Farmonga asosan:
1) Sanitar tozalash korxonalari tomonidan chiqindilarni yig‘ish, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlashga oid quyidagi takliflar maʼqullandi:
a) hududlarda maishiy chiqindi xizmatlari (chiqindilarni olib chiqib ketish, qayta yuklash stansiyalari, poligonlarni tasarruf etish hamda chiqindilarni ekosanoat zonalariga yetkazib berish xizmatlari) uchun to‘lov tariflari ushbu Farmonda keltirilgan sxemaga muvofiq qayta ko‘rib chiqish va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarining qarorlari bilan tasdiqlash amaliyotini joriy qilish;
b) 2024 yil 1 apreldan boshlab ko‘chmas mulk hamda avtotransport vositalari bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlashda qarzdorlik mavjudligi Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi, yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan majburiy to‘lovlarni to‘lash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimi (Yagona elektron tizim) orqali onlayn rejimda tekshirilib, qarzdorlik bartaraf etilganidan keyin notarial harakatni amalga oshirish;
v) isteʼmolchilar huquqlarini to‘liq taʼminlash, to‘lovlarni elektron tizimlar orqali shaxsiy hisobvaraqlarda to‘liq aks ettirishga qaratilgan:
2024 yil 1 apreldan boshlab barcha sanitar tozalash korxonalari tomonidan Yagona elektron tizimga ulangan holda fuqarolarga xizmat ko‘rsatish hamda ushbu talabni bajarmagan korxonalar bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilish va ular xizmat ko‘rsatadigan hududlarni davlat-xususiy sheriklik asosida boshqa korxonalarga biriktirish;
Yagona elektron tizimning uzluksiz faoliyatini taʼminlashga Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligini (Agentlik) masʼul etib belgilash;
chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlarni qabul qilish hamda abonentlar hisobini yuritishni faqatgina Agentlikning billing tizimi, elektron to‘lov tizimlari yoki tijorat banklarining to‘lov qabul qilish kassalari orqali amalga oshirish;
jismoniy shaxslarga qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlarini ommaviy shartnoma asosida ko‘rsatish va bunda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuman (shahar) hududlari biriktirilganidan keyin besh ish kuni ichida xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan ommaviy shartnoma havolasini qisqa xabar (SMS) orqali isteʼmolchilarga yuborish;
2) Aholiga qattiq maishiy chiqindilar bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish, shakllanayotgan qarzdorlik to‘g‘risida o‘z vaqtida va qulay tarzda xabardor qilishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan quyidagi takliflar maʼqullandi:
a) chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlarni SMS orqali xabardor qilib borish;
b) qarzdorlik vujudga kelganligi to‘g‘risida oldindan elektron to‘lov tizimlari orqali ogohlantirilgandan keyin to‘lovlar amalga oshirilmagan taqdirda abonentlar chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etmaganiga qadar ularning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyotini quyidagi bosqichlarga muvofiq joriy etish (elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanmagan hududlar bundan mustasno):
1-bosqichda — Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida 2024 yil 1 iyundan boshlab chiqindi xizmatlari bo‘yicha 6 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun;
2-bosqichda — respublikaning barcha hududlarida 2024 yil 1 noyabrdan boshlab chiqindi xizmatlari bo‘yicha 3 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun;
3-bosqichda — respublikaning barcha hududlarida 2025 yil 1 yanvardan boshlab chiqindi xizmatlari bo‘yicha 1 oylik qarzdorlik uchun;
3) Mazkur Farmon 4-bandining “b” kichik bandida belgilangan amaliyot tatbiq etilgan hududlarda billing tizimlari faoliyatini texnik taʼminlash, to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun kerakli sharoitlar yaratish maqsadida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun aholidan undirilgan to‘lovlarning 1 foizi avtomatik ravishda "Hududiy elektr tarmoqlari" AJga o‘tkazilishi;
sanitar tozalash korxonalari chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlarni hisoblashning haqqoniyligi va to‘g‘riligi uchun masʼul bo‘ladi hamda ushbu talab buzilgan hollarda jabrlanuvchining xarajatlari va maʼnaviy zararini qoplab berishi;
ushbu Farmon 4-bandining “b” kichik bandida belgilangan tizim 2025 yil 30 iyunga qadar bo‘lgan chiqindi xizmatlari uchun shakllangan qarzdorlikka tatbiq etilmasligi belgilab qo‘yildi;
4) Qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash faoliyatini yana-da rag‘batlantirish maqsadida:
2024 yil 1 iyundan boshlab maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi xomashyoni realizatsiya qilish faqat birja orqali amalga oshirilishi. Bundan tadbirkorlik subyektlarining aholi tomonidan mustaqil saralangan chiqindilarni sotib olish hollari mustasno ekanligi;
2025 yil 1 avgustga qadar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan qayta ishlanishi to‘g‘risidagi maʼlumot ko‘rsatilishi majburiy bo‘lgan tovarlarning ro‘yxati va ularning belgilari tasdiqlanishi belgilandi;
5) Qattiq maishiy chiqindilarni saralash tizimini bosqichma-bosqich tashkil etish uchun 2024 – 2026 yillarda Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlari hamda Toshkent tumanidagi ko‘p qavatli uylar joylashgan hududlarda quyidagilarni nazarda tutuvchi loyiha amalga oshiriladi:
a) chiqindilarni chiqindi yig‘ish maydonchalarida "qayta ishlanadigan", "qayta ishlanmaydigan" va "oziq-ovqat" toifalariga ajratgan holda yig‘ish tashkil etiladi;
b) 2024 yil 1 iyulga qadar mazkur hududlarga xizmat ko‘rsatuvchi sanitar tozalash korxonalari tomonidan chiqindilarni toifalarga ajratgan holda to‘plashi uchun quyidagi turdagi maxsus chiqindi paketlari (QR-kod – matritsali shtrix kodli) bilan fuqarolar bepul taʼminlanadi:
qayta ishlanadigan qattiq maishiy chiqindilar uchun – shaffof, rangsiz;
qayta ishlanmaydigan qattiq maishiy chiqindilar uchun – qora rang;
oziq-ovqat chiqindilari uchun – jigarrang;
v) qayta ishlanadigan qattiq maishiy chiqindilar chiqindi yig‘ish maydonchalarida sanitar tozalash korxonalari tomonidan sotib olinadi;
6) Yuridik shaxslarning maishiy chiqindilarini to‘plash va olib chiqishda qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, ularning faoliyati natijasida shakllanadigan chiqindilarning aholi yashayotgan hududlarga va atrof-muhitga taʼsirini kamaytirish bo‘yicha 2024 yil 1 iyuldan boshlab quyidagi tartib o‘rnatiladi, unga muvofiq:
a) qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar ommaviy oferta asosida amalga oshiriladi. Bunda oferta shartnomasi faqatgina faoliyati davomida alohida ko‘chmas mulkdan foydalanadigan yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mazkur ko‘chmas mulk joylashgan hududga biriktirilgan sanitar tozalash korxonasi o‘rtasida tuziladi;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ularning faoliyat turlari va xususiyatlaridan kelib chiqib, chiqindi to‘plash meʼyorlarini tasdiqlaydi hamda ommaviy ofertadagi to‘lov summalari ushbu meʼyorlarga asoslangan holda belgilanadi;
v) shartnomalar tuzilishi quyidagi holatlarda majburiy hisoblanmaydi:
yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat olib boradigan hududda sanitar tozalash korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmaganda;
yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorda qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish uchun mo‘ljallangan maxsus avtotransport vositasi mavjud bo‘lganda hamda u bilan chiqindi poligoni o‘rtasida qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish va utilizatsiya qilish bo‘yicha shartnomalar tuzilganda;
g) shartnomalarni ommaviy oferta uchun maxsus platformaga joylashtirib borish sanitar tozalash korxonalari zimmasiga yuklatiladi.
7) 2024 yil 1 iyundan boshlab belgilangan tartibda maxsus texnikaga ega bo‘lgan sanitar tozalash korxonalari tomonidan quyidagi chiqindilarni olib chiqib ketish kelishilgan narxlarda alohida to‘lov evaziga amalga oshirilishi:
sanoat chiqindilari;
suyuq maishiy chiqindilar;
yirik hajmli maishiy chiqindilar;
qurilish chiqindilari va tuproq;
tibbiyot chiqindilari;
zaharli-kimyoviy chiqindilar;
2025 yil 1 yanvardan boshlab qattiq maishiy, qurilish, suyuq maishiy, tibbiyot, sanoat, xavfli va zaharli chiqindilarni tashish litsenziyalanadigan faoliyat hisoblanishi;
2024 yil 1 noyabrdan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tizimi joriy etilishi belgilab qo‘yildi;
8) Aholiga qulay sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaratish, turistik jozibadorlikni oshirish va atrof-muhitga salbiy taʼsirni kamaytirish maqsadida 2024 yil 1 maydan boshlab tadbirkorlik subyektlariga jamoat joylari, ijtimoiy obyektlar va aholi punktlarining belgilangan joylarida sanitariya-gigiyena shoxobchalarini tashkil etish huquqi beriladi.