Yonilg‘i-moylash materiallari bilan qo‘lda savdo qilish, —
sotilayotgan buyumlarni musodara qilib, eng kam oylik ish haqining uch barobaridan yetti barobarigacha miqdorda shtraf solishga sabab bo‘ladi”.
Belgilab qo‘yilsinki, 170-moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi protokollar davlat soliq organlarining, “O‘zneftgaznazorati” va ichki ishlar (militsiya) organlarining vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan tuziladi;
2) 174-moddaning jazo belgilovchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“fuqarolarga eng kam oylik ish haqining ikki barobaridan besh barobarigacha miqdorda, mansabdor shaxslarga esa — eng kam oylik ish haqining besh barobaridan o‘n barobarigacha miqdorda shtraf solishga sabab bo‘ladi”;
3) Kodeks quyidagi mazmundagi 174-2-modda bilan to‘ldirilsin:
“174-2-modda. Neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, berish va hisobga olish qoidalarini buzish
Neft mahsulotlari bazalarida, omborlarida va avtomobillarga yonilg‘i quyish stansiyalarida neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, berish va hisobga olishning belgilangan qoidalarini buzish, —
eng kam oylik ish haqining uch barobaridan yetti barobarigacha miqdorda shtraf solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday xatti-harakatlar ma’muriy jazo berilganidan keyin bir yil mobaynida takror sodir etilsa, —
eng kam oylik ish haqining yetti barobaridan o‘n barobarigacha miqdorda shtraf solishga sabab bo‘ladi”.
Belgilab qo‘yilsinki, 174-2-moddada nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi protokollar “O‘zdavneftmahsulot” tizimi va davlat soliq organlarining vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan tuziladi;
4) 232-modda “170” raqamidan keyin “174-2”- raqami bilan to‘ldirilsin.
II. O‘zbekiston Respublikasining 1959-yil 21-maydagi Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1959-yil, № 6, 2-modda):
1) 180-2-moddada:
birinchi qismning jazo belgilovchi qismidagi “yuz so‘mdan ikki yuz so‘mgacha” degan so‘zlar “eng kam oylik ish haqining o‘n barobaridan o‘n besh barobarigacha miqdorda” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
ikkinchi qismning jazo belgilovchi qismidagi “yuz so‘mdan uch yuz so‘mgacha” degan so‘zlar “eng kam oylik ish haqining o‘n besh barobaridan yigirma barobarigacha miqdorda” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
2) Kodeks quyidagi mazmundagi 180-3-modda bilan to‘ldirilsin:
“180-3-modda. Yonilg‘i-moylash materiallari bilan qo‘lda savdo qilish
Yonilg‘i-moylash materiallari bilan qo‘lda savdo qilish, basharti bu harakatlar shunday nojo‘ya harakati uchun ma’muriy jazoga tortilgan shaxs tomonidan jazo berilganidan keyin bir yil mobaynida takror sodir etilsa, —
sotilayotgan buyumlarni musodara qilib, bir yilgacha muddatga axloq tuzatish ishi bilan yoki eng kam oylik ish haqining o‘n barobaridan o‘n besh barobarigacha miqdorda shtraf solish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar shunday jinoyat qilganligi uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan sodir etilsa, —
sotilayotgan buyumlarni musodara qilib, ikki yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoki shu muddatga axloq tuzatish ishi bilan yoki eng kam oylik ish haqining o‘n besh barobaridan yigirma barobarigacha miqdorda shtraf solish bilan jazolanadi”.
III. O‘zbekiston Respublikasining 1959-yil 21-maydagi Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1959-yil, № 6, 3-modda) 108-moddasining birinchi qismi “180-2” raqamidan keyin “180-3” raqami bilan to‘ldirilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 6-may,
1085-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 5-son, 160-modda)