O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YO‘L HARAKATI XAVFSIZLIGINI TA’MINLASh BO‘YIChA QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi 370-sonli “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini muhofaza qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2008-yil 1-yanvardan boshlab transport vositasini boshqarish paytida ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan transport vositasi salonining old qismida o‘rnatilgan tele-, videomonitordan foydalanish, shuningdek transport vositasi salonining old qismiga o‘zboshimchalik bilan tele-, videomonitor o‘rnatish taqiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Ichki ishlar vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida o‘n kun muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
o‘n kun muddatda o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsin;
ushbu qaror talablarining transport vositalari haydovchilari hamda aholi e’tiboriga, ular o‘rtasida zarur tushuntirish ishlari olib borgan holda, belgilangan tartibda yetkazilishini ta’minlasin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 11-dekabrdagi 472-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 12-son, 75-modda) bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarining 3.6-bandiga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
a) to‘qqizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“transport vositasini boshqarish paytida telefondan, ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan transport vositasi salonining old qismida o‘rnatilgan tele-, videomonitordan foydalanish”;
b) quyidagi mazmundagi o‘ninchi xatboshi qo‘shilsin:
“transport vositasi salonining old qismiga, shu jumladan priborlar paneliga, quyosh soyavoniga va orqa tomonni ko‘rish ko‘zgusiga tele-, videomonitorlar o‘rnatish”.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.M. Xanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 16-oktabr,
216-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 41-42-son, 419-modda)