Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZBEKISTON MILLIY ENSIKLOPEDIYASI” DAVLAT ILMIY NASHRIYOTINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mustaqil Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy hayotda erishgan yutuqlarini, xalqimizning koʻp asrlik boy tarixi, fani, madaniyati, qadriyatlari, oʻzbek tilining keng imkoniyatlari, mamlakatimizning jahon madaniyati taraqqiyotida tutgan oʻrni va ahamiyatini atroflicha ilmiy aks ettirish, tarixiy voqea va hodisalarga, shaxslarga xolisona baho berish hamda uni keng ommaga yetkazish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasining Qomuslar Bosh tahririyati negizida “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti tashkil etilsin.
2. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”ni, shuningdek koʻp jildli oʻzbek tilining izohli lugʻati, soha ensiklopediyalari, koʻp tilli lugʻatlar hamda maʼlumotnomalarni tayyorlash va chop etish nashriyotning asosiy vazifasi etib belgilansin.
“Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Bosh tahrir hayʼati tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Fan va texnika davlat qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, boshqa tegishli vazirliklar va idoralar Davlat matbuot qoʻmitasi bilan birgalikda “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”ni nashrga tayyorlashga yetakchi olimlar va malakali mutaxassislarni jalb etsinlar.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari milliy ensiklopediyaga kiritiladigan oʻz hududlariga tegishli maqolalarni uyushtirishda va tayyorlashda nashriyotga yaqindan yordam bersinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasiga ensiklopedik nashrlarni oʻz vaqtida va sifatli nashr etish uchun Toshkent kitob-jurnal fabrikasini zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlash, nashriyotni tegishli qogʻoz va boshqa ashyolar bilan taʼminlash choralarini koʻrish topshirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi 10 kun muddatda Mehnat vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda ensiklopedik nashrlarning ijtimoiy-siyosiy ahamiyatidan, ularni yaratishning murakkabligidan va qoʻyiladigan yuqori talablardan kelib chiqib nashriyotning tuzilmasini 2 va 2a-ilovalarga muvofiq tasdiqlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasiga Mehnat vazirligi, Moliya vazirligi va Mualliflik huquqini himoya qilish davlat vakilligi bilan birgalikda ensiklopedik adabiyotlarga tegishli mualliflik gonorari stavkalarini shartnoma asosida erkin belgilash huquqi berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Davlat matbuot qoʻmitasi taqdim etgan hisob-kitoblarga binoan nashriyotning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, uni zamonaviy kompyuter texnikasi, matbaa resurslari va boshqa jihozlar bilan taʼminlash hamda xorijiy davlatlardan yangi matbaa texnikasi sotib olish uchun budjetdan zarur mablagʻlar ajratishni 3-ilovaga* muvofiq taʼminlasin;
* 3-ilova berilmaydi.
“Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyotiga 1 ta yengil avtomashinaga limit ajratsin.
9. “Oʻzavtosanoat” uyushmasiga bitta “DAMAS” (yuk mashinasi) va bitta “TIKO” avtomashinasini nashriyotga sotishga ruxsat berilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki nashriyotni tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisi sifatida roʻyxatga olsinlar hamda chet el valyutasida operatsiyalarni amalga oshirish uchun nashriyotning tegishli schyotlarini ochsinlar.
11. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va normativ hujjatlarini, shuningdek vazirlik va idoralarning statistika toʻplamlarini olishi shart boʻlgan muassasalar roʻyxatiga kiritilsin.
Nashriyot direktori mehnatga haq toʻlash, maishiy, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosariga tenglashtirilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi nashriyotni belgilangan tartibda Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti haqidagi zarur statistik maʼlumotlar bilan taʼminlasin va tegishli maqolalarni aprobatsiyadan oʻtkazsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni arxivlari nashriyot xodimlariga zarur hujjatlardan foydalanish imkoniyatini yaratsinlar.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi milliy ensiklopediya sahifalaridan oʻrin oladigan chet davlatlarga tegishli materiallarni uyushtirishda nashriyotga yaqindan yordam bersin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri Bosh boshqarmasi nashriyot buyurtmasiga muvofiq tegishli xaritalarni oʻz vaqtida tayyorlab berish choralarini koʻrsin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 20-mart,
154-son
“Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyotining
SHTATLAR JADVALI
| Direktor | 1 |
| Direktor oʻrinbosarlari | 2 |
| Masʼul kotib | 1 |
| Ilmiy-uslubiyot va soʻzlik boʻlimi | 6 |
| Soʻzlik va komplektlash ilmiy tahririyati | 5 |
| Geografiya va geologiya ilmiy tahririyati | 5 |
| Meʼmorchilik, sanʼat va musiqa ilmiy tahririyati | 5 |
| Til va adabiyot ilmiy tahririyati | 5 |
| Falsafa va huquq ilmiy tahririyati | 5 |
| Tarix ilmiy tahririyati | 5 |
| Ishlab chiqarish, kartografiya va bezak boʻlimi | 12 |
| Biologiya, tibbiyot va kimyo ilmiy tahririyati | 5 |
| Iqtisodiyot, sanoat va qishloq xoʻjaligi ilmiy tahririyati | 5 |
| Fizika, matematika va texnika ilmiy tahririyati | 5 |
| Kompleks maqolalar ilmiy tahririyati | 3 |
| Xorijiy tillar nashri ilmiy tahririyati | 4 |
| Maʼmuriyat | 7 |
| JAMI | 81 |
Keyingi tahrirga qarang.
“Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyotining
TUZILMASI
Keyingi tahrirga qarang.