ONLINE TRANSLATE
Паспорт документа
Taʼlim sifatini taʼminlash va taʼlim xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 05.05.2025 yildagi PF-76-son

Farmonning asosiy maqsadi taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari faoliyatini tashqi baholash mexanizmlarini belgilash hamda ko‘rsatilayotgan taʼlim xizmatlari sifatini oshirishdir.

Farmonga ko‘ra, Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi (Agentlik) tashkil etiladi. 

Agentlik mazkur sohada maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Agentlik o‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tashkilotlarini (taʼlim tashkilotlari) kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazadi. Bunda:

kompleks davlat akkreditatsiyasi har 5 yilda taʼlim tashkilotlarini tashqi baholash natijalari asosida o‘tkaziladi;

maxsus davlat akkreditatsiyasi kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilayotgan taʼlim dasturlari bo‘yicha o‘quv jarayoni boshlanishidan oldin o‘tkaziladi.

Shuningdek, Agentlik taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining zamonaviy mehnat bozori talablariga mosligini o‘rganish maqsadida Umummilliy ish beruvchilar so‘rovnomasini o‘tkazadi.

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan yangi tashkil etiladigan taʼlim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish 2 bosqichda amalga oshiriladi:

1-bosqichda faoliyatni boshlash uchun o‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tashkilotlari o‘rnatilgan tartibda litsenziyalanadi, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish taʼlim tashkilotlari xabardor qilish tartibida tashkil etiladi;

2-bosqichda taʼlim tashkilotlarining kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladigan taʼlim dasturlari maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi. Bunda:

maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tmagan taʼlim dasturlari bo‘yicha taʼlim oluvchilarni o‘qishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi;

maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tmasdan qabul jarayonini amalga oshirish litsenziya talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzish deb baholanadi va taʼlim tashkilotiga berilgan litsenziyaning bekor qilinishiga asos bo‘ladi.

Farmonga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yilidan taʼlimning sirtqi shakliga qabul tugatiladi hamda kunduzgi taʼlimdan boshqa muqobil taʼlim shakllari bo‘yicha qabul kvotalari oshirib boriladi.

Shuningdek, 2025/2026 o‘quv yilidan:

oliy taʼlim tashkilotlarining muqobil taʼlim shakllari bo‘yicha umumiy qabul kvotasini kunduzgi taʼlim shakli qabul natijasining 50 foizidan oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi;

magistratura bosqichida muqobil taʼlim shakllari asosida ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashga ruxsat beriladi;

oliy taʼlim tashkilotlarida muqobil taʼlimning kredit-modul tizimiga asoslangan maqbullashtirilgan kunduzgi taʼlim shakli (part-time education) bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi;

muqobil taʼlim shakllariga talabalarni belgilangan meʼyordan ortiqcha qabul qilish litsenziya talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzish deb baholanadi hamda litsenziyani bekor qilish uchun asos hisoblanadi.

Shuningdek, har bir taʼlim tashkiloti tarkibida ichki taʼlim sifati auditini amalga oshirishga masʼul ichki taʼlim sifati nazorati bo‘limlari tashkil etiladi.