ONLINE TRANSLATE
Паспорт документа
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 14.06.2022 yildagi PF-154-son

Farmonga muvofiq:

1) 2022 yil 1 avgustdan boshlab:

Davlat byudjeti, shuningdek, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar, shu jumladan istiqbolli investitsiya va infratuzilma loyihalari bo‘yicha ularning asosiy texnik ko‘rsatkichlari va boshqa loyiha hujjatlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar ro‘yxatiga kiritilishi;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalarida (davlat organlari va tashkilotlari) ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etilishi belgilandi;

2) Quyidagilar belgilandi, unga ko‘ra:

a) Ochiqlik indeksi quyidagi indikatorlar asosida baholanadi:

davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni taʼminlashga masʼul bo‘lgan xodimlar faoliyatining samaradorligi;

davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish va elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish holati;

ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni qonunchilikda belgilangan axborot resurslarida eʼlon qilish va jamoatchilik oldida hisobdorlik tizimining yo‘lga qo‘yilishi;

byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlashga oid maʼlumotlarning rasmiy veb-saytda joylashtirilishi;

Ochiq maʼlumotlar portalida maʼlumotlar joylashtirilishi;

ommaviy kommunikatsiya texnologiyalarining joriy qilinishi;

korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda ochiqlik tamoyillaridan foydalanish holati;

jamoatchilik kengashi faoliyatining samaradorligi;

b) Ochiqlik indeksini baholash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Ochiqlik indeksi “0” balldan “100” ballgacha baholanib, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati samaradorligi “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi;

baholash har yili oldingi yilning 1 yanvaridan 31 dekabriga qadar bo‘lgan davrini o‘z ichiga qamrab oladi;

2022 yilda Ochiqlik indeksi 1 iyuldan boshlab joriy yilning ikkinchi yarmi qamrab olingan davr uchun baholanadi;

Ochiqlik indeksini hisoblash natijalari har yili 1 aprelga qadar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (Agentlik) tomonidan “eanticor.uz” elektron platformasi va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib boriladi.

3) Quyidagi tartib o‘rnatildi, unga muvofiq:

amalga oshirilgan ishlar va ko‘rilgan choralar ijrosi bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari hisobotlari har yarim yilda Oliy Majlis Senati majlislarida eshitiladi;

baholash natijalari eʼlon qilingach, bir oy muddatda faoliyati “qizil” toifada baholangan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining ochiqlik sohasida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari va ularni bartaraf etish bo‘yicha rejalashtirgan chora-tadbirlari yuzasidan Hukumat tizimidagi davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining axboroti Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida eshitiladi;

Hukumat tizimiga kirmaydigan tashkilotlar rahbarlarining axborotini Oliy Majlis Senati majlislarida eshitish hamda natijasiga ko‘ra tegishli choralarni belgilash tavsiya etiladi;

4) Agentlikning tavsiyasiga asosan byudjet mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan bir yilda bir marta faoliyati “yashil” toifada baholangan davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlashga masʼul bo‘lgan xodimlari bir oylik lavozim maoshining 50 foizi miqdorida rag‘batlantirilishi belgilandi;

5) Agentlik huzurida uning direktori rahbarligida masʼul davlat organlari va tashkilotlari vakillaridan iborat tarkibda Ochiqlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasi tashkil etildi va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilandi:

davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksini baholash natijalarini ko‘rib chiqish va Ochiqlik indeksi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish;

har yarim yilda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiqlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilgan ishlar, rejalashtirilgan loyihalar va chora-tadbirlar ijrosini muhokama qilib borish;

tahlillar va keng jamoatchilik fikrini o‘rganish asosida ochiq eʼlon qilinishi lozim bo‘lgan maʼlumotlar ko‘lamini kengaytirish, sifatini oshirish va dolzarbligini taʼminlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish chora-tadbirlarini belgilash;

davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlash borasidagi yangi loyihalarini ko‘rib chiqish va ularni amalga oshirish yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatish;

6) 2022 yil 1 iyuldan boshlab Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar ro‘yxatiga kiritilgan maʼlumotlarni rasmiy veb-saytga joylashtirishda (eʼlon qilishda) quyidagi tartib belgilandi:

ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar davlat organlari va tashkilotlari rasmiy veb-saytining bosh sahifasida alohida bo‘limga joylashtiriladi;

ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar rasmiy veb-saytning boshqa sahifasiga (veb-manzilga) joylashtirilgan taqdirda, ular eʼlon qilinmagan deb hisoblanadi va Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash bo‘yicha metodikaning baholash mezoni bajarilmagan deb topiladi.