Farmonga muvofiq:
1) Quyidagilar tasdiqlandi:
ko‘p kvartirali uy-joylar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarning qishloq joylarida qurilishi;
Moliya vazirligi tijorat banklariga pul mablag‘larini hamda tijorat banklari aholiga ipoteka kreditlarini 6 oylik imtiyozli davr (mijozning xohishiga ko‘ra) bilan 20 yil muddatga ajratilishi;
ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badal sotib olinadigan kvartira qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanishi;
sotib olinadigan kvartira joylashuvi, qiymati va maydonidan qatʼiy nazar ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar — qatʼiy belgilangan 32 million so‘m miqdorda, foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar kredit muddatining birinchi besh yili davomida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga to‘lanishi;
ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sotib olinayotgan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng ko‘p miqdoridan oshgan taqdirda ham to‘lanishi belgilandi;
2) 2021 yilda yangi tartib doirasida ipoteka kreditlari, ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishning maqsadli parametrlari va 2021 yil uchun uy-joylarning hisoblangan qiymati, bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka krediti va dastlabki badalning bir qismi uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan subsidiyalarning eng ko‘p miqdori tasdiqlandi;
3) 2022 yil 1 yanvarga qadar qurilishi yakunlanib, foydalanishga tayyor holda topshirilgan kvartiralarni sotib olish uchun ajratiladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar sotib olinayotgan kvartiraning maydoni va narxi kvartira maydonining eng ko‘p meʼyori va uy-joyning hisoblangan qiymatidan oshgan taqdirda ham to‘lanishi belgilandi;
4) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 1 maydagi PQ-4701-son qaroriga muvofiq Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida joriy etilgan jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun kreditlarni ajratish tartibi barcha hududlarda joriy etildi;
5) 2021 yil 1 iyundan boshlab ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy qilindi va fuqarolar tomonidan subsidiya olish uchun arizalar yil davomida topshirilishi mumkinligi belgilandi;
6) 2021 yil 1 iyundan boshlab Toshkent shahrida tajriba tariqasida boshpanasiz, og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan fuqarolarga ijara xarajatlarining bir qismini qoplash uchun mahalliy byudjet mablag‘laridan olti oy davomida oylik ijara to‘lovining 50 foizi miqdorida, biroq bazaviy hisoblash miqdorining ikki yarim baravaridan oshmagan holda oylik pul kompensatsiyasini to‘lash tartibi joriy qilindi.