OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
NODAVLAT TAʼLIM MUASSASALARI FAOLIYATINI LITSENZIYALASh TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-martdagi 241-sonli “Nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2018-yil 1-apreldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Nodavlat taʼlim muassasalari faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 4-noyabrdagi 519-sonli qarori bilan chiqarilgan)
2. Vazirlar Mahkamasining nodavlat taʼlim muassasalari faoliyatini litsenziyalash komissiyasi ikki hafta muddatda komissiya toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. Karimov
Toshkent sh.,
2004-yil 1-mart,
100-son
Nodavlat taʼlim muassasalari faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida
NIZOM
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom nodavlat taʼlim muassasalari faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Litsenziyalarni berish, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi qarorlar Vazirlar Mahkamasining nodavlat taʼlim muassasalari faoliyatini litsenziyalash komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) tomonidan qabul qilinadi.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Komissiya faoliyati uning tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq tashkil etiladi.
Davlat test markazining Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlarni va taʼlim muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda ishchi organ deb yuritiladi) komissiyaning ishchi organi funksiyasini bajaradi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Nodavlat taʼlim muassasalari faoliyatini amalga oshirish huquqiga namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi.
4. Litsenziya nodavlat taʼlim muassasalariga taʼlimning har bir turi uchun alohida beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Nodavlat taʼlim muassasalari faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya 5 yil muddatga beriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
II. Litsenziya talablari va shartlari
6. Nodavlat taʼlim muassasalari faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlariga quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim sohasidagi qonun hujjatlariga majburiy rioya qilish;
taʼlim dasturlarini umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim davlat taʼlim standartlariga muvofiq, shuningdek maktabgacha, maktabdan tashqari taʼlim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashga doir davlat talablariga muvofiq amalga oshirish;
taʼlimning majburiy ravishda dunyoviy xarakterda boʻlishi, taʼlim jarayonida urushni, zoʻravonlikni targʻib qilishdan foydalanishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinligi kamsitilishiga, mamlakatdagi xavfsizlikka va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka, jamiyatning huquqiy va maʼnaviy asoslariga, fuqarolar osoyishtaligiga, millatlararo va dinlararo totuvlikka rahna solinishiga, Oʻzbekiston toʻgʻrisida notoʻgʻri axborotlar tarqatilishiga hamda uning tarixiy, madaniy va maʼnaviy qadriyatlari buzib koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslik;
litsenziya talabgorida litsenziyalanayotgan faoliyatni bajarish uchun moʻljallangan, unga mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquq bilan tegishli boʻlgan, belgilangan talablarga muvofiq binolar (xonalar)ning mavjudligi;
nodavlat taʼlim muassasalarida fanlarni tegishli bazaviy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar tomonidan oʻqitish;
Oldingi tahrirga qarang.
(6-bandining yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-fevraldagi 25-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan —Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 6-7-son, 39-modda)
oʻquv va tarbiya jarayonini davlat taʼlim standartlariga (davlat talablariga), oʻquv rejalariga va taʼlim dasturlariga muvofiq tashkil etish;
auditoriyalarni, oʻquv xonalarini va kutubxonalarni zarur oʻquv va oʻquv-uslubiy adabiyotlar, oʻquv-laboratoriya asbob-anjomlari va oʻqitishning zamonaviy vositalari bilan jihozlash.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Litsenziya bitimida ushbu Nizomning 6-bandida qayd etilganlardan kelib chiqadigan aniq litsenziya talablari va shartlari nazarda tutilishi mumkin.
III. Litsenziya olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar
8. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza, unda quyidagilar koʻrsatiladi: yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bankdagi hisob raqami, faoliyatning litsenziyalanayotgan turi;
Oldingi tahrirga qarang.
yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
faoliyatning litsenziyalanayotgan turi amalga oshiriladigan binolarga (xonalarga) mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquqlarning mavjudligini, shuningdek mazkur binolar (xonalar)ning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar;
yongʻin va sanitariya-epidemiologiya nazorati organlarining mavjud binolar va xonalarning yongʻin xavfsizligi talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosalari;
oʻquv konsepsiyasi, oʻquv rejalari va dasturlari;
oʻquv jarayonini taʼminlash uchun zarur boʻlgan moddiy vositalarning (yoki ularning aniq manbai) mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar;
ariza koʻrib chiqilganligi uchun litsenziya talabgori tomonidan yigʻimning toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Hujjatlar litsenziya talabgori tomonidan ishchi organga bevosita yoxud ularning olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan pochta aloqa vositasi orqali yetkazib beriladi.
Hujjatlar ishchi organning masʼul shaxsi tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, roʻyxatning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda arizachiga yuboriladi (topshiriladi).
10. Ishonchsiz yoki notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilganligi uchun litsenziya talabgori qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
IV. Arizalarni koʻrib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
Oldingi tahrirga qarang.
11. Litsenziya talabgorining arizasi koʻrib chiqilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining toʻrt baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Litsenziatning litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim summasi ishchi organning hisob raqamiga oʻtkaziladi.
Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan taqdirda toʻlangan yigʻim summasi qaytarib berilmaydi.
12. Nodavlat taʼlim muassasalari faoliyatini litsenziyalash ushbu Nizomga ilova qilinayotgan sxemaga asosan amalga oshiriladi.
Litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya talabgorining arizasi olingan kundan boshlab oʻttiz kundan ortiq boʻlmagan muddatda qabul qilinadi.
Ishchi organ ariza olingan kundan boshlab oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda hujjatlarni koʻrib chiqadi, ular boʻyicha ekspert xulosasi tayyorlaydi va litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi taklifni tegishli qaror protokoli loyihasi bilan birga tasdiqlash uchun komissiyaga taklif taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Komissiya ishchi organning taklifi olingandan keyin oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda uni koʻrib chiqadi va qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi protokolni tasdiqlaydi. Komissiya qabul qilgan qaror protokolini komissiya raisi (uning oʻrinbosari) imzolaydi. Zarur hollarda komissiya qarori soʻrov yoʻli bilan qabul qilinishi mumkin.
13. Ishchi organ litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun mobaynida xabardor qiladi.
Litsenziya berish yuzasidan qaror qabul qilingani toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari, davlat bojini toʻlash muddatlari koʻrsatilgan holda yozma shaklda joʻnatiladi (taqdim etiladi).
Litsenziya berish toʻgʻrisida qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan bir vaqtda litsenziya talabgoriga imzolash uchun litsenziya bitimi yuboriladi.
Litsenziyalovchi organ va litsenziatning oʻzaro huquqlari hamda majburiyatlarini belgilovchi litsenziya bitimi ishchi organ va litsenziat oʻrtasida tuziladi va unda quyidagilar boʻlishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan aniq faoliyat turining nomi;
Keyingi tahrirga qarang.
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziatga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari;
Keyingi tahrirga qarang.
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishini ishchi organ tomonidan nazorat qilish tartibi.
Litsenziya bitimi ikki nusxada — litsenziat va ishchi organ uchun bir nusxadan tuziladi.
14. Litsenziyalar blankalari qatʼiy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻladi. Litsenziya blankalari namunalari ishchi organ tomonidan ishlab chiqiladi, komissiya tomonidan tasdiqlanadi va ishchi organ buyurtmasi boʻyicha bosmaxona usulida “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasida tayyorlanadi. Ishchi organ rahbari litsenziya blankalarining hisobga olinishi, saqlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishi uchun shaxsan javob beradi.
Litsenziyalar ishchi organ tomonidan rasmiylashtiriladi va komissiya raisi tomonidan imzolanadi.
15. Litsenziya litsenziya talabgori tomonidan davlat boji toʻlanganini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan va u litsenziya bitimini imzolagandan keyin uch kun muddatda beriladi.
16. Agar litsenziat litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida litsenziyalovchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa yoxud litsenziya bitimini imzolamasa, komissiya litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqlidir.
17. Litsenziya berish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha rad etilishi mumkin.
Litsenziya talabgori litsenziya berish rad etilishi toʻgʻrisidagi qaror, shuningdek ishchi organ mansabdor shaxsining xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadir.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Litsenziya berish rad etilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran koʻrib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi kerak.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
19. Litsenziya berish rad etilishiga asos boʻlgan sabablar litsenziya talabgori tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab oʻn kundan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
Bunda ishchi organ hujjatlar takroran taqdim etilgandan keyin toʻrt kun mobaynida ular boʻyicha ekspert xulosasi tayyorlaydi va litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisidagi taklifni tegishli qaror protokoli loyihasi bilan birga tasdiqlash uchun komissiyaga taklif taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Komissiya ishchi organ taklifi olingandan keyin olti kun muddatda uni koʻrib chiqadi va qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi protokolni tasdiqlaydi. Komissiya qabul qilgan qaror protokoli komissiya raisi (uning oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi.
Litsenziya talabgorlarining arizalari takroran koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Litsenziya berish rad etilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
V. Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish, dublikat berish
Oldingi tahrirga qarang.
20. Litsenziat qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir oy muddatda ishchi organga koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
21. Litsenziat litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar unda koʻrsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
22. Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda ishchi organ litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish ishchi organ tomonidan tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza olingan kundan boshlab besh kun mobaynida amalga oshiriladi.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi ishchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi.
23. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish litsenziatning arizasiga koʻra amalga oshiriladi.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza ishchi organga litsenziyaning amal qilish muddati tugagunga qadar ikki oydan kechikmay berilishi kerak.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish yoki uzaytirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya berish uchun nazarda tutilgan tartibda qabul qilinadi.
24. Amal qilish muddati oʻtmagan yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan litsenziya oʻrniga litsenziatning arizasiga koʻra uning dublikati berilishi mumkin.
Litsenziya dublikatlari berishda litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi ishchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi.
VI. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
25. Litsenziya shartlari va talablariga litsenziat tomonidan rioya etilishini nazorat qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
26. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilishni amalga oshirishda ishchi organ oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
litsenziya talablari va shartlariga litsenziat tomonidan rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejali tekshirish;
litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligidan dalolat beruvchi hollar mavjud boʻlgan taqdirda litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejadan tashqari tekshirish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida paydo boʻladigan masalalar boʻyicha zarur axborotni litsenziatdan soʻrash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida, litsenziya talablari va shartlarining litsenziat tomonidan aniq buzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
litsenziatga aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday buzilishlarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va toʻxtatish yoxud litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi takliflarni komissiyaga koʻrib chiqish uchun kiritish.
27. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirishda ishchi organning tekshiruvchi xodimlari tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ularning bittasi litsenziatga beriladi, ikkinchi nusxasi ishchi organda qoladi.
VII. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish, litsenziyani bekor qilish
28. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va toʻxtatish, litsenziyani bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22—24-moddalarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda komissiya qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
29. Komissiyaning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki toʻxtatish, uni bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Komissiya qarori sud tomonidan asossiz deb eʼtirof etilgan taqdirda komissiya litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
VIII. Litsenziyalar reyestri
30. Ishchi organ taʼlim turlari boʻyicha litsenziyalar reyestrini yuritadi.
Litsenziyalar reyestrida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
yuridik shaxsning nomi, uning tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, telefoni;
soliq toʻlovchining identifikatsiya tartib raqami;
litsenziyalarning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziyalarning amal qilish muddati;
litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish, amal qilishini toʻxtatib turish va tiklashning asoslari va sanasi;
litsenziyalarning amal qilishini toʻxtatish asosi va sanasi;
litsenziyalarni bekor qilish asosi va sanasi;
dublikat berish asosi va sanasi.
Oldingi tahrirga qarang.
31. Litsenziyalarning reyestrlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytiga joylashtiriladi va tanishib chiqish uchun ochiq boʻladi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
IX. Davlat bojini toʻlash tartibi
32. Nodavlat taʼlim muassasalariga faoliyatni amalga oshirish huquqiga litsenziya berganlik va uning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining oʻn baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
Davlat boji respublika budjeti daromadiga oʻtkaziladi.
Nodavlat taʼlim muassasalari faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida nizomga
ILOVA
ILOVA
Nodavlat taʼlim muassasalari faoliyatini litsenziyalash sxemasi
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 4-noyabrdagi 519-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 9-son, 107-modda; 2006-y., 6-7-son, 39-modda; 20-21-son, 181-modda; 2012-y., 6-son, 57-modda, 44-son, 507-modda; 2013-y., 25-son, 324-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2018-y., 09/18/139/0818-son)