Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“JAHON ADABIYOTI” JURNALINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston xalqi, ayniqsa, yoshlarning dunyoqarashini yanada boyitish, ularning umumbashariy qadriyatlar, insoniyatning maʼnaviy merosi durdonalaridan bahramand boʻlishlari, har tomonlama kamol topishlari uchun sharoit yaratish, keng jamoatchilikni ilgʻor jahon adabiyoti va sanʼatining nodir namunalari bilan muntazam tanishtirib borish va adiblarimizning xalqaro aloqalarini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi, respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazi va Yozuvchilar uyushmasining “Jahon adabiyoti” oylik jurnalini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. “Jahon adabiyoti” jurnali tahririyati zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
jahon adabiyotidagi istiqlol gʻoyalariga mos vatanparvarlik, insonparvarlik kabi yuksak gʻoyalarni ulugʻlovchi, turli millatlarning serqirra hayotini teran obrazlarda haqqoniy aks ettiruvchi badiiy barkamol asarlarni chop etish orqali xalqimizning, ayniqsa, yosh avlodning madaniy yuksalishi, milliy tafakkurining takomillashishi uchun maʼnaviy muhit hozirlash;
ilgʻor xorijiy davlatlar nashriyotlari, tahririyatlari, yirik adabiyot namoyondalari bilan ijodiy aloqalar oʻrnatish, jurnalxonni chet el adabiyotining yorqin namunalari bilan tanishtirib borish;
jahondagi adabiy-badiiy jarayonni xolis va haqqoniy tahlil qilish orqali oʻzbek adabiyotining yangi ijodiy tajribalar orttirishi uchun sharoit yaratish;
jurnal ishiga eng tajribali tarjimonlarni jalb qilish, mahoratli tanqidchilar va tarjimonlar maktabini yaratish;
oʻzbek va jahon adabiyoti, sanʼati namoyondalarining hamkorligini, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va madaniy aloqalarni yanada kengaytiruvchi tadbirlar oʻtkazishga bosh-qosh boʻlish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi va muassislar Mehnat vazirligi, respublika Mualliflik huquqini himoya qilish davlat agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
“Jahon adabiyoti” jurnalining nizomini ishlab chiqsin;
jurnalning hajmi, davriyligi, tahrir hayʼati, xodimlari shtat jadvali, ularning oylik maoshlari, jurnal qalam haqi miqdorini belgilasin;
jurnal nashri uchun kerakli qogʻoz va boshqa moddiy-texnika taʼminoti hamda obuna masalalarini hal etsin;
jurnal jamoasi faoliyati uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib bersin.
4. Jurnal tahririyati Toshkent shahri, Navoiy koʻchasi, 30-uyga joylashtirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
muassislar taqdim etgan hisob-kitob asosida 1997-yildan boshlab har yili ushbu jurnalga obunadan tushadigan mablagʻ bilan nashr etishga sarflanadigan xarajatlar tafovutini moliyaviy taʼminlash uchun davlat budjetidan tegishli mablagʻni ajratishni koʻzda tutsin;
tahririyatga bitta yengil avtomobil xarajatlariga limit ajratsin;
Pul-kredit siyosati boʻyicha respublika komissiyasi “Jahon adabiyoti” jurnaliga xorijiy davlatlar davriy nashrlariga obuna boʻlish, chet mamlakatlarda chop etilgan adabiyot va sanʼat asarlarini sotib olish, xorijlik mualliflarga qalam haqi toʻlash, qogʻoz va boshqa matbaa ashyolarini xarid qilish uchun zarur boʻlgan mablagʻlarni erkin almashtiriladigan valyutaga belgilangan tartibda ayirboshlashni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki jurnal tahririyatining milliy va chet el valyutasidagi hisob-kitob schyotlarini ochsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tasarruflaridagi muassasalar, oliy oʻquv va ilmiy-tekshirish institutlari imkoniyatlarini safarbar qilib, jurnalda chop etish uchun asarlar tanlash, ularni baholash hamda nashrga tayyorlashda, shuningdek chet mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarini bogʻlashda tahririyatga yordam bersinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi jurnal tahririyatini zamonaviy, shu jumladan, hukumat aloqa vositalari bilan taʼminlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 27-fevral,
112-son