Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Oldingi tahrirga qarang.
UMUMIY FOYDALANIShDAGI HAVO, TEMIR YOʻL, IChKI SUV VA AVTOMOBIL TRANSPORTI YOʻLOVChILARINING MAJBURIY ShAXSIY SUGʻURTASI TOʻGʻRISIDA
(qonunning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y.,3-son, 38-modda)
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 9-iyundagi OʻRQ-388-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Qonun davlat sugʻurta organlari bilan havo, temir yoʻl, ichki suv va avtomobil transporti yoʻlovchilari oʻrtasidagi sugʻurta voqeasi boshlanishi bilanoq havo, temir yoʻl, ichki suv va avtomobil transporti yoʻlovchilarining majburiy sugʻurtasiga (bundan buyon “yoʻlovchilarni sugʻurtalashga”) doir munosabatlarni tartibga soladi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y.,3-son, 38-modda)
1-modda. Sugʻurta maqsadi
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Qonunning maqsadi yoʻlovchilarning sugʻurta himoyasini taʼminlash hamda majburiy sugʻurtasi shartlarini yaxshilashdan iboratdir.
(1-moddaning 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y.,3-son, 38-modda)
2. Yoʻlovchilarni majburiy sugʻurtalash toʻgʻrisidagi qonunlar ushbu Qonundan hamda unga muvofiq chiqariladigan Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlaridan iborat boʻladi.
2-modda. Sugʻurta shakli
Oldingi tahrirga qarang.
Safar (parvoz) vaqtida yoki tayyoragoh, shohbekat, bekat, bandargohda roʻy berishi mumkin boʻlgan baxtsiz hodisalardan majburiy sugʻurtasidan oʻtkazilishi kerak boʻlgan havo, temir yoʻl, ichki suv va avtomobil transporti yoʻlovchilari muqarrar tarzda sugʻurtalanadilar.
(2-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y.,3-son, 38-modda)
Quyidagilar:
shahar atrofiga qatnovchi temir yoʻl, ichki suv va avtomobil transporti yoʻlovchilari;
shahar ichida qatnovchi avtomobil transporti yoʻlovchilari;
Oldingi tahrirga qarang.
bir viloyat, Qoraqalpogʻiston Respublikasi doirasida qatnovchi avtomobil transporti yoʻlovchilari uchun 50 kilometr masofagacha majburiy sugʻurta qoʻllanilmaydi.
(2-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y.,3-son, 38-modda)
3-modda. Sugʻurtalash obyekti va subyekti
Sugʻurtalash obyekti yoʻlovchilarning salomatligi va hayotidir.
Sugʻurtalanuvchilar – umumiy foydalanishdagi tayyoralar, poyezdlar, avtobuslar, kemalar va paromlarda yoʻlovchilarni tashuvchi transport tashkilotlaridan chiptalarni sotib olgan jismoniy shaxslar (yoʻlovchilar).
Sugʻurtalovchi – davlat sugʻurta tashkiloti.
4-modda. Sugʻurta voqealari
Sugʻurta muddati davomida roʻy bergan hamda baxtsiz hodisa toʻgʻrisidagi hujjat, davolash-oldini olish muassasasining dalolatnomasi bilan tasdiqlangan shikastlanish, zaharlanish yoki halok boʻlish hollari sugʻurta voqeasi hisoblanadi.
5-modda. Sugʻurta toʻlovlari
Sugʻurta toʻlovi chipta qiymatiga qoʻshiladi hamda uni transport tashkiloti yoʻlovchidan undirib oladi.
Sugʻurta puli hamda sugʻurta tarifini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Umumiy foydalanishdagi havo, temir yoʻl, ichki suv va avtomobil transportida bepul yurish huquqidan foydalanuvchi yoʻlovchilar amaldagi qonunlarga muvofiq sugʻurta puli toʻlamagan holda majburiy sugʻurtadan oʻtkazilishi shart.
(5-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y.,3-son, 38-modda)
6-modda. Sugʻurta muddati va sugʻurta amal qiladigan joy
Yoʻlovchilar chipta sotib olib, dastlabki joʻnash joyi (tayyoragoh, shohbekat, bekat, bandargoh) hududiga borgan paytlaridan boshlab transport vositasi jadval boʻyicha joʻnashiga koʻpi bilan bir soat qolgunga qadar sugʻurtalangan hisoblanadilar.
Sugʻurta muddati yoʻlovchi borar manzilidagi tayyoragoh, shohbekat, bekat, bandargoh hududidan chiqqanidan keyingina tugaydi.
7-modda. Sugʻurta summalarini toʻlash
Sugʻurta qilingan yoʻlovchi transportda roʻy bergan baxtsiz hodisa tufayli shikastlangan yoki umumiy mehnat qobiliyatini yoʻqotgani taqdirda unga sugʻurta pulini turar-joydagi davlat sugʻurta muboshirligi toʻlaydi.
8-modda. Baxtsiz hodisa toʻgʻrisidagi hujjatni tuzish
Transport tashkiloti sugʻurta qilingan yoʻlovchi bilan transportda roʻy bergan har bir baxtsiz hodisa haqida hujjat tuzadi.
9-modda. Nizolarni qarab chiqish
Sugʻurta summalarini toʻlashga doir nizolar davlat sugʻurta idoralari tomonidan bir oy muddat ichida qarab chiqiladi. Agar sugʻurtalanuvchi shaxsning talabi qondirilmasa, u sudga murojaat etishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 7-may,
866-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi 1993-y., 6-son, 250-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi 1998-y., 3-son, 38-modda)