O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida
Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘lamini kengaytirish, fuqarolarning daromadlarini izchil oshirib borish siyosatini davom ettirish hamda ularning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish maqsadida:
1. 2023-yil 1-dekabrdan boshlab:
budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdori 7 foizga;
bazaviy hisoblash miqdori 3 foizga oshirilsin.
2. 2023-yil 1-dekabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida:
mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — oyiga 1 050 000 so‘m;
bazaviy hisoblash miqdori — oyiga 340 000 so‘m;
pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 372 000 so‘m;
yoshga doir eng kam pensiya miqdori — oyiga 725 000 so‘m;
nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — oyiga 800 000 so‘m;
mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 800 000 so‘m;
1941 — 1945-yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda — oyiga 3 527 000 so‘m;
belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (725 000 so‘mdan) 800 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori — oyiga 800 000 so‘m;
Oldingi tahrirga qarang.
zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 648 000 so‘m;
(2-bandning o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-69-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.05.2024-y., 06/24/69/0315-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — oyiga 648 000 so‘m;
(2-bandning o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-69-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.05.2024-y., 06/24/69/0315-son)
Oldingi tahrirga qarang.
o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 648 000 so‘m;
(2-bandning o‘n ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-69-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.05.2024-y., 06/24/69/0315-son)
Oldingi tahrirga qarang.
boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 648 000 so‘m etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun — 212 000 so‘mdan qo‘shilsin;
(2-bandning o‘n uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-69-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.05.2024-y., 06/24/69/0315-son)
Oldingi tahrirga qarang.
boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 648 000 so‘m etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lansin.
(2-bandning o‘n to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-69-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.05.2024-y., 06/24/69/0315-son)
3. Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqlari, pensiyalar va nafaqalar miqdori oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplansin.
4. Ish beruvchilarga ish haqi miqdorini qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan holda to‘lashni ta’minlab, ish haqi miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga muvofiq oshirish tavsiya etilsin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur Farmonning ijrosini ta’minlash hamda ta’lim va tibbiyot muassasalarida qo‘shimcha quvvatlarning yaratilishi, o‘quvchilar soni hamda birlamchi tibbiyot muassasalari sonining ortishi natijasida qo‘shimcha shtat birliklari kiritilishi hisobiga ish haqi xarajatlari uchun talab etiladigan qo‘shimcha mablag‘larning Davlat budjetidan ajratilishini ta’minlasin.
6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu Farmonning maqsadi, vazifalari va undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini ta’minlash uchun mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 17-noyabr,
PF-196-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.11.2023-y., 06/23/196/0863-son; 01.02.2024-y., 06/24/24/0077-son; 02.05.2024-y., 06/24/69/0315-son)