OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
Qarori
Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda xalqimizga zarur sogʻlom va munosib turmush sharoiti yaratish, hamma foydalana oladigan va sifatli sogʻliqni saqlash tizimini shakllantirish borasida muhim ishlar amalga oshirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 10-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni va maqsadli dasturlar doirasida fuqarolar sogʻligʻini saqlashni tubdan yaxshilash, xotin-qizlar va bolalar salomatligini mustahkamlash, tibbiy yordam sifatini oshirish uchun tashkiliy va amaliy shart-sharoitlar yaratish, qishloq vrachlik punktlarini shakllantirish, kasalliklar tarqalishining oldini olish tadbirlari izchillik bilan amalga oshirib borilmoqda, bu oʻz navbatida aholi turmush tarzini sezilarli darajada sogʻlomlashtirish imkonini berdi.
Sogʻliqni saqlashni isloh qilish chora-tadbirlari tizimida tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlashni takomillashtirish va moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan tadbirlarga gʻoyat muhim ahamiyat berilmoqda. Keyingi yillarda shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati xodimlarining mansab maoshlari koʻpaytirildi, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida mehnatga haq toʻlashning progressiv shakllari joriy etildi.
Shu bilan birga, tibbiyot xodimlari mehnatini baholash va haq toʻlashning amaldagi tizimini yanada yaxshilash, ular olayotgan ish haqi va ragʻbatlantirish mexanizmi bajarilayotgan ishning murakkablik darajasiga va koʻrsatilayotgan tibbiy yordam sifatiga aniq va bevosita bogʻliq ekanini taʼminlash talab etiladi.
Mehnatga haq toʻlash tizimida har bir tibbiyot xodimining oʻz professional saviyasi va qobiliyatlarini doimiy oshirishga intilishiga undaydigan barqaror moddiy manfaatdorlikni yaratish zarur.
Qishloq shifokorining koʻp qirrali mehnatiga haq toʻlash darajasi qoʻyilayotgan talablardan jiddiy orqada qolmoqda, bu esa yosh istiqbolli mutaxassislarni mazkur ish sohasiga jalb etish va muqim oʻrnashib qolishiga imkon bermaydi. Kichik tibbiyot xodimlari va hamshiralarning ayniqsa ixtisoslashtirilgan statsionar davolash muassasalaridagi ish haqi miqdorlari ularga yuklangan ish darajasiga mos kelmaydi, natijada tibbiyot muassasalari ushbu xodimlar bilan toʻliq taʼminlanmagan.
Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlash tizimini yanada takomillashtirish va ularni moddiy ragʻbatlantirish, ularning mehnat haqi miqdorlari bajarilayotgan ishning murakkablik va oʻta masʼuliyatlik darajasiga, koʻrsatayotgan tibbiy yordam sifatiga bogʻliqligini kuchaytirish, shuningdek tibbiyot xodimlarining professional saviyasi va malakasini uzluksiz oshirish uchun ragʻbatlantirish omillarini yaratish maqsadida:
1. Quyidagilar tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirishning asosiy vazifalari etib belgilansin:
tibbiyot xodimlari mehnatiga davolash muassasalarining ixtisoslashuv sohasi va xodimlarning malaka toifasini hisobga olgan holda, koʻrsatilayotgan tibbiy yordam hajmi, murakkablik darajasi va sifatiga qarab tabaqalashtirilgan tarzda haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish;
tibbiyot xodimlarining qishloq joylarda muqim oʻrnashib qolishini nazarda tutgan holda, shuningdek ixtisoslashtirilgan davolash muassasalarida ishlaydigan kichik va oʻrta tibbiyot xodimlari mehnatiga munosib haq toʻlash uchun shart-sharoitlar yaratish;
shifokorlarning shaxsiy hissasiga, ishlarni ogʻir, oʻta ogʻir va sogʻliq uchun xavfli mehnat sharoitlarida bajarishiga, shuningdek zamonaviy tibbiyot uskunalaridan foydalangan holda ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklar tashxisi hamda ularni davolashning zamonaviy usullarini egallaganiga qarab shifokorlarni moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish;
oʻzining professional burchiga sodiq boʻlgan va malakali tibbiy yordam koʻrsatadigan xodimlar mehnatini xolis baholash va ragʻbatlantirish borasida tibbiyot muassasalari rahbarlarining huquqlarini yanada kengaytirish hamda masʼuliyatini oshirish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining:
2006-yil 1-yanvardan boshlab lavozimlar va malaka toifalari boʻyicha bazaviy tarif stavkalari, shuningdek ularga tuzatish koeffitsiyentlar oʻrnatilgan holda muassasalar guruhlari boʻyicha tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini amalda joriy etish;
neonatolog shifokorlar, neyro-, kardio- va mikroxirurglar, ishi yuqumli kasalliklarni qoʻzgʻatuvchi jonli mikroorganizm va viruslar bilan bogʻliq boʻlgan laboratoriyalar, sil kasalligi, anesteziologiya, reanimatsiya, intensiv terapiya, patologik anatomiya, rentgen va radiologiya boʻlimlari tibbiyot xodimlarining mansab maoshlariga ustama haq miqdorlarini maoshning 25—35 foizi doirasida oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki, 2006-yilning 1-yanvaridan boshlab har bir tibbiyot muassasasida (Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Davlat xavfsizlik xizmatining tibbiyot muassasalari bundan mustasno) Tibbiyot muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi negizida Tibbiyot muassasalarini moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi (bundan buyon matnda Jamgʻarma deb yuritiladi) tashkil etiladi. Quyidagilar har bir tibbiyot muassasasi uchun mazkur Jamgʻarmani shakllantirish manbalari etib belgilansin:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 31-oktabrdagi PF-5567-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2018-y., 06/20/5567/0802-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati, bolalar tibbiyot muassasalari, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi hamda ijtimoiy kasalliklarga (sil, buyrak yetishmovchiligi, onkologiya, ruhiy, narkologiya, endokrin, moxov (lepra), yuqumli, jinsiy yoʻl bilan yuqtiriladigan, OITS) ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarida — umumiy xarajatlarning 10 foizi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)
respublika va viloyat darajasidagi boshqa sogʻliqni saqlash muassasalarida — umumiy xarajatlarning 5 foizi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-maydagi PF-136-sonli Farmoniga asosan ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 06/22/136/0425-son)
faoliyat ixtisosligi boʻyicha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotishdan keladigan daromadlar;
hisobot choragining oxirgi ish kunida xarajatlar smetasi boʻyicha tejalgan mablagʻlar, kapital qoʻyilmalarni moliyalashtirish uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar bundan mustasno;
tibbiyot tashkilotining balansida boʻlib, ijaraga berilgan mol- mulklar uchun olingan mablagʻlarning bir qismi;
belgilangan tartibda budjet tashkilotlarining ixtiyorida qoldiriladigan mablagʻlar;
xayriya ishlaridan tushgan mablagʻlar.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari quyidagilarga:
vaqtincha ishga layoqatsizlik nafaqasini toʻlash va mavjud kreditorlik qarzlarini uzishga;
budjet tashkilotining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlariga;
budjet tashkiloti xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish chora-tadbirlariga sarflanadi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning budjet tashkilotlariga koʻrsatgan xayriya ishlaridan tushgan barcha mablagʻlar, agar xayr-ehson qiluvchilar tomonidan boshqa shartlar qoʻyilmagan boʻlsa, budjet tashkilotining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga sarflanadi.
Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etish uchun har bir tibbiyot muassasasida tegishli muassasa rahbari boshchiligida va kasaba uyushmasi tashkiloti vakillarining ishtirokida maxsus komissiyalar tuziladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Moliya vazirligi Tibbiyot muassasasini moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni, shuningdek tibbiyot muassasalari toʻrtta (I — IV) guruhining har biri uchun Jamgʻarma xarajatlari manbalarining ikkala yoʻnalishlari oʻrtasidagi foiz nisbatlarini qoʻshma qaror bilan tasdiqlasin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 2022-yil 30-dekabrdagi 30-son, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2022-yil 21-dekabrdagi 35-2022/qq-son va Moliya vazirligining 2022-yil 29-dekabrdagi 71-son qarori bilan tsadiqlangan Tibbiyot muassasalarini moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 3416, 2023-yil 16-yanvar).
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining tibbiyot xodimlari mehnat haqini takomillashtirishga oid chora-tadbirlarini amalga oshirish hisobidan ularning ish haqi kelgusi yilda barcha haq toʻlash manbalari hisobiga (har yilgi indeksatsiyalar bu hisobga kirmaydi) 1,3 baravar oshirilishi toʻgʻrisidagi bayonoti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2006-yilgi Davlat budjeti doirasida davlat muassasalari tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish bilan bogʻliq xarajatlar oʻz vaqtida va toʻliq moliyalashtirilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
oʻz majlisida davlat muassasalari tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini, shuningdek, tibbiyot muassasalarining barcha guruhlari (I — IV) boʻyicha ish staji uchun ustama haq toʻlashni nazarda tutgan holda, tibbiyot xodimlarining ayrim toifalariga ustama va qoʻshimcha haq belgilashga oid amaldagi normativ hujjatlar qayta tasdiqlanishini koʻzda tutuvchi, Davlat muassasalari tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish tartibi va shartlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 276-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq toʻlash tartibi va shartlari toʻgʻrisidagi nizom.
tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlarining amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring oʻrnatsin va uning natijalarini har chorakda oʻz majlislarida muhokama qilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 1-dekabr,
PQ–229-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 47-48-son, 354-modda; 2009-y., 52-son, 560-modda; 2014-y., 29-son, 356-modda, 50-son, 590-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son, 31.10.2018-y., 06/20/5567/0802-son; 18.05.2022-y., 06/22/136/0425-son; 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son)