ONLINE TRANSLATE
Паспорт документа
2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish oʻrinlarini yaratish hamda kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 05.02.2026 yildagi PQ-49-son

Qarorga ko‘ra, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash instrumentlari joriy etiladi:

yuqori daromadli mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yish maqsadida usta dehqonlarga har 10 ta xonadonni ixtisoslashtirganligi uchun 2 mln so‘m hamda mahalladagi xonadonlarning 30 foizini ixtisoslashtirganligi uchun 75 mln so‘m miqdorida subsidiya;

tomorqa va ijara yer maydonlaridagi samarasiz eski bog‘larni rekonstruksiya qilish va yangilarini barpo etish uchun quyidagi subsidiyalar:

sertifikatga ega mevali daraxt ko‘chati narxining 50 foizi, biroq har bir ko‘chat uchun meva turiga qarab 30 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;

mevalarning turiga qarab har bir o‘rnatilgan tirgak (ustun) narxining 50 foizi, biroq 70 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;

har bir sotixga yomg‘ir suvini yig‘ish va (yoki) tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatish uchun 160 ming so‘mgacha miqdorda;

suv taʼminoti og‘ir bo‘lgan hududlarda tomorqa va ijara yer maydonlarini sug‘orish uchun tik quduqlarni burg‘ilash va quvvati 10 kVt soatdan kam bo‘lmagan quyosh panelini o‘rnatish uchun xarajatlarning 70 foizi, biroq 200 mln so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiyalar ajratiladi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida:

mahallalarda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan fuqarolarga (o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga) garov taʼminotisiz ajratiladigan kreditlar miqdori 50 mln so‘mgacha oshiriladi;

chorvachilikka ixtisoslashgan mahallalarda import qilingan va sertifikatlangan naslli chorva mollari xaridi va tuyachilik uchun kredit miqdori 100 mln so‘mgacha oshiriladi;

turizm salohiyati yuqori bo‘lgan mahallalarda uy mehmonxonalarini tashkil qilish hamda ixtisoslashuvi 50 foizdan yuqori mahallalarda mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash uchun minitexnologiyalar sotib olishga 150 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratiladi;

ajratiladigan kreditlar hisobiga tovar va xizmatlarni oldindan yetkazib berish talabi bekor qilinadi.

2026 yil 1 martdan tijorat banklari tomonidan amalga oshirilayotgan “mahalla loyihasi” dasturi doirasida mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish bo‘yicha ajratiladigan kreditlar foiz stavkasining bir qismiga quyidagi tartibda kompensatsiya taqdim etiladi:

mahsulot yetishtirishga qaratilgan loyihalar bo‘yicha kreditlar foiz stavkasining 4 foizlik punkti;

qo‘shimcha qiymat yaratadigan qayta ishlash loyihalari bo‘yicha kreditlar foiz stavkasining 6 foizlik punkti.