Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Rangli metall parchalari, chiqindilarini yigʻish, tayyorlash va qayta ishlash tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-yanvardagi PF-5300-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qayd etib oʻtilsinki, koʻrilayotgan choralarga qaramay, tarkibida rangli metallar boʻlgan mexanizm va agregatlarni talon-toroj qilish bilan bogʻliq huquqbuzarlik faktlari, rangli metall parchalari va chiqindilarini yashirincha tayyorlash, ularni mamlakat tashqarisiga kontrabanda yoʻli bilan olib chiqib ketish hollari uchrab turibdi.
“Oʻzikkilamchiranglimetall” OAJ va uning hududiy boʻlinmalari rangli metall parchalarini toʻliq yigʻib olish, temir-tersak topshiruvchilar bilan shartnomalarni oʻz vaqtida tuzish, ularni ragʻbatlantirishning taʼsirchan tizimini joriy etish boʻyicha zarur choralarni koʻrmayaptilar.
Rangli metall parchalari va chiqindilarining hosil boʻlishi hamda ulardan foydalanishni hisobga olish va hisobot berish, ular aylanishini nazorat qilishning tegishli tizimi mavjud emas.
Koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish, rangli metallarning noqonuniy aylanishiga chek qoʻyish, ularning faoliyat koʻrsatayotgan ishlab chiqarish qurilmalaridan oʻgʻirlanishining oldini olish, shuningdek rangli metall parchalari va chiqindilari hosil boʻlishi hamda ulardan foydalanish toʻliq hisobga olinishini taʼminlash, ularni kompleks va chuqur qayta ishlash korxonalarini rivojlantirish maqsadida:
1. “Oʻzikkilamchiranglimetall” OAJ va uning hududiy boʻlinmalari aksiyadorlari hamda qatnashchilarining:
“Oʻzikkilamchiranglimetall” OAJ va uning hududiy boʻlinmalarini 1-ilovaga* muvofiq qayta tashkil etish va ularning negizida “Toshkent rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlash zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyatini tashkil qilish;
“Oʻzikkilamchiranglimetall” OAJning rangli metall parchalari va chiqindilarini qabul qilish va tayyorlash punktlarini 2-ilovaga* muvofiq, belgilangan tartibda tugatish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
* 1-2-ilovar rus tilidagi matnda berilgan.
Belgilansinki, “Toshkent rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlash zavodi” OAJ Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi hamda “Oʻzikkilamchiranglimetall” OAJ va uning hududiy boʻlinmalarining huquq va majburiyatlari boʻyicha, shu jumladan jalb etilgan kreditlar boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
2. Quyidagilar “Toshkent rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlash zavodi” OAJning eng muhim vazifalari va funksiyalari deb hisoblansin:
rangli metall parchalari va chiqindilarini kompleks ravishda chuqur qayta ishlash, respublika isteʼmolchilarining ishlab chiqarish ehtiyojlari hamda eksportga yetkazib berishni kengaytirish uchun ulardan prokat, qotishmalar va tayyor mahsulot ishlab chiqarish borasida tizimli ishlarni tashkil qilish;
mavjud qayta ishlaydigan quvvatlarni modernizatsiyalash va texnik jihatdan qayta qurollantirish, rangli metallarni qayta ishlashning zamonaviy yuksak samarali uskuna va texnologiyalarini tatbiq etish;
rangli metall parchalari va chiqindilarini tayyorlash hamda ularni temir-tersak topshiruvchilardan qabul qilish, shu jumladan rangli metall parchalari va chiqindilari muntazam hosil boʻlib turadigan yuridik shaxslar bilan fyuchers shartnomalarini tuzish yoʻli bilan tayyorlash va qabul qilishning aniq-puxta tizimini tashkil qilish;
topshiriladigan rangli metall parchalari va chiqindilari uchun faqat yuridik shaxslar — temir-tersak topshiruvchilar tomonidan temir-tersak hamda chiqindilar topshirilishini ragʻbatlantiruvchi erkin (shartnomaviy) narxlar boʻyicha hisob-kitoblar tizimini joriy etish.
3. “Toshkent rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlash zavodi” OAJ boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 24 kishidan iborat boʻlgan boshqaruv apparati tuzilmasi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
“Toshkent rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlash zavodi” OAJ Bosh direktori Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan tayinlanishi belgilab qoʻyilsin.
“Toshkent rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlash zavodi” OAJga hududlarda rangli metall parchalari va chiqindilarini yigʻish, qabul qilish va birlamchi qayta ishlash boʻyicha zamonaviy uskunalar, yuk koʻtarish va transport vositalari bilan jihozlangan filiallarini yuridik shaxs tuzmasdan tashkil etish huquqi berilsin.
4. “Oʻzikkilamchiranglimetall” OAJ va uning hududiy boʻlinmalarini qayta tashkil qilish bilan bogʻliq masalalarni hal etish uchun 4-ilovaga* muvofiq tarkibda maxsus komissiya tuzilsin.
* 4-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Maxsus komissiya:
ikki hafta muddatda “Oʻzikkilamchiranglimetall” OAJ va uning hududiy boʻlinmalarini qayta tashkil etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda “Toshkent rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlash zavodi” OAJ Ustav jamgʻarmasini shakllantirishga, aksiyalar paketining 51 foiz miqdorini davlatda saqlab qolgan holda ulushlarni qatnashchilar oʻrtasida taqsimlashga, shuningdek Ustavni tayyorlash va roʻyxatdan oʻtkazishga koʻmaklashsin;
bir oy muddatda “Oʻzikkilamchiranglimetall” OAJ va uning hududiy boʻlinmalari balansida boʻlgan mol-mulkni xatlovdan oʻtkazsin va undan yanada samarali foydalanish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Mudofaa vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi, “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi hamda boshqa idora va tashkilotlarning rahbarlari rangli metallar, ularning parchalari va chiqindilari aylanishi borasida oʻrnatilgan tartibga rioya etilishini taʼminlash uchun shaxsan javobgar ekanliklari toʻgʻrisida ogohlantirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tuman hokimliklari bilan birgalikda tarkibida rangli metallar boʻlgan uskunalar, parcha va chiqindilarni yashirincha qabul qilish punktlari faoliyatiga hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisiga olib chiqib ketishga urinish holatlariga chek qoʻyish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar qabul qilsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda rangli metallar, ularning parchalari va chiqindilarini tayyorlash, sotib olish, foydalanish va sotish qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlikni kuchaytirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda rangli metallar, ularning parchalari va chiqindilarini tayyorlash, sotib olish, foydalanish va sotish qoidalari buzilishning oldini olish hamda unga qarshi kurashish boʻyicha olib borilayotgan ishlar televideniye orqali muntazam yoritib borilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi, Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda temir-tersak topshiruvchilar bilan rangli metall parchalari va chiqindilari topshirishni ragʻbatlantiruvchi erkin (shartnomaviy) narxlar boʻyicha hisob-kitoblar amalga oshirilishini nazarda tutgan holda, topshiriladigan rangli metall parchalari va chiqindilariga narx belgilash Tartibini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda rangli metall parchalari va chiqindilari hosil boʻlishi va ulardan foydalanish boʻyicha statistik hisobotlarning har chorak shaklini ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda uni 2006-yilning 1-oktabridan joriy etsin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Vazirlar Mahkamasining “Ikkilamchiranglimetall” ishlab chiqarish birlashmasini ochiq turdagi “Oʻzikkilamchiranglimetall” aksionerlik jamiyatiga aylantirish toʻgʻrisida” 1994-yil 24-martdagi 160-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.R. Shoismatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 18-iyul,
PQ-419-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 28-29-son, 268-modda; 2012-y., 40-son, 466-modda; 2013-y., 45-son, 584-modda; 2017-y., 2-son, 25-modda)