Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qoraqalpogʻiston Respublikasida kunjut va mosh ekinlarini yetishtirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida
Qoraqalpogʻiston Respublikasida yuqori daromadli va eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish faoliyati bilan shugʻullanuvchi xususiy sektor vakillariga koʻmaklashish, sohaning eksport salohiyatini yanada yuksaltirish hamda aholi bandligi va daromadlarini oshirish mexanizmini taʼminlaydigan tashkiliy tizimni yoʻlga qoʻyish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, 2025-yildan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasida:
a) har bir tumanda kamida 50 gektar maydonda “bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida kunjut va mosh ekinlarini yetishtirish boʻyicha namunaviy loyihalar (keyingi oʻrinlarda — namunaviy loyihalar) amalga oshiriladi;
b) namunaviy loyihalar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpogʻiston Respublikasida tadbirkorlikni yanada qoʻllab-quvvatlash hamda aholi farovonligini taʼminlash uchun yangi imkoniyatlarni yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 27-yanvardagi PF-10-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 15-dekabrdagi PQ-52-son qarorining 1-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan imtiyozli kreditlar sugʻurta taʼminoti bilan garovsiz ajratiladi;
v) kunjut va mosh ekinlarini yetishtirish uchun:
Oldingi tahrirga qarang.
“Agroplatforma” axborot tizimi “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasi (keyingi oʻrinlarda — Agroportal) orqali imtiyozli kreditlarni ajratishda tuproqning bir bonitet balliga nisbatan normativ hosildorlik gektariga 0,27 sentnerni tashkil qiladi;
(1-band “v” kichik bandining ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 13-iyuldagi 381-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2026-y., 09/26/381/0734-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan eʼlon qilinadigan kunjut va mosh ekinining tavsiyaviy sotish narxlari imtiyozli kreditlarni ajratishda hosil qiymati sifatida qabul qilinadi.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda:
namunaviy loyihalarni amalga oshiradigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar hamda ekin maydonlarining konturlari roʻyxatini tasdiqlasin;
Oldingi tahrirga qarang.
Agroportalda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarning takliflari qabul qilinishini hamda kunjut va mosh ekinlarining elektron joylashtirilishini taʼminlasin;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 13-iyuldagi 381-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2026-y., 09/26/381/0734-son)
imtiyozli kreditlar hisobidan kunjut va mosh ekinlarini yetishtirish istagini bildirgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarning ariza va kredit buyurtmanomalarini elektron shaklda xizmat koʻrsatuvchi tijorat banklariga taqdim etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi:
Oldingi tahrirga qarang.
Agroportal orqali tijorat banklaridan kredit resurslarini ajratish boʻyicha elektron buyurtmalar qabul qilinishini hamda ushbu buyurtmalarga asosan tijorat banklariga kredit resurslari joylashtirilishini;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 13-iyuldagi 381-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2026-y., 09/26/381/0734-son)
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar taqdim etgan elektron buyurtmalarga asosan tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar ajratib borilishini taʼminlasin;
kredit qarzdorliklarini muddatidan oʻtib bartaraf etgan va salbiy kredit tarixiga ega boʻlgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga, istisno tariqasida, imtiyozli kreditlar ajratish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikda kunjut va mosh ekinlari seleksiyasini yoʻlga qoʻygan holda mahalliy tuproq-iqlim sharoitlariga mos, hosildor yangi navlarni yaratish boʻyicha ilmiy izlanishlarni jadallashtirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda namunaviy loyihalar doirasida kunjut va mosh ekinlarining joylashtirilishini, belgilangan agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida bajarilishini hamda zarur moddiy-texnika resurslarining yetkazib berilishini tashkil etsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining eksport imkoniyatlarini kengaytirish, realizatsiyasini soddalashtirish hamda tashish va sotish jarayonlarini optimallashtirish choralarini koʻrsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Oʻ. Ermanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 27-may,
331-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.05.2025-y., 09/25/331/0474-son; 15.07.2026-y., 09/26/381/0734-son)