ONLINE TRANSLATE
Паспорт документа
Aholi bandligi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni, 20.10.2020 yildagi O‘RQ-642-son

Qonun 19 bob va 123 ta moddadan iborat.

1. Qonunning maqsadi

Aholi bandligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solish.

2. Aholi bandligi sohasidagi vakolatli davlat organi

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi

3. Ishga joylashtirish bo‘yicha agentlar aholining ishga joylashishiga ko‘maklashishga doir ishlarni mahalliy mehnat organlari bilan tuzilgan shartnomalar asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda bajaruvchi jismoniy shaxslardir.

4. Autstaffing ish beruvchi tomonidan o‘z xodimlarini ularning roziligi bilan boshqa yuridik shaxslarga ushbu xodimlar tomonidan ish beruvchi va uning xodimi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomalarida, shuningdek jamoa kelishuvlarida belgilangan mehnat vazifalarini bajarish uchun vaqtinchalik yuborish yo‘li bilan ko‘rsatiladigan xizmatlar turidir.

5. 16 yoshdan to pensiya taʼminoti huquqini olish yoshigacha bo‘lgan, haq to‘lanadigan ishga yoki ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor bo‘lgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan o‘tishga yoki malakasini oshirishga tayyor bo‘lgan, ishga joylashishda ko‘mak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ushbu organlar tomonidan ish qidirayotgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olingan mehnatga layoqatli shaxslar (bundan taʼlim muassasalarida taʼlim olayotganlar mustasno) ishsizlar deb eʼtirof etiladi.

Belgilangan tartibda ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslar ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega.

6. Ishsizlik nafaqasi 12 oylik davr ichida ko‘pi bilan yigirma olti kalendar hafta davomida to‘lanadi. Ishsizlik nafaqalari quyidagi miqdorlarda to‘lanadi:

ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) so‘nggi o‘n ikki oylik davr ichida mahrum bo‘lgan shaxslarga – avvalgi ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizi miqdorida, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan oz bo‘lmagan va nafaqani hisoblash paytida O‘zbekiston Respublikasida tarkib topgan o‘rtacha ish haqidan ortiq bo‘lmagan miqdorda;

ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan hamda uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxslarga — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir baravari miqdorida;

ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxslarga — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining kamida yetmish besh foizi miqdorida.

7. Ish qidirayotgan shaxslarni hamda ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish quyidagi hollarda mahalliy mehnat organining yo‘llanmasiga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin:

kasbi (mutaxassisligi) mavjud bo‘lmaganda;

mavjud kasbiy ko‘nikmalariga mos maqbul ish yo‘qligi sababli kasbni (mutaxassislikni) o‘zgartirish zarur bo‘lganda;

kasbiy ko‘nikmalari mavjud bo‘lmaganligi yoki yetarli bo‘lmaganligi sababli, kasbiga (mutaxassisligiga) doir talablar o‘zgartirilganligi bois malaka oshirishi zarur bo‘lganda;

avvalgi kasbi (mutaxassisligi) bo‘yicha ish bajarish qobiliyati yo‘qotilganda.

8. Mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan chet ellik fuqaro ish beruvchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma mavjud bo‘lgan taqdirdagina O‘zbekiston Respublikasi hududida yollanib ishlashi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan beriladi.