Ushbu Nizom yirik investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonida korrupsiyaga qarshi va raqobatni taʼminlovchi standartlarni majburiy tarzda joriy etish tartibini belgilaydi.
Nizom quyidagi yirik investitsiya loyihalariga nisbatan qo‘llanadi:
Davlat byudjeti yoki davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari;
davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari;
davlat kafolatlari, imtiyozlar yoki davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa shakllarini nazarda tutuvchi xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi investitsiya loyihalari.
Nizomga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari o‘z vakolati doirasidagi loyihalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekspertiza qiladi va baholaydi.
Ekspertizadan o‘tkazish loyihani tasdiqlash jarayonining ajralmas qismi hisoblanadi.
Ekspertiza va baholash xulosalari asosida loyiha tashabbuskori vakolatli organlar bilan hamkorlikda korrupsiya va raqobat muhitiga qarshi xavf-xatarlarni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi.