Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
yoshlar muammolari bilan individual va manzilli ishlash orqali yoshlar yetakchilari faoliyati samaradorligini oshirish;
yoshlarning kasbiy qiziqishlarini barvaqt aniqlash orqali mehnat bozoriga raqobatbardosh kadr sifatida kirib borishini ta'minlash.
Farmonga ko'ra, quyidagilar mahallalardagi yoshlar yetakchilarining asosiy vazifalari etib belgilandi, jumladan:
yoshlarning o'ziga bo'lgan ishonchini oshirish, jamiyat uchun foydali loyihalarni mahalla darajasida amalga oshirish;
yoshlarning iqtidorini ro'yobga chiqarishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish, “Besh tashabbus olimpiadasi”ni yoshlar o'rtasida keng targ'ib qilish;
mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarning tadbirkorlik ko'nikmalarini kuchaytirish orqali bandligiga ko'maklashish;
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga ko'rsatiladigan yordamning ijtimoiy hamkorlik tamoyiliga asoslanishini ta'minlash.
Ushbu asosiy vazifalarga bog'liq bo'lmagan boshqa vazifa va topshiriqlarni yoshlar yetakchilari zimmasiga yuklash taqiqlanadi.
Farmonga ko'ra, “Mahalla yettiligi” va ta'lim muassasalari o'rtasida yoshlar, jumladan, umumta'lim maktablarining bitiruvchi sinf o'quvchilarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha hamkorlik qilish tizimi joriy etiladi.
Maktablarning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosarlari har oy sinf rahbari va maktab psixologi bilan xulq-atvorida murakkabliklar kuzatilgan o'quvchilar o'rtasida xorijiy tillar, kasblarni o'rganish hamda mehnat faoliyatiga qiziqish bildirganlarini aniqlaydi.
Ushbu o'quvchilarning ro'yxati shakllantirilib, yoshlar yetakchisi va mahalla raisiga taqdim etiladi.
Yoshlar yetakchilari mahalla hududidagi murabbiylar, kasb egalari va tadbirkorlar bilan hamkorlikda o'quvchilar uchun ustozlik tizimini yo'lga qo'yadi.
Mahalla raislari yoshlarning fanlarni o'rganishi, axborot texnologiyalarini o'zlashtirishi, kitobxonlik, sport bilan shug'ullanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo'yicha tashabbuslar ishlab chiqadi.
Farmonga ko'ra, 2026-yil 1-fevralgacha “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalari negizida quyidagi imkoniyatlarga ega bo'lgan “Yoshlar yagona elektron platformasi” axborot tizimi yaratiladi, jumladan:
yoshlarning demografik va ijtimoiy holati, bandligi, ta'lim olishiga oid ma'lumotlar asosida “Yoshlar balansi”ni shakllantirish;
yoshlarning qiziqishlarini aniqlash bo'yicha sosiologik so'rovlar o'tkazish, uning natijalarini avtomatik tahlil qilish;
yoshlarga oid mavjud imtiyoz, preferensiya va imkoniyatlar to'g'risida ma'lumot berish.
2026 yil 1 fevraldan “Yoshlar daftari” jamg'armasidan ko'rsatiladigan ijtimoiy yordamlar bo'yicha arizalarni taqdim etish va natijasi bo'yicha qaror qabul qilish bilan bog'liq barcha ma'muriy tartib-taomillar YIDXP (my.gov.uz) hamda Yoshlar yagona elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.
2026-yildan har yili Yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishi to'g'risidagi milliy ma'ruzani e'lon qilish amaliyoti joriy etiladi.
Milliy ma'ruza har yili 30 iyun – Yoshlar kuni arafasida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan e'lon qilib boriladi.