Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hisob palatasi faoliyatini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-sentabrdagi PF-5831-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan 2020-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish, Davlat budjeti va budjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlaridan oqilona foydalanishni moliyaviy nazorat qilishning gʻoyat muhim vositasi sifatida uning faoliyati taʼsirchanligi va samaradorligini oshirish, mazkur sohada qabul qilingan qarorlarning ijro etilishida davlat va xoʻjalik tuzilmalarining masʼuliyatini kuchaytirish maqsadida:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Hisob palatasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda Hisob palatasining mansabdor shaxslar tomonidan qilingan qoidabuzarliklarini huquqiy baholash va davlatning iqtisodiy manfaatlariga yetkazilgan zarari summasini qoplash boʻyicha tekshiruv materiallarini prokuratura organlariga topshirish tartibi ishlab chiqilganligi va tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagi tartib belgilansin va unga muvofiq:
mamlakat soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining navbatdagi yil uchun Davlat budjeti loyihasi Hisob palatasining tegishli xulosasi bilan Vazirlar Mahkamasiga va Oliy Majlisga kiritiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat budjetining ijrosi boʻyicha har yilgi hisobot Hisob palatasi tomonidan tashqi audit va baholash oʻtkazilganidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki:
Hisob palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-iqtisodiy siyosat masalalari hamda tashkiliy-nazorat masalalari boʻyicha Davlat maslahatchilari bilan kelishilgan holda yarim yillik va yillik nazorat ishlari Dasturini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
Hisob palatasi huzuridagi Hayʼat nazorat tadbirlari davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi, shuningdek Hisob palatasi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi Hisob palatasiga Davlat budjeti va budjetdan tashqari jamgʻarmalarning daromad va xarajat moddalari maqsadli ijro etilishini birlamchi maʼlumotlarga koʻra nazorat qilish imkonini beruvchi axborot tizimlari va resurslariga kirishga sharoit yaratsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi aloqa va axborotlashtirish agentligi Hisob palatasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Hisob palatasida iqtisodiyot idoralarining axborot tizimlariga kirish imkonini beradigan maʼlumotlarni uzatish elektron tarmogʻini ishlab chiqish va joriy etishni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda mansabdor shaxslarning Hisob palatasi koʻrsatmalarini bajarmaganligi uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar kiritish haqida takliflar tayyorlasin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda Hisob palatasi aniqlagan davlatning iqtisodiy manfaatlariga yetkazilgan zarar summasini Davlat budjeti daromadi hisobiga yoʻllash mexanizmini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi oʻn kun muddatda oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni inobatga olgan holda Hisob palatasini kadrlar bilan mustahkamlash boʻyicha belgilangan tartibda takliflar kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ hujjatlarning mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari V.A. Golishev va R.S. Shamshiyev zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 7-sentabr,
PQ-460-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 37-38-son, 377-modda; 2011-y., 25-son, 256-modda; 2014-y., 29-son, 356-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.01.2018-y., 0618/5306/0593-son)